12:08 / 06.12.2021
5581

Toshkent va Jizzax viloyatlarida o‘qishga kiritishini aytib pul olgan shaxslar ushlandi

Foto: Prokuratura departamenti

Toshkent va Jizzax viloyatlarida o‘qishga kiritishini aytib fuqarolarning pulini o‘zlashtirgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIBB JQB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Toshkent davlat agrar universiteti assistenti R.G. fuqaro F.dan uning ukasi U.ni tanishlari orqali Toshkent davlat texnika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda 3 ming dollar evaziga fuqaro D.B. fuqaro F.ni Qozog‘istonda joylashgan OTMdagi o‘qishini Qibrayda joylashgan “ISFT” — Xalqaro moliya va texnologiyalar xususiy institutiga ko‘chirib berishni kelishib, shundan 2 700 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top