19:19 / 25.11.2021
9169

«Futbolda pul doim hal qiluvchi omil emas, murabbiy bizni oilaga aylantirdi» – «Dinamo» sardori Obid Jo‘raboyev bilan suhbat

Samarqandning «Dinamo» jamoasi ko‘pchilik uchun kutilmaganda Pro-Liga vitse-chempioni sifatida Superligaga yo‘l oldi. Albatta, «Dinamo»ning yuqori divizionga chiqishi ajablanarli emas, lekin qolgan raqiblarga qaraganda nisbatan cheklangan moliyaviy imkoniyat va tarkib bilan Samarqand klubi chindan kutilmaganda oliy divizionga qaytdi. Tribuna.uz «Dinamo» sardori Obid Jo‘raboyev bilan suhbat uyushtirdi.

Keyingi mavsumda 36 yoshda bo‘ladigan Jo‘raboyev markaziy himoyada o‘ynaydi. U o‘zbek futbolida 15 yildan buyon faoliyat yuritadi va bu vaqt davomida ko‘p jamoalarda o‘ynadi. Namangan futboli vakili bo‘lgan Jo‘raboyev «Lokomotiv», «Qizilqum», «Sho‘rtan», «Olmaliq», «Andijon», «Navbahor» kabi jamoalarda o‘ynagan. «Dinamo»da esa chinakam yetakchiga aylandi. O‘zining aytishicha, faoliyati yakunida bunaqa hurmatga ega bo‘lishini kutmagan.

«Bizga ko‘pchilik ishonmagandi»

Foto: Tribuna.uz

Futbolchi mavsum avvalida «Dinamo»ga ko‘pchilik ishonmaganiga qaramay, jamoa o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani qanday uddalaganini aytib berdi: «Ha, bizga ko‘pchilik ishonmadi, hamma «Buxoro» va «Neftchi» chiqadi, degandi. Lekin Hakim Fuzaylov bizni bir oilaga aylantira oldi. Tarkibimizda yulduz futbolchilar bo‘lmasa-da, mehnatkash yigitlar yig‘ildi. Murabbiy doim shu haqda gapirardi, menga maydonga mehnat qiladigan yigitlar kerak, derdi. Mavsum davomida o‘yinimizni topib olib, musobaqa tugashiga uch tur qolganda vazifani bajardik. Ha, bizda moliyaviy imkoniyat yaxshi bo‘lmasa-da, barchani sevimli mashg‘ulot – futbol o‘ynash xohishi birlashtirdi», deydi samarqandliklar sardori.

Foto: Tribuna.uz

Futbolchi Hakim Fuzaylov va o‘zining Samarqandda boshqacha hurmat topgani haqida ham takror-takror gapirdi: «15 yildan buyon yuqori divizionlarda futbol o‘ynayman. Oldin moliyaviy jihatdan kuchli jamoalarda o‘ynadim, lekin faoliyatim yakunida bunday yaxshi murabbiy bilan ishlashni, bunday hurmat topishimni o‘ylamagandim. Fuzaylov biroz nazardan qolgan bo‘lishi mumkin, lekin bizga uning tajribasi yordam berdi. Axir u «Lokomotiv»da qanday ishlaganini eslang», deydi himoyachi.

«Navbahor»dan ketish

Foto: Tribuna.uz

Jo‘raboyev Namangan futboli vakili bo‘lsa-da, 2016 yilga kelibgina viloyat bosh jamoasi «Navbahor»ga o‘tadi. Uning 2020 yil klubdan ketishiga esa o‘zining aytishicha, «Bunyodkor» bilan o‘yinda yo‘l qo‘ygan birgina xatosi sabab bo‘lgan. Shundan keyin Kanchelskis futbolchini o‘rinbosarlar tarkibiga o‘tkazib yuborgan. Zaxirada qolib ketayotgan futbolchini Sergesh Lushchan «Dinamo»ga taklif qilgan va ikki mavsumdan buyon Jo‘raboyev «Dinamo»da o‘ynab keladi.

