07:34 / 25.11.2021
2589

Norvegiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi 

2021 yilning 24 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Norvegiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Oslo shahrida) etib tayinlangan Jon Mikal Kvistadni qabul qildi.

Foto: TIV axborot xizmati

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, vazir ishonch yorliqlarini qabul qilib, elchini yuqori mas'uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklagan va faoliyatiga omad tilagan.

Suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Norvegiya munosabatlarining bugungi holati va ularni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, tomonlarning xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorligi muhokama qilingani aytiladi.

Qayd etilishicha, bo‘lajak tadbirlar, xususan, vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini o‘tkazish jadvali ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi, deyiladi ma'lumotda.

Top