10:36 / 26.11.2021
11087

2020 yildan buyon O‘zbekistonda gaz ballonlari o‘rnatilgan mashinalarda 17ta portlash holati sodir bo‘lgan 

2020 yil va joriy yil 10 oyi davomida O‘zbekiston bo‘yicha gaz ballonlari o‘rnatilgan transport vositalarida 17 ta portlash holati sodir bo‘lgan. Bu haqda Farg‘ona shahrida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda Farg‘ona viloyat hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Foto: Senat.uz

Qayd etilishicha, bugungi kunda Farg‘ona viloyatida jismoniy shaxslarga tegishli 341 820 ta avtotransport vositasining 249 664 tasi, ya'ni 73 foizi va 31 814 ta yuk tashish uchun mo‘ljallangan transport vositalarining 29 214 tasi, ya'ni 91,7 foizi gaz ballonlari bilan jihozlangan.

Yig‘ilishda ma'lum qilinishicha, joriy yil 22 may kuni Farg‘ona viloyati, Quva tumanida fuqaro A.T.ning VAZ-2101 rusumli transport vositasiga mutasaddi idoralarda qayta ro‘yxatdan o‘tkazmasdan sifatsiz gaz balloni o‘rnatilgani oqibatida gaz quyish shoxobchasida (gaz to‘ldirilayotganda) portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda ikki kishi jarohatlangan.

“Gaz ballonlarini avtomobillarga o‘rnatish va tegishli uskunalarni sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyati ustidan ta'sirchan nazoratning o‘rnatilmagani ham noxush holatlarni yuzaga keltirmoqda.

Gaz ballonlariga ortiqcha bosimda gaz to‘ldirilib, yaroqlilik muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan gaz ballonlaridan ham foydalanish holatlari ko‘payib bormoqda. 

Foto: Senat.uz

Yig‘ilishda gaz ballonli avtomobillardagi portlash holatlari uchun ta'sirchan javobgarlik choralarining mas'ullar, xususan uskunalarni o‘rnatuvchi va ularni sinovdan o‘tkazuvchi sub'yektlar vakillari, shuningdek transport vositalari egalariga qo‘llanilmayotgani ham ularning tez-tez sodir bo‘lishining sabablaridan ekani qayd etildi”, deyiladi xabarda. 

Bildirilishicha, shu va boshqa muammoli holatlar yuzasidan majlis yakunida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Top