21:52 / 02.12.2021
28482

Stoltenberg: NATO Rossiya va Belarusning tajovuziga javob qaytarishga tayyor

Agar zarurat tug‘ilsa NATO Latviyaga qo‘shimcha 40 minggacha harbiy kontingent tashlashga tayyor. Rossiya harbiylari Ukraina chegarasida to‘planishi esa «eng yomon oqibatlar»ni keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg NATO davlatlari tashqi ishlar vazirlarining Rigadagi uchrashuvi chog‘ida aytib o‘tdi.

NATO Boltiqbo‘yiga qo‘shimcha kontingent tashlashga tayyor, ammo Ukrainaga hech qanday va’da bera olmaydi. Foto: GETTY IMAGES

Latviyadagi vazirlar uchrashuvi NATOning yangi strategik konsepsiyasi qabul qilinishi arafasida o‘tkazildi, konsepsiya 2010 yildan buyon yangilanmay kelayotgandi. Ammo tadbirdagi asosiy mavzular rossiyalik harbiylarning Ukraina bilan chegarada to‘planishi hamda YeI va Belarus o‘rtasidagi migratsiya inqirozi bo‘ldi.

NATOning Latviyadagi harbiy ishtiroki oshirilishi ehtimoli haqidagi savolga javoban bosh kotib alyans istalgan vaqtda regionga 40 ming askar tashlashi mumkinligini aytib o‘tdi.

«So‘nggi yillarda biz sovuq urush davridan buyon eng keng ko‘lamli mudofaa harakatlarini olib bordik, Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarida to‘rtta jangovar guruh tuzdik, shuningdek, dengizdagi ta’sir doiramizni va jangovar shayligimizni oshirdik. Biz NATOning tezkor harakatlar uchun tayyor turadigan qo‘shinlari sonini 40 mingga yetkazdik, ular zarurat tug‘ilgan holatlarda tegishli joylarga tashlanadi», degan Stoltenberg.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi mamlakatlarga chegaradagi migratsiya inqirozini bartaraf etishda ko‘maklashadigan mutaxassislar yuboriladi

«Biz Lukashenko rejimi qanday qilib ojiz odamlardan Polsha, Latviya va Litvaga bosim qilishda foydalanayotganini ko‘rib turibmiz. Bu surbetlik va noinsoniylikdir. Biz bu muammo qarshisida qolgan alyans bo‘yicha hamkorlarimiz bilan birdammiz. Biz YeI bilan hamkorlik qilamiz - YeIda ham, NATOda ham alohida holatda kerakli barcha instrumentlar yo‘q, ammo biz birgalikda munosib javob bera olamiz», degan NATO bosh kotibi.

AQSh hozircha jim

Belarus bilan chegaradagi vaziyat fonida Latviya bu mintaqadagi amerikalik harbiylar sonini oshirishni so‘rab AQShga murojaat qilishga ulgurgan. Foto: SERGEI BOBYLEV/TASS

Latviya prezidenti Egils Levits AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga Belarus chegarasidagi so‘nggi voqealar munosabati bilan mintaqadagi amerikalik harbiylar sonini oshirish bo‘yicha murojaat qilgan.

Blinken o‘z chiqishida bu iltimosga aniq javob bermadi: uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala muhokama bosqichida bo‘lib turibdi.

«Bizning NATO kelishuvining beshinchi punkti - alyans davlatlarining birortasiga qilingan hujum - barchaga qilingan hujum bo‘lishi haqidagi band bo‘yicha majburiyatlarimiz - toshga o‘yilgan naqsh kabi o‘zgarmas. Biz ittifoqchilarimiz xavf ostida qolishi, o‘zimiz ham xavf ostida qolishimizni anglatishini chuqur tushunamiz. Biz rejimni gibrid harakatlar va inson huquqlari sohasida xalqaro normalar buzilishi uchun javobgarlikka tortish masalasida YeI bilan harakatlarni muvofiqlashtiramiz», dedi Blinken matbuot anjumani vaqtida.

