09:26 / 20.11.2021
28027

UzAuto Motors Captiva 5 avtomobillarini sotishni to‘xtatgani haqida rasman e'lon qildi

UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Captiva 5 avtomobillarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya xabarida aytilgan.

Foto: Kun.uz

“Yuzaga kelgan holat kompaniya tarixida birinchi bor yuz berishi, lekin biz bugungi kunda jahon avtomobil sanoati og‘ir kunlarni boshdan kechirayotganligi va bizning kompaniyamiz ham bundan mustasno emasligini bir necha bor xabar qilganmiz.

Shu munosabat bilan, UzAuto Motors AJ rahbariyati va jamoasi o‘z mijozlarimizdan keltirilgan noqulayliklar uchun cheksiz uzr so‘raydi hamda ayni paytdagi vaziyatda mijozlari uchun qayg‘urib, qabul qilingan qarori yagona to‘g‘ri qaror ekanligiga ishonadi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mijozlar murojaatidan keyin 3 kun ichida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘langan barcha mablag‘lar to‘liq qaytariladi. Shuningdek, kompaniya qo‘shimcha ravishda oldindan to‘lov summasining 5 foizini kompensatsiya sifatida taqdim etadi.

Bundan tashqari, yangi krossover sotib olish ehtiyojida bo‘lgan xaridorlar o‘z xohishiga ko‘ra, Captiva 5 avtomobili o‘rniga Equinox yoki Tracker modellarini xarid qilishi mumkinligi aytilgan. Almashtirilgan avtomobillarni yetkazib berish muddati Captiva 5 uchun tuzilgan shartnomalarga muvofiq, 2022 yil yanvar oyidan kechiktirilmagan holda amalga oshiriladi.

Shuningdek, xaridorlarga yuqorida ko‘rsatilgan muddat asosida Captiva 5 avtomobili o‘rniga Malibu, Cobalt yoki Trailblazer avtomobillarini xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etiladi, deyiladi ma'lumotda.

Avvalroq, UzAuto Motors kompaniyasining dilerlik punktlari yangilangan Chevrolet Captiva avtomobili uchun tuzilgan shartnomalarni bekor qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Telegramdagi Kurbanoff.net kanali muallifiga murojaat qilgan avtomashina xaridorining hikoya qilishicha, unga avtosalondan qo‘ng‘iroq qilib, yangi Captiva yetkazib berilmasligini ma'lum qilishgan. Buni yangi mashina mintaqaga to‘g‘ri kelmasligi bilan izohlashgan.

Top