21:15 / 18.11.2021
47267

FarDU o‘qituvchisi totalizatorda katta pul yutqazib, o‘zini osgani ma'lum qilindi

Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi o‘z joniga qasd qilgan holda topildi. Bosh prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, u katta miqdordagi mablag‘ni totalizatorda yutqazib qo‘ygan. FarDUdagi manba esa u yaqinda o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pul olayotganida qo‘lga tushganini bildirdi.

Foto: iStock/FarDU

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz so‘roviga ko‘ra taqdim etgan ma'lumotda aytilishicha, FarDU o‘qituvchisi totalizatorda katta miqdorda pul yutqazgach o‘z joniga qasd qilgan.

«2021 yil 17 noyabr kuni soat 16:00larda FarDU o‘qituvchisi, Shahrixon tumani «Bo‘ston» MFYda yashovchi B.R mazkur hududda joylashgan qabriston navesiga bo‘yin sohasidan o‘zini osib, joniga qasd qilgan va voqea joyida vafot etgan.

B.Rning jasadini sud-tibbiy ekspertiza mutaxassisi ishtirokida ko‘zdan kechirish davomida tan jarohatlari aniqlanmadi. Uning o‘limi sabablarini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib bormoqda», deyiladi ma'lumotda.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida B.R internet orqali tavakkalchilikka asoslangan totalizator o‘yinlari o‘ynab kelgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, u 2021 yil 16 noyabr kuni Farg‘ona shahrida yashovchi «Hurshidbek» ismli shaxsdan mazkur totalizator o‘yinlarini o‘ynash uchun 57 million so‘m miqdoridagi pullarni qarzga olgan va pullarni yutqazib qo‘ygan. So‘ng pullarni 18 noyabr kuni qaytarib berishni va'da qilib, uyidan olib kelib berishini aytgan.

18 noyabr kuni oila a'zolariga uni qabristondan topishlari to‘g‘risida sms-xabarnoma yuborgan va shu kuni soat 17:30larda oila a'zolari tomonidan o‘zi yashayotgan mahalla qabristonidan o‘zini osgan holatda topilgan.

Kun.uz hodisa yuzasidan izoh olish uchun B.R ishlagan FarDUdagi manba bilan bog‘landi. Manba hodisa yuzasidan bildirgan munosabatda u bilan boshqa hodisa sodir bo‘lgani ma'lum qildi.

«Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda B.Rning bevaqt vafoti bo‘yicha turli talqindagi asossiz xabarlar tarqatilmoqda. Shu bois, holat bo‘yicha aniqlik kiritgan holda ma'lum qilamizki, xodim B.R So‘x tumani fuqarosidan kontrakt-shartnoma asosida o‘qishga kiritib qo‘yib sharti bilan pul olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari tomonidan tashkillangan tadbirda jinoyat asoslantirilgan.

2021 yilning 17 noyabr kuni B.R o‘zi tug‘ilib o‘sgan Andijon viloyati, Shahrixon tumanida o‘z joniga qasd qilish (suitsid) holatini amalga oshirgan. Hozirgi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda», deyiladi manba bergan ma'lumotda.

Top