17:56 / 05.12.2021
106878

AQSh razvedkasi «olmosi» yoxud KGBni 25 yil davomida sotib kelgan maxsus josus haqida

KGB zobiti, o‘z vaqtida general-mayor unvoniga ega bo‘lgan Dmitriy Polyakov 25 yil davomida AQSh razvedkasiga qariyb 25 quti hajmidagi maxfiy hujjatlar va KGBning minglab xodimlari haqidagi ma’lumotlarni yetkazib beradi. U nima uchun bu ishga qo‘l urgan?

Xorijiy razvedka xizmatlari bilan bog‘langan va o‘z mamlakatiga xiyonat qilganlar orasida GRU (SSSR Razvedka bosh boshqarmasi) zobiti Dmitriy Polyakov ajralib turadi. U 25 yil davomida MRB (AQSh markaziy razvedka boshqarmasi) foydasiga ishlagan va turli darajadagi ma’lumotlarni yetkazib turgan. Dmitriy Polyakov kim va nima uchun bu ishga qo‘l urgan?

Dmitriy Fedorovich Polyakov 1921 yilda Ukrainada tug‘ilgan. 1939 yilda o‘rta maktabni tugatib, artilleriya bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Fashistlarga qarshi urushda qatnashib, Qizil yulduz ordeni bilan taqdirlanadi. Harbiy harakatlar tugaganidan so‘ng u ta’lim olishni davom ettiradi va keyingi yillarda Frunze akademiyasi va Bosh shtab kurslarini tamomlaydi. Shundan so‘ng boshqa bitiruvchilardan farqli ravishda arxivga emas, balki Bosh razvedka boshqarmasiga ishga yuboriladi.

Kareraning boshlanishi

1951 yilda yosh josus birinchi yo‘nalishni oladi va darhol Nyu-Yorkka boradi. Harbiy razvedkachi besh yil davomida diplomatik niqob ostida xizmat qiladi va uning faoliyati rahbarlarni hayratda qoldiradi. Dastlabki yillarda Polyakov AQShning Avstraliya, Koreya, Yaponiyadagi harbiy bazalari, Qo‘shma Shtatlarning havo hujumiga qarshi kurashish tizimi, MRBning markaziy Yevropada faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlari haqidagi ma’lumotlarni to‘plab Moskvaga yetkazadi.

1959 yilda uch yillik tanaffus va kontrrazvedka tekshiruvlaridan so‘ng Polyakov yana Qo‘shma Shtatlarga ishlash uchun qaytadi, bu paytda u allaqachon polkovnik unvonini olgan va noqonuniy ishlar bo‘yicha rezident o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgandi. 1960 yilgacha BMTdagi SSSR vakolatxonasida ishlaydi. Polyakovning asosiy vazifasi — dunyoning barcha burchaklaridagi AQSh qurolli kuchlari holati haqidagi juda muhim ma’lumotlarni SSSR xavfsizlik idoralarining AQShda yashirin faoliyat olib borayotgan xodimlaridan to‘plab, ularni muvofiqlashtirish bo‘lgan.

KGBga xiyonat

AQShdagi faoliyati davrida Polyakov o‘g‘il farzand ko‘radi va oradan uch oy o‘tgach bola og‘ir kasallikka chalinadi. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga 400 dollar zarur edi, ammo bu paytda Polyakovda buncha miqdordagi pul mavjud bo‘lmagani sabab GRUning AQShdagi rezidenti I.A.Sklyarovdan pul so‘rashga majbur bo‘ladi. U esa Moskva ruxsat bermadi, degan vaj bilan Polyakovga pul berishdan bosh tortadi. Natijada Polyakovning o‘g‘li vafot etadi.

Bundan qattiq alamzada bo‘lgan razvedkachi qasd olishga qaror qiladi va 1961 yil 30 oktabr kuni AQSh qurolli kuchlari ofitserlaridan biri, polkovnik Feyksiga qo‘ng‘iroq qilib, razvedka va kontrrazvedka masalalari yuzasidan uchrashish taklifi bilan chiqadi. Maxsus xizmatlarning tarixchisi, KGB sobiq xodimi Nikolay Kondratevning ta’kidlashicha, Polyakov bir vaqtning o‘zida bir necha sabablarni inobatga olgan holda o‘ziga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni AQSh maxsus xizmatlariga taqdim etmaslikka qaror qiladi.

