14:43 / 15.11.2021
21443

Yangi sog‘liqni saqlash vaziri tunda Toshkent shifoxonalaridagi vaziyatni o‘rgandi

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligidagi ishchi guruh tunda poytaxt shifoxonalaridagi vaziyatni o‘rgandi. Shuningdek, shoshilinch yig‘ilish o‘tkazilib, shifo maskanlarida 600dan ziyod qo‘shimcha koykalar tashkil etildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda yosh bolalar orasida o‘tkir respirator kasalliklarning davriy ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Ushbu xastaliklarning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar sezilarli ortgan.

«Shu sababli sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligida ishchi guruh tuzilib, 13 noyabr tunda poytaxt shifoxonalaridagi vaziyat o‘rganildi. Shundan so‘ng 14 noyabr tonggi soat 04:30da Toshkent shahrida bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida vazir boshchiligida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazildi», — deyiladi xabarda.

Natijada o‘sha kunning o‘zida o‘rganish xulosalari tahlil qilinib, poytaxtdagi shifo maskanlarida 600dan ziyod qo‘shimcha o‘rin-joylar tashkil etilgan hamda ona va bolalarga davolanishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj ayrim yo‘nalishdagi bolalarning «Tez yordam» mashinalari orqali ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga yetkazilishi ta'minlangan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vaziri yarim tunda majlis o‘tkazishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarnoma yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev qo‘shimcha izoh berdi.

«Albatta, chetdan qaraganda bu holat soha vakillariga nisbatan qattiqqo‘llikdek tuyulishi mumkin. Lekin vaziyatdan boxabar bo‘lganlar, shu kunda farzandlarining tobi qochganlar bunday keskin choralar sababini to‘g‘ri tushunishadi.

Ma'lumki, kuz va qish oylarida bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalar keng tarqaladi. Shu yil oktabr oyidan boshlab mamlakatimizda yosh bolalar orasida bunday kasalliklarning davriy ko‘tarilishi kuzatildi. Bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Natijada poytaxtdagi shahar bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar sezilarli darajada ortgan.

Masalan, o‘rganilgan tibbiyot muassasalaridan ikkitasida — Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasida 142 nafar, Toshkent shahar 3-son bolalar klinik shifoxonasida esa 37 nafar bemor va ularning onalari o‘rin-joylar yetishmayotgani tufayli koridorlarda yotib, davolanayotgani, bundan birinchi navbatda jajji bolajonlarimiz aziyat chekayotgani aniqlandi. Bu kabi holatlar zudlik bilan shifoxonalarga tushayotgan yuklamalarni kamaytirish, bemor bolalarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tezkor  choralar ko‘rishni taqozo etdi.

Ayni sababdan Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligida ishchi guruh tuzilib, 13 noyabr tunda poytaxtdagi qator shifoxonalardagi vaziyat o‘rganildi. Shundan so‘ng 14 noyabr tonggi soat 04:30da Toshkent shahrida bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazildi.

Bolalarimiz salomatligi uchun ayrim mas'ullarni ozgina uyqusidan bezovta qilib, o‘tkazilgan majlisdan qandaydir kir qidirish shart emas, nazarimda. Chunki kasallik «bugun dam olish yoki bayram kuni ekan, kelasi haftagacha kutib turay» demaydi. Ayniqsa, bolalar salomatligi masalasi turganda sustkashlikka aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», deydi Furqat Sanayev.

Mavzuga oid
Top