19:11 / 03.12.2021
18011

Shavkat Hamroyev – O‘zbekistonning suv muammolari va vazirlik ishiga nisbatan OAVdagi tanqidlar haqida

O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev 2 dekabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining sohaga oid qator savollariga javob berdi.

Vazir tomchilatib sug‘orishni keng joriy qilish borasida qilinayotgan ishlarni jamoatchilik sezmayotgani haqida

Shavkat Hamroyev shu mazmundagi savolga javob berar ekan, jurnalistning fikriga qo‘shilmasligi, qilinayotgan ishlar yetarliligi va ular OAVda doimiy tarzda yoritib borilayotganini bildirdi.

«Biz tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish borasidagi ishlarimizni biror kun yo‘qki, gazeta va internet nashrlarda yoritmayotgan bo‘lsak. Vazirlik faoliyatida hamma ishni zo‘r demoqchi emasman, kamchiliklarimiz ko‘p. Biz ularni to‘g‘rilash ustida har kuni ishlayapmiz. Bizning kompleks gazetalarimizni ko‘rsangiz qilayotgan ishlarimiz bilan tanishasiz», – dedi u.

Tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilishda davlat subsidiyalari shartlarining o‘rtacha imkoniyatli fermerga hamon qiyin ekanligi haqida

Suv xo‘jaligi vaziri tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishda hukumat berayotgan subsidiyalarning o‘rtacha imkoniyatli fermerlarga hamon yetarli emasligi haqida ham gapirdi.

«Davlat subsidiyalari bilan tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilgan va katta natijalarga erishayotgan fermer xo‘jaliklari va klasterlar ko‘p. Buni davlat rahbari ham joylarda yurib ko‘ryapti. Masalan, Buxoro viloyati Olot tumanida «Mergan tex» klasteri rahbari Ibrohim Hamroyev bu borada davlat berayotgan imkoniyatlarga minnatdorlik bildirdi.

Bu ishlar faqat Buxoroda bo‘layotgani yo‘q. Yurtboshimiz shuningdek, Farg‘ona, Andijon, Jizzax viloyatlarida bo‘lganda ham bu kabi ishlarni ko‘rdi.

Ammo sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, berilayotgan subsidiyalardan noto‘g‘ri foydalanayotgan fermerlar ham bor. Ular qilayotgan ishlar evaziga to‘g‘ri ketayotgan ishlar ham noto‘g‘ri ko‘rinib qolyapti.

Bizda bundan boshqa iloj yo‘q. Tomchilatib sug‘orishni yanada keng joriy qilishimiz kerak. Toshkent viloyatida yangi texnologiyalar ishlab chiqaruvchi yirik korxona o‘z faoliyatini olib bormoqda. Bu kabi korxonalarni esa qolgan viloyatlarda ham ochishimiz va faoliyatini rivojlantirishimiz kerak.

O‘ylashimcha, davlat berayotgan subsidiyalar yetarli va samarali tizim. Bu tizimni to‘g‘ri ishlatmaganlar esa jazoga tortiladi.

Biz buni qonunda ham belgilab qo‘ydikki, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari kamida besh yil ishlatilishi kerak. Ayrimlar uni bir yil ishlatiboq olib tashlayapti. Bu esa noto‘g‘ri», – dedi Hamroyev.

Fermerlarning suv yetishmovchiligi sababli ko‘rayotgan zararlari haqida

«Fermerlar o‘z cho‘ntagidan pul sarflab, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari sotib olishni bilmayapti. Davlat esa bu borada fermerlarga kreditlar orqali ko‘mak beryapti, shuningdek, uning 50 foiz xarajatini subsidiya bilan yopib beryapti.

Fermer mana shu yordamlardan keyin ham zarar ko‘rayotgan ekan, ayb endi uning o‘zida. U balki arig‘ini tozalamayapti, nasoslarini tozalamayapti yoki suvni boshqarishga boshqarib, kechasi uxlab qolyapti. Agar u ishlarni to‘g‘ri tashkil qilsa, olayotgan suvi yetarli bo‘ladi», – ta'kidladi Shavkat Hamroyev.

O‘zbekistonda kechayotgan qurg‘oqchilik oqibatlarini yumshatish borasida kreativ loyihalarning yetishmayotgani haqida

Vazir Hamroyev O‘zbekistonda kechayotgan qurg‘oqchilik oqibatlarini yumshatish borasida kreativ loyihalarning yetishmayotgani haqidagi savolga ham javob berdi.

«Bizda hozir eng katta muammo – O‘zbekistonga kelayotgan suvning 50 foizi dalaga yetib kelguncha bo‘lgan jarayonda yo‘qotilishi. Bunda jumladan, daryoning o‘zida 10 foiz suv yerga yutilib ketadi. Lekin biz hamma daryolarni beton qilib chiqolmaymiz-ku. Buning uchun aqlga sig‘maydigan darajada ko‘p pul kerak. Masalan, Katta Farg‘ona kanalini beton qilsak, suvni iqtisod qilamiz, lekin uni beton qilish katta xarajat degani. Chunki bu kanal qariyb 270 km uzunlikda.

Umuman olganda, bizda jami kanallarning uzunligi 180 ming kilometr. Shundan 27 ming km katta xo‘jaliklar, tumanlararo kanallar hisobiga to‘g‘ri keladi. Bizda ularning 10 foizi betonlashtirilgan.

Bu borada qilinayotgan ishlarni ham aytish kerak. Masalan, hozir Buxoro viloyatidagi 100 foiz, Qashqadaryo viloyatidagi 80 foiz yer maydonlari suvni nasosda oladi.

Bu borada xarajatlarning davlat tomonidan qoplanishi davlatning dehqon va fermerlarga bo‘lgan g‘amxo‘rligidir», – dedi u.

Suv xo‘jaligi vazirligining budjeti haqida

Shavkat Hamroyev so‘nggi yillarda vazirlikning budjetdan olayotgan mablag‘lari ko‘rsatkichining kamayib borayotgani haqida ham gapirdi.

«Oxirgi uch yilni hisoblab ko‘rsangiz, xalq ta'limi va oliy ta'lim, sog‘liqni saqlash, aholini toza ichimlik suv bilan ta'minlash, qurilish kabi sohalarga mablag‘ ajratish ko‘rsatkichi oshib boryapti.

Agar biz avvallari budjetning umumiy 6 foiz qismini olgan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich kamayib-kamayib, 2021 yilda 3 foizga tushdi.

Shu sababli endi sohaga chet el investitsiyalarini jalb qilishga ham katta e'tibor qaratyapmiz. Masalan, shu kabi mablag‘lar evaziga birinchi navbatda 299 ta va keyinroq 235 ta nasos stansiyamizni yangilashni rejalashtiryapmiz. Chunki bu nasos stansiyalari 40-50 yil avval o‘rnatilgan. Ularning yangilanishi juda katta samara beradi.

Biz sohada quyosh energiyalaridan foydalanishga ham katta e'tibor qaratyapmiz», – deya suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top