Birinchi uchrashuvda FQB xodimiga AQSh foydasiga xizmat qilish istagini bildiradi va AQShdagi elchixonaning 6 nafar shifrlovchi xodimi haqidagi ma’lumotni beradi. Ikki haftadan keyin u FQB xodimlari bilan yana uchrashadi va KGBning AQShda yashirin faoliyat olib borayotgan 47 nafar xodimi haqidagi ma’lumotni taqdim qiladi. Keyingi uchrashuvlardan birida esa Nyu-Yorkda noqonuniy tarzda faoliyat olib borayotgan va GRUning eng ishonchli zobitlaridan biri bo‘lgan Mariya Dobrova haqidagi maxfiy ma’lumotlarni beradi.

Bu paytda Dobrova Nyu-Yorkdagi diplomatlar va BMTning yuqori martabali amaldorlari rafiqalari boradigan go‘zallik saloniga egalik qilardi. 1961 yil dekabrida uni qo‘lga olishga kelgan FQB agentlariga taslim bo‘lishni istamagan Dobrova derazadan sakrab, o‘z joniga qasd qiladi. O‘z navbatida, Polyakov, markazga Dobrova FQB tomonidan yollangani va uning o‘limi diqqatni chalg‘itish uchun sahnalashtirilgani haqida dezinformatsiya yubordi.

1962 yilda Moskvaga qaytishidan oldingi so‘nggi uchrashuvda MRBga SSSR bosh shtabi va GRUning xodimlari bo‘yicha o‘ta maxfiy ma’lumotlar qayd etilgan kitobni taqdim qiladi. U Moskvada ham AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ladi, unga «Burbon» operativ taxallusi beriladi.

Moskvaga qaytish

1962 yilda Polyakov Moskvaga qaytariladi. Ko‘p o‘tmay u GRU 3-direksiyasining katta ofitseri etib tayinlandi va unga Nyu-York va Vashingtondagi GRU razvedka apparati faoliyatini nazorat qilish topshiriladi. Bu orada AQShdagi GRU agentlarning aksariyati fosh bo‘lishi bo‘yicha ichki tekshiruv boshlanadi va birinchi o‘rinda shubha ostida qolgan odamlardan biri aynan Polyakov edi. Uni bir necha marta tergovga chaqirishadi, rost yoki yolg‘on gapirayotganini aniqlovchi detektor yordamida so‘roq qilishadi. Biroq detektor Polyakov savollarga javob berishda yolg‘on gapirmayotganini ko‘rsatadi.

Polyakov 1965 yilgacha Moskvada ishlaydi va bir necha o‘ta maxfiy operatsiyalarni amalga oshirib, juda muhim ma’lumotlarni Markaziy razvedka boshqarmasiga yetkazib beradi. U yana AQShga qaytishi kerak edi, ammo bu orada muammo yuzaga keladi. Los Angeles Times gazetasi sud jarayonida uning nomi tilga olingani haqida yoza boshlaydi. Shu sabab GRU rahbariyati Polyakov xizmatidan Amerikada foydalanishni imkonsiz deb topadi va uni Osiyo, Afrika va Yaqin Sharqda razvedka bilan shug‘ullanadigan boshqarmaga o‘tkazadi.

Birma safari

1965 yilda Polyakov SSSRning Birmadagi (hozirgi Myanma) elchixonasiga harbiy attashe sifatida yuboriladi va bu yerda GRU rezidensiyasi rahbari sifatida ish boshlaydi.

U FQB agenti Jon Mori orqali amerikaliklarga Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi GRU agentlari tarmog‘i, barcha noqonuniy muhojirlarning ismlari va familiyalari, bu yerdagi KGB zobitlari haqidagi qimmatli ma’lumotlarni yetkazdi. Polyakov tomonidan uzatilgan materiallar oqimi shunchalik katta ediki, MRB hatto ularni qayta ishlash uchun maxsus bo‘lim ham yaratadi.

MRB ham agent «Burbon»ning muhim ahamiyat kasb etishini tushungan holda uni muntazam ravishda maxfiy ma’lumotlar bilan ta’minlab turadi. Xususan, Polyakov GRUga xabar yetkazib turishi uchun amerikalik soxta diplomatlar ham yaratiladi. Polyakovning GRUdagi karerasi qanchalik tez rivojlansa, u Amerikaga shunchalik ko‘p foyda keltira boshlaydi. Polyakovning ishi muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun «keraksiz» amerikalik agentlar qurbon qilinadi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, bu xizmatlari uchun u AQShdan «atigi» 100 ming dollar pul olgan va ularni KGBdagi rahbarlariga sovg‘a-salom olishga sarflagan.

