16:57 / 24.11.2021
2444

Samarqandlik harbiylar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun sayohat uyushtirdi

Samarqand viloyat harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan Kattaqo‘rg‘on garnizoni 02855-harbiy qism vakillari Samarqand shahridagi 1-son mehribonlik uyiga borib, tarbiyalanuvchilar uchun sayohat tashkil qildi.

Foto: Samarqand viloyat harbiy prokuraturasi

«Mehr-muruvvat hamma zamonlarda ulug‘langan. Inson ko‘p narsadan to‘yishi mumkin, faqat mehrdan emas. Ayniqsa mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilariga mehr ulashish savob amallarning eng afzallaridan biri hisoblanadi. Murg‘aklarning o‘ksik qalbiga xursandchilik baxsh etish, ularning diliga xushnudlik ulashish maqsadida Samarqand harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan Kattaqo‘rg‘on garnizoni 02855-harbiy qism vakillari Samarqand shahar 1-sonli mehribonlik uyida bo‘lishdi», deyiladi harbiy prokuratura Kun.uz'ga taqdim etgan ma'lumotda.

Foto: Samarqand viloyat harbiy prokuraturasi
Foto: Samarqand viloyat harbiy prokuraturasi

Harbiylar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun Samarqand shahri bo‘ylab sayohat uyushtirishdi. Xususan, shahardagi muz arenasiga harbiylar va bolalar birgalikda borishdi. Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida esa armiyada xizmat qilayotgan askarlar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun mashg‘ulot o‘tkazib berdi. Shuningdek, bolalar harbiy qurol-aslaha va harbiy texnikalarni tomosha qildi. Sayohat yakunida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari harbiylar bilan birga bayramona dasturxonda tushlik qilishdi.

Foto: Samarqand viloyat harbiy prokuraturasi

Samarqand harbiy prokuraturasi ma'lum qilishicha, bunday tadbirlar har qanday sharoitda yashayotgan yoshlarning armiyaga, harbiy xizmatga muhabbati paydo bo‘lishi uchun muhim hisoblanadi.

Top