09:49 / 10.12.2021
9661

Qoraqalpog‘istonda 2400 yillik tarixiy yodgorlik hududi qabristonga aylantirilgani aniqlandi

Foto: Liliya Nikolenko

Ijtimoiy tarmoqlarda “Mizdakxon majmuasi” hududida joylashgan Halifa Rajab (Erejyep) maqbarasi tarixiy yodgorligi hududida yangi qabrlar uchun yerlar sotilayotgani haqida xabar tarqaldi.

Yuz berayotgan voqealar aks etgan fotosuratlar taniqli jamoat arbobi va bloger Liliya Nikolenko tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda zamonaviy dabdabali qabriston yaratish rejalashtirilganga o‘xshaydi.

Foto: Madaniy meros agentligi

"O‘rta asr yodgorliklari devorlari ostida zamonaviy qabrlar uchun joylarni sotish boshlangan. Nazarimda, Mizdakxon sayyohlik obekti sifatida tizimli ravishda yo‘q qilinmoqda ", - dedi u.

Madaniy meros agentligi ushbu holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Unda ta'kidlanishicha, oktabr oyida Qoraqalpog‘iston Madaniy meros boshqarmasi tomonidan “Mizdakxon majmuasi” tarixiy obidalar hududida o‘rganish ishlari olib borilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, “Mizdakxon majmuasi”dan qabriston sifatida foydalanib kelinayotgani aniqlangan.

Shundan so‘ng, Xo‘jayli tuman obodonlashtirish boshqarmasiga tarixiy obidalar hududida qabrlarning joylashtirilishini nazoratga olish vazifasi yuklangan.

Foto: Madaniy meros agentligi

Ammo hozirgi vaqtda boshqarma tomonidan ushbu madaniy meros obekti atrofida yangi qabrlar joylashtirilishining to‘xtatilishi to‘liq nazoratga olinmagan.

1 dekabr kuni Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori Tursunali Qo‘ziyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganish ishlari olib borilishi jarayonida mazkur masala nazoratga olingan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Madaniy meros boshqarmasiga madaniy meros obekti hududini muhofaza qilish va asrashga doir ko‘rsatmalar berilgan.

Hozirda Qoraqalpog‘iston prokuraturasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Foto: Madaniy meros agentligi

Ma'lumot uchun, Mizdakxon nekropoli qadimiy qabriston bo‘lib, Nukus shahridan 40 daqiqa uzoqlikda joylashgan arxeologik inshootlar majmuasi hisoblanadi va ikki yuz gektar maydonni egallaydi. Bu yerda qadimiy qabrlar mavjud, ularning ba'zilari esa 2400 yillik tarixga ega. Mizdakxon - Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng qadimiy va yirik qabristonlardan biridir. Qadim zamonlardan beri bu joy muqaddas va sirli maskan sifatida ko‘plab ziyoratchilarni jalb qilib kelmoqda. So‘nggi dafnlar XIV asrga to‘g‘ri keladi.

Foto: Madaniy meros agentligi

Afsonaga ko‘ra, qabriston hududida dunyo oxiratigacha qolgan vaqtni hisoblaydigan “Dunyo soati” yoki “Qiyomat soati" mavjud. Har yili "soat" devoridan bitta g‘isht tushadi va afsonada aytilganidek, oxirgi g‘isht tushganda, qiyomat sodir bo‘ladi. Shuning uchun bu yerga kelgan ziyoratchilar toshlarni ehtiyotkorlik bilan yig‘ib, ularni yonma-yon qo‘yishadi va najot so‘rab duo o‘qishadi.

Foto: Madaniy meros agentligi

Shuningdek, nekropol hududida Malika Mazlumxon Suluv yerosti maqbarasi, Giaur-qal'a qal'asi, Xalifa Yerejyep va Madaminxon maqbaralari, Karvonsaroy, Qirik-shopan qal'asi, Jomart-Kassap minorasi, madrasa va boshqa obektlarni ko‘rish mumkin. Qabriston bo‘ylab ming yillik tarixga ega bo‘lgan son-sanoqsiz mozorlar mavjud. Ulardan ba'zilari shu darajada yaxshi qurilganki, asl qiyofasini deyarli yo‘qotmagan. Qabrlar yonida qadimgi qoldiqlar: turli uy buyumlari, idishlar, assuariylar uchratiladi.

Top