19:18 / 02.12.2021
3295

Avstriyaning sobiq kansleri Sebastyan Kurs siyosatdan ketishga qaror qildi

Foto: Getty Images

Avstriyaning sobiq kansleri, 35 yoshli Sebastyan Kurs matbuot anjumanida siyosatdan ketishga qaror qilganini ma'lum qildi. The Local nashrining xabar berishicha, u Avstriya xalq partiyasi yetakchisi lavozimini tark etadi va parlamentdan ketadi.

Kursning ta'kidlashicha, oxirgi bir necha oy u uchun “juda og‘ir davr” bo‘ldi, yaqinda o‘g‘il farzandli bo‘lgani esa unga siyosatda qolishni istamayotganini anglashda yordam berdi.

Siyosatchi kansler lavozimidan ketishiga olib kelgan korrupsiya ishi bo‘yicha tergovga izoh berib, o‘zining korrupsiyaga aloqadorligini rad etgan, biroq “avliyo ham, jinoyatchi ham emasligini” qo‘shimcha qilgan.

Kurs 2017 yilda 31 yoshida eng yosh hukumat rahbariga aylangandi. U Avstriya kansleri lavozimini 2017-2019 va 2020-2021 yillar davomida egallagan. 2013 yildan 2017 yilgacha esa Avstriya tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. Kurs 2019 yilda hukumatga ishonchsizlik bildirilgandan keyin iste'foga chiqqan. Biroq shundan keyin o‘tkazilgan navbatdan tashqari saylovlarda uning partiyasi g‘alaba qozonib, u yana kansler lavozimini egallagan.               

2021 yil 9 oktyabrda siyosatchi o‘ziga qarshi qo‘zg‘atilgan korrupsion tergov sababli iste'foga chiqqan, biroq parlamentdagi va o‘z partiyasidagi faoliyatini davom ettirgan. Noyabr o‘rtasida Kurs deputatlik daxlsizligidan mahrum etilgan.

27 noyabrda siyosatchi o‘g‘il farzandli bo‘lganini ma'lum qilgan. Shundan keyin OAVda uning siyosatdan ketishi mumkinligi haqida gaplar tarqalgan.

Mavzuga oid
Top