Stoltenberg AQShning Yevropadagi harbiy mavjudligi o‘sgani, qolaversa, yangi doktrinaga ko‘ra, AQShning Germaniyada joylashadigan qo‘shinlari soni bo‘yicha cheklov olib tashlanishini eslatib o‘tgan.

«Ko‘proq harbiylar, ko‘proq texnikalar, ko‘proq mashg‘ulotlar. Polshada jangovar guruh bor, yangi zirhli tank brigadasi bor», deya qo‘shimcha qilgan NATO bosh kotibi.

Migratsiya inqirozi tufayli Polsha, Latviya va Litva NATO kelishuvining to‘rtinchi punktini ishga tushirishga tayyor ekanliklarini bildirishgan, bu punkt alyans doirasidagi maslahatlashuvlarni ko‘zda tutadi. O‘z navbatida, beshinchi punkt alyansning biror a’zosiga agressiya kuzatilgan taqdirda birgalikda muvofiqlashtirilgan harbiy javob qaytarish haqida.

Latviya prezidenti Egil Levitsning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa mamlakatlari Polsha tomonidan harakat bo‘lishini kutishmoqda, chunki aynan shu yerda vaziyat keskinlashuvi kuzatilgan. «Agar Polsha to‘rtinchi punktni amalga oshirishni so‘rasa, biz uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo ayni vaqtgacha Polsha bunday qilmadi va biz undan tashabbus ko‘rsatilishini kutmoqdamiz», degan u.

«Rossiyada ovoz huquqi yo‘q»

Yyens Stoltenberg Rossiya tajovuzkorlik uchun «yuqori bahoda to‘lov qilishi»ni va’da bermoqda, ammo Boltiqbo‘yi davlatlari «kuchli javob» bo‘lishiga shubha bilan qarashmoqda. Foto: GETTY IMAGES

Yyens Stoltenberg bir necha bor agar Ukraina bilan munosabatlarda agressiyaga yo‘l qo‘ysa, Rossiya «yuqori bahoda to‘lov qilishi» haqida ogohlantirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap siyosiy va iqtisodiy oqibatlar haqida ketmoqda.

U shuningdek, Ukraina - NATO ittifoqchisi ekani, ammo alyansga kirish uchun mamlakat qator islohotlar o‘tkazishi lozimligini bildirgan. Stoltenberg alyansga a’zo davlatga tajovuz bo‘lgan taqdirda NATO tomonidan amalga oshiradigan harakatlar va ittifoqchiga nisbatan shunday holat yuz berganda qilinadigan harakatlar bir xil darajada bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan.

«Biz og‘ir qurollarni, artilleriya, zirhli texnikalar, dronlar va radio-elektron tizimlarni ko‘rmoqdamiz. Shuningdek, jangovar holatdagi o‘n minglab jangchilarni. Biz Rossiya tajribasini bilamiz, ular Yevropadagi qo‘shni davlatlarga hujumlar uyushtirgan: Gruziya, Ukrainaga. Moldaviyada ularning askarlari bor. Albatta, Rossiya yana kuch ishlatishi ehtimolini baholash zarur», degan NATO bosh kotibi..

NATOning sharqiy qanotidagi mamlakatlarning hisoblashicha, alyans Rossiyaning Ukraina atrofidagi manyovrlariga yetarlicha keskin munosabat bildirmayapti, deb hisoblaydi. Latviya tashqi ishlar vaziri Edgar Rinkevichning so‘zlariga ko‘ra, NATO hatto «kuchli javob» deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan javobga yaqinlashgani ham yo‘q.

Yyens Stoltenberg bir necha bor Rossiyada Ukrainaning NATOga kirishi masalasida ovoz berish yoki veto qo‘yish huquqi yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi: «Ular dunyoni Rossiya qo‘shnilari nima qilishini nazorat qilishga haqli ekanini tan oldirishga harakat qilishadi. Bu esa biz qaytmoqchi bo‘lgan dunyo emas».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top