Amerika razvedkasining «olmosi»

Birmadagi faoliyati unga Moskvada yaxshigina shuhrat keltirdi va 1969 yil avgustda Moskvaga qaytgach, XXRda razvedka ishlarini tashkil etish va noqonuniy muhojirlarni ushbu mamlakatga o‘tkazish uchun tayyorlash bilan shug‘ullanadigan yo‘nalish boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Keyinroq esa bu yo‘nalishning rahbari bo‘lgan. Bu lavozimda u juda qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ladi: SSSR va Xitoy tashqi ishlar vazirliklarining uchrashuvlari haqidagi bayonnomalarni o‘rganib chiqib, haqiqatan ham ikki davlatning harbiy va iqtisodiy munosabatlari keskinlasha boshlagani haqidagi eng qimmatli ma’lumotlarni MRBga yuboradi. Bu ma’lumotlar esa Qo‘shma Shtatlarga katta diplomatik o‘yin boshlash va 1972 yilda Xitoy bilan munosabatlarni yaxshilash tomon qadam tashlashga imkon beradi.

Polyakov 1973 yilda Hindistonga rezident sifatida yuboriladi, 1974 yilda unga general-mayor unvoni berilgan. 1976 yil oktabr oyida u Moskvaga qaytib, harbiy-diplomatik akademiyaga rahbar etib tayinlanadi. U akademiya bitiruvchilarining shaxsiy fayllaridan nusxa ko‘chiradi va suratlar bilan amerikaliklarga yuboradi. Shu tariqa, Polyakov SSSR harbiy razvedkasining bo‘lajak xodimlari haqida ular hali ishga kirishmasidan oldin Markaziy razvedka boshqarmasiga yetkazadi. Keyinchalik ko‘plab rus nashrlarida aynan shu ishi «eng jirkanchi» sifatida tavsiflangan.

1979 yil dekabr oyi o‘rtalarida u yana Hindistonga, SSSR elchixonasidagi harbiy attashe lavozimini egallash uchun jo‘nab ketadi, ammo 1980 yilda sog‘lig‘idagi muammolar sabab nafaqaga chiqib, GRUning kadrlar bo‘limida shartnoma asosida ishlay boshlaydi va 6 yil davomida sovet razvedkasining mingdan ortiq xodimi ism-familiyalari, manzillari, parollar, qanday ish bo‘yicha qayerga jo‘natilgani yozilgan shaxsiy ishlaridan ko‘chirmalarni MRBga yetkazib beradi.

Fosh etilishi

Foto: Russkaya semerka

1982 yilda AQShda sovet razvedkasining 9 xodimi hibsga olinishi ortidan Polyakov ham zimdan tekshirila boshlanadi. U haqidagi ma’lumotni 1985 yilda sovet hukumati tomonidan yollangan, MRB kontrrazvedkasida ishlovchi Aldrich Ames KGBga topshiradi. Uning ixtiyorida FQB agentlari bog‘langan odamlarning ismlari va ma’lumotlari ko‘rsatilgan materiallar mavjud edi va ular orasida Polyakovning nomi ham bor edi. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida uning mamlakatga xiyonat qilib kelgani o‘z tasdig‘ini topadi, 1986 yil iyulida hibsga olinadi va 1988 yil bahorida sud hukmi bilan otiladi. Hukm va uning ijrosi haqidagi rasmiy ma’lumotlar esa sovet matbuotida faqatgina 1990 yilga kelib paydo bo‘ladi.

specsluzhby-all

MRB Polyakovga bir necha marta chet elga chiqib ketish taklifi bilan chiqadi, ammo u bu takliflarning barchasini rad etgan. «Meni kutmang. Hech qachon AQShga bormayman. Buni siz uchun qilmayapman. Buni vatanim uchun qilaman. Men rus bo‘lib tug‘ilganman va rus bo‘lib o‘laman», degan u.

AQSh prezidenti Ronald Reygan SSSRning o‘sha paytdagi rahbari Gorbachyovga shaxsan o‘zi Polyakovni ekstraditsiya qilish taklifi bilan chiqqan, ammo Gorbachyov shunday javob bergan: «Kechirasiz, lekin bu mutlaqo imkonsiz».

Polyakov 25 yil davomida AQSh razvedkasiga 25 quti hajmidagi maxfiy hujjatlarni va KGBning 1600dan ortiq xodimi haqidagi ma’lumotni bergani aniqlanadi. Shuningdek, u bu ishlar evaziga o‘zi uchun bir sent ham pul olmagani aytilgan.

Polyakovning chorak asr davomida potensial dushman uchun ishlaganining sabablari haqida juda ko‘p va turli gaplar mavjud. Versiyalardan biriga ko‘ra, iste’dodli razvedkachi o‘g‘lining o‘limi uchun rahbariyatdan qasos olgan, markaz atigi 400 dollar turadigan operatsiyaga yordam bermagani uchun qattiq jahli chiqqan. Boshqa versiyaga ko‘ra, urushdan keyin Polyakov SSSR g‘oyalaridan ko‘ngli qolgan va mamlakatiga demokratiyani yetkazishda yordam berishga qaror qilgandi.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Top