14:32 / 10.12.2021
9731

O‘zbekiston bo‘yicha notariuslar ishlamayapti. Adliya vazirligi muammo Uzinfokom serverlaridaligini va butun elektron hukumat faoliyati to‘xtaganini aytmoqda

Bugun, 10 dekabr kuni Adliya vazirligi tizimidagi butun notariuslar onlayn tizimi ishi to‘xtab qoldi. Yagona protsessing tizimi so‘rovlarga javob bermayapti, xizmat uchun to‘lovlar qabul qilinmayapti.

Foto: notariat.ru

So‘nggi yillarda adliya tizimidagi inqilobiy o‘zgarishlardan biri notariuslarning yagona onlayn tizim orqali ishlayotgani bo‘lgandi. Bu tizim mijozlarni oldingidek ma'lumotnomalar yig‘ishlardan qutqardi, barcha jarayon, shuningdek xizmatlar uchun to‘lovlar ham shaffof amalga oshirilmoqda.

Ammo bu tizimning nozik tomoni barcha jarayonlar yagona markazdan turib boshqarilishi bo‘ldi. Ya'ni markaz biror sabab bilan ishdan to‘xtasa, butun notariat faoliyati ham to‘xtab qoladi. Shunday holat 10 dekabr kuni ham kuzatildi.

Respublika bo‘ylab Adliya vazirligi tizimi orqali ishlovchi barcha notariuslar faoliyati to‘xtab qoldi. Yagona protsessing tizimi so‘rovlarga javob bermayapti, xizmat uchun to‘lovlar qabul qilinmayapti. Ertalabdan uzilishlar bilan ishlayotgan tizim soat taxminan 11:00 larda butunlay to‘xtagan va hozirga qadar qayta ishga tushgani yo‘q. Qachon qayta ishga tushishi bo‘yicha ham noma'lum

Adliya vazirligi matbuot xizmati vakili Sevara O‘rinboyevaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha muammo Uzinfokom serverlarida, umuman elektron hukumat yagona billingi ishlamayapti. Natijada nafaqat notariuslar, balki davlat xizmatlari, FHDYo kabi tizimlarda ham elektron to‘lov tizimi to‘xtab qolgan.

Shuningdek, ma'lum bo‘lishicha, YHXXning protokol, Ma'muriy jarimalar tizimi, YePGU-to‘lov qismi ham ishlamayapti.

Top