09:34 / 28.11.2021
3930

Qirg‘izistonda parlament saylovlarida ovoz berish boshlandi

28 noyabrda Qirg‘izistonda parlament saylovlarida ovoz berish uchun soat 8 dan 2494 ta, jumladan xorijiy davlatlarda 59 ta saylov uchastkasi ochildi va soat 20 gacha ochiq qoladi. Saylovlarda 1311 nafar, jumladan 21 ta partiyadan 1015 nafar va bir mandatli okruglardan 296 nafar nomzod ishtirok etadi.

Foto: AP

Saylovchilar ro‘yxatiga 3,7 mln fuqaro kiritilgan. Saylovlar borishini 700 dan ko‘proq xalqaro kuzatuvchi nazorat qiladi.

Qirg‘izistonliklar hammasi bo‘lib 90 nafar deputatni saylashadi. Siyosiy partiyalar parlamentga o‘tish uchun 5 foizdan ko‘proq, bir mandatli okrugdan nomzodlar esa ko‘pchilik ovoz to‘plashlari kerak bo‘ladi.

Saylovlarning dastlabki natijalari saylov uchastkalari yopilgach chiqishi kutilmoqda. Qirg‘izistonning saylov haqidagi qonunchiligiga ko‘ra, respublika markaziy saylov komissiyasi 20 kun ichida saylovlarning yakuniy natijalarini e'lon qilishi kerak.

2020 yil oktyabrda o‘tgan avvalgi parlament saylovlari natijalari ommaviy noroziliklar ortida bekor qilinib, prezident Sooronbay Jeenbekovning iste'fosiga olib kelgandi. Shu sababli amaldagi prezident Sadir Japarov o‘z siyosiy partiyasi “Mekenchil”ga saylovlarda ishtirok etishni taqiqlab qo‘ydi.

Qirg‘iziston parlamenti 90 deputatdan iborat bo‘lib, ular 5 yillik muddatga saylanadi. Ilk bor respublikada parlament saylovlari aralash tizim bo‘yicha o‘tmoqda: 54 deputat partiya ro‘yxatlari, 36 deputat esa bir mandatli okruglar bo‘yicha saylanadi.   

Mahalliy ekspertlarning fikricha, hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi partiyalar orasida yangi parlamentga o‘tishga “Ata-Jurt Kirgizstan” va “Intimak”, muxolif partiyalar orasida esa “Ata-Meken” va “Butun Kirgizstan” yaxshi imkoniyatlarga ega.

E'tiborlisi, respublikada saylovlar arafasida davlat to‘ntaruvini amalga oshirishga urinish oldi olindi. 

Top