15:02 / 02.12.2021
12796

WTA tennischi ayol yo‘qolib qolgani sababli Xitoydagi barcha turnirlarni bekor qildi

Noyabr boshlarida Shuay Pen Xitoyning sobiq bosh vazir o‘rinbosarini jinsiy zo‘ravonlikda ayblagandi.

Foto: Reuters

Ayollar tennis assotsiatsiyasi o‘z shafeligi ostida Xitoyda o‘tadigan barcha musobaqalarni to‘xtatadi. Bu qaror juftliklar o‘rtasida Uimbldon sobiq chempioni Shuay Penning yo‘qolib qolishi bilan bog‘liq.

WTA rahbari Stiv Saymon o‘yinchilar va xodimlar hayotini xavf ostiga qo‘yolmasligini bildirdi va Xitoy hukumatini mustaqil surishtiruv o‘tkazishga chaqirdi.

“Direktorlar kengashining to‘liq qo‘llab-quvvatlovi ostida Xitoy va Hongkongdagi barcha WTA turnirlari vaqtinchalik to‘xtatilishini e'lon qilaman. Tennischilardan Shuay Penga erkin gapirish imkonini berishmayotgan joyda musobaqalashishlarini so‘ray olmayman.

Meni butun dunyo WTA’ni qo‘llab-quvvatlagani quvontirdi. WTA tennischi ayollarni himoya qilish uchun bor imkoniyatlarini ishga soladi. 

Xitoy biz iltimos qilgan qadamni qo‘ymaydigan bo‘lsa, WTA tennischilar va xodimlar hayotini xavf ostiga qo‘yolmaydi va Xitoyda turnirlar o‘tkaza olmaydi”, – deyiladi uning bayonotida.

Noyabr boshlarida Shuay Pen Xitoyning sobiq bosh vazir o‘rinbosarini jinsiy zo‘ravonlikda ayblagandi. Shundan so‘ng Xitoydagi qidiruv tizimlarida uning ismi va “tennis” so‘zi bloklandi.

Shuningdek, bir yarim hafta davomida tennischi ayolning qayerdaligi noma'lum bo‘lib turdi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, OAVda Shuayning barcha ayblovlardan voz kechgani to‘g‘risidagi maktubi chop etildi, ammo WTA ayolning xavfsizlikda ekanligiga ishonmadi.

Top