Murabbiy

Foto: Tribuna.uz

Jo‘raboyevning fikricha, Hakim Fuzaylov jamoadan ketishi haqidagi gaplar haqiqat bo‘lmasa-da, futbolchilarning kayfiyatiga yomon ta'sir qilgan: «Fuzaylovning ishidan hamma rozi, klub ham, futbolchilar ham. Hamma yigitlar keyingi mavsumda ham uning murabbiyligida o‘ynashni istaydi. Murabbiyning o‘zi ham g‘oliblik kayfiyatidagi hozirgi tarkib asosini saqlab qolgan holda 5-6 futbolchi bilan tarkibni kuchaytirish istagida».

Taksichidan chiqqan sardor

Foto: Tribuna.uz

Jo‘raboyev faoliyati boshida muvaffaqiyatsizlik sabab futboldan ketishga majbur bo‘lganini ham esladi. U 2003-2006 yillarda quyi liganing havaskor jamoasida o‘ynash asnosida taksichilik bilan shug‘ullangan. Ham ishlab, ham futbol o‘ynayotgan Obidni ko‘rgan sobiq futbolchi Shavkat Musaboyev esa uni «Lokomotiv-BFK» jamoasiga sinovdan o‘tishga taklif etadi. «Temiryo‘lchilar»da yaxshi taassurot qoldirgan futbolchi keyingi yildan bosh jamoaga olinadi va shu-shu 15 yildan buyon yuqori divizionlarda o‘ynab keladi.

Pro-Liga darajasi

Foto: Tribuna.uz

Jo‘raboyevning aytishicha, O‘zbekistonda ikkita yaxshi liga shakllandi va futbolchilar uchun birinchi ligaga (endilikda Pro-Liga) o‘tish bir necha yil oldingi kabi fojiali emas: «Men o‘tgan mavsumda o‘zimni Superligada o‘ynaganday his qildim, chunki e'tibor, munosabat bir xil edi. O‘yinimizni mamlakatdagi asosiy futbol kanali «Futbol TV» olib berdi. Bu ham o‘yinlar oldidan alohida kayfiyat bag‘ishlaydi. PFL bu borada yaxshi ishlaganini e'tirof etaman», deydi futbolchi.

Yosh futbolchilarning shakllanish jarayoni

Foto: Tribuna.uz

Jo‘raboyev «Dinamo»da tajribali futbolchilar va yoshlarning bir-birini tushunishi yaxshi shakllanganini aytdi. Suhbatdoshimiz jamoadagi Muhammadqodir Hamraliyev, Humoyun Sherbo‘tayev va Shohrux Abdurahmonov haqida iliq fikrlar bildirdi: «Murabbiy o‘yindan oldin men, Ro‘zimboy (Ahmedov) va Sardorni (Eminov) chaqirib, bizga ishonishini aytadi. Yosh yigitlar esa o‘yin davomida xatolarini aytib turishimizni so‘raydi. Muhammadqodir o‘tgan mavsum yakunida bir-ikki o‘yinda maydonga tushgandi va men unga ishonib qoldim. Fuzaylov kelgach, unga imkon berish mumkinligini aytdim. Yosh bo‘lishiga qaramay, Muhammadqodir imkoniyatdan yaxshi foydalandi. Humoyun to‘pni yaxshi ushlaydi, Shohrux esa jamoa yetakchilardan. U mendan ancha avval kelgan, Superligada o‘ynagan».

Yagona istak

Foto: Tribuna.uz

Suhbat avvalida Jo‘raboyev onasiga futbol orqali uning niyatlarini amalga oshirishga va'da berganini aytgandi. Intervyu so‘ngida undan mana shu istagi haqida so‘radik: «Futbolchi bo‘lishimni onam juda xohlaganlar. Xudoga shukur, qo‘limdan kelgancha ota-onamga futbol orqasidan sharoit qilib berdim. Endi yagona istagim ularni hajga yuborish. Umuman olganda, futboldagi hayotimdan nolimayman, hayotim uchun kerakli narsalarga aynan futbol orqasidan erishdim», deb so‘zini yakunladi Jo‘raboyev.

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi,

Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Top