15:13 / 13.11.2021
23660

Daraxt ekish 40 kunligi: O‘qituvchilar ko‘chat olib kelishga majburlanmoqda

Toshkent shahridagi qator ta'lim tashkilotlarida xodimlarga o‘z yonidan xarajat qilib 2 tupdan ko‘chat sotib olish majburiyati yuklanyapti.

Foto: Kun.uz

2 noyabrdagi selektorda berilgan topshiriqqa asosan, O‘zbekiston bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlandi. 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e'lon qilingan.

Ayni kunlarda daraxt ekish aksiyasiga respublika bo‘yicha deyarli barcha budjet tashkilotlari va idoralar jalb qilingan.

Kun.uz'ga ota-onalardan farzandlari o‘qiydigan maktablarda daraxt ko‘chati olib kelinishi so‘ralayotgani, dars vaqtida o‘quvchilar o‘zaro pul yig‘ib, ko‘chat sotib olish uchun ularning ruxsatisiz bozorlarga borishayotgani haqida murojaatlar kelib tushdi.

Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkentdagi ko‘chat bozorlaridan birida bo‘ldi. “Qo‘yliq” bozoridagi ko‘chat sotuvchilarning oldi xaridorlar bilan gavjum.

Savdo qilayotgan ikki xaridor maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashini aytdi.

“Ko‘chatlar qimmatlashib ketibdi. Yo‘l bo‘yida sotayotganlardan so‘rasak, bitta ko‘chatni 40-50 ming deyishyapti. Eng kichkinalarini 15 mingdan berisharkan, lekin ularning tutib ketishi qiyin.

Har bir o‘qituvchiga 2 tupdan ko‘chat olib borish topshirig‘i berilgan. O‘z yonimizdan sotib olyapmiz. Eng arzon ko‘chatlar faqat shu yerda ekan”, dedi xaridorlardan biri.

Bozordagi ko‘chat sotuvchilardan ikki nafari eng ko‘p xaridorlar maktab, bog‘cha kabi ta'lim muassasalaridan kelayotganini aytdi.

“Xaridorlar orasida maktab, bog‘cha, kollejlardan kelayotganlar ko‘p. Ularning orasida o‘quvchilar ham bor. Bizda boshqa joyga nisbatan arzonroq bo‘lgani uchun ko‘pchilik shu yerga kelyapti”, deydi sotuvchilardan biri.

Xalq ta'limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova Kun.uz bilan suhbatda majburiy daraxt ekish bo‘yicha vazirlikdan ko‘rsatma berilmaganini bildirdi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tashabbus vazirlik jamoasi va tadbirkorlar tomonidan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tizimdagi barchani bu aksiyada faol ishtirok etishga chaqirganmiz, lekin biror hududda yoki maktablarda majburiy tarzda daraxt ko‘chatlari olib kelish topshirig‘i berilmagan.

Albatta, kim istasa, olib kelishi mumkin. O‘qituvchi va o‘quvchilarning majburiy tarzda bunga jalb qilish, ayniqsa ko‘chat sotib olib ekish jarayonini rasmga olib tashlash haqida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan hech qanday ko‘rsatma berilmagan”, – dedi XTV rasmiysi.

Prezident 2 noyabrdagi yig‘ilishda yiliga 200 mln tup ko‘chat ekish topshirig‘ini berarkan, bu loyihani puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash kerakligini aytgandi. Amalda esa topshiriq berilishi bilanoq daraxt ekish boshlanib ketdi, puxta tayyorgarlik masalasi so‘roq ostida qoldi.

Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, hududlarning iqlimiga mos ko‘chatlar O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan yetkazib berilishi kerak. Buning uchun qo‘mita huzurida “Yashil hudud” unitar korxonasi va har bir viloyatda uning filiallari tashkil etilishi belgilangan.

Davlat rahbari daraxt ekish jarayonlarida Ekologiya qo‘mitasining o‘rnini alohida qayd etgandi. Biroq Kun.uz Ekologiya qo‘mitasi vakillari bilan suhbatida (yaqin soatlarda e'lon qilinadi) loyihani tizimli ravishda amalga oshirish bo‘yicha biror aniq ma'lumot berilmadi.

Kun.uz muxbiri 12 noyabr kuni AOKAdagi matbuot anjumanida ham Ekoqo‘m rasmiylaridan ko‘chatlarga ajratiladigan mablag‘ va manbalar haqida so‘radi, biroq konkret javobni ololmadi. Bu esa umummilliy harakatni amalga oshirish bo‘yicha aniq tizim hali yo‘qligini ko‘rsatadi. O‘qituvchilarga ko‘chat olib kelish yuklanayotgani ham, katta ehtimolki, ana shuning oqibatidir.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top