17:38 / 14.12.2021
17431

Toshkent viloyati prokuraturasi hovlisida favvora qurgan ishchilar pulini ololmayapti

Favvora 80 foiz bitgan paytda buzdirib tashlangan. Qurilish rahbariga ko‘ra, favvoraning qiymati qariyb 500 mln so‘m bo‘lgan; ayni paytda ishchilarning 45 mln so‘m haqi to‘lanmay qolmoqda.

Kun.uz'ga Toshkent viloyatida yangi qurilayotgan “Nurafshon city” majmuasida ishlagan ishchilardan murojaat kelib tushdi.

Ishchilar guruhi boshlig‘i Baxtiyor Hasanovning ma’lum qilishicha, 2021 yil may-noyabr oylarida “Nurafshon city”da qurilayotgan Toshkent viloyati prokuraturasining yangi binosi hovlisida ishlagan qashqadaryolik va jizzaxlik 11 nafar ishchi haligacha ish haqlarini to‘liq ololmayapti.

Ular “Toshkent viloyat maxsus-montaj qurilish” MChJ bilan kelishuv asosida viloyat prokuraturasi yangi binosining hovlisida favvora qurishgan.

Foto: KUN.UZ

Keyinroq, viloyat prokuraturasining yangi qurilayotgan binosini ko‘rish uchun borgan Bosh prokuratura mas’ullarining talabi bilan deyarli qurib bitkazilgan favvora buzib tashlangan. Ishchilar bu yerda har bir kv/metr uchun 90 dollardan kelishgan va jami 116 kv/m maydonda ish olib borishgan. Lekin pudratchi tashkilot – “Toshkent viloyat maxsus-montaj qurilish” MChJ ishchilarga kelishilgan pullarni to‘liq bermagan.

“Ish boshlagan vaqtimizda avans sifatida 3850 dollar oldik. Qurilish davomida bir necha marta favvoraga suv ulab, ishlatish uchun nasos qurilmasi olib berishlarni so‘radik. Lekin rosa cho‘zib yurishdi va oxiri nasosni olib berishmadi. O‘zlarining aybi bilan ish oxiriga yetmagani uchun umumiy kelishuv – 10 440 dollardan 20 foizini (2100 dollar) chegirib qolishadigan bo‘ldi. Bunga ham rozi bo‘ldik.

Shuningdek, o‘zlarining talabi bilan 3 marta favvora qurilishida o‘zgarishlar bo‘ldi, oxiri Bosh prokuraturadagilar kelib ko‘rishganidan keyin deyarli 80 foizi tayyor bo‘lgan favvorani buzib tashladik.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Favvorada ishlatilgan toshlar qimmatbaho bo‘lgani uchun ularni o‘zimiz buzib bersak, haqimizni berishimiz aytilgandi. Lekin qolgan 4500 dollarni (2021 yil 13 dekabrdagi Markaziy bank kursi bo‘yicha taqriban 48,6 million so‘m) ham, favvorani buzganimiz uchun ham haqimiz berilmayapti.

“Toshkent viloyat maxsus-montaj qurilish” rahbari Aziz ismli shaxs oldiga bir necha marta bordim, lekin u meni urib-so‘kib: «Xohlagan joyingga boraver, baribir pulingni bermayman” deb haydab yubordi”, – deydi quruvchilar boshlig‘i Baxtiyor Hasanov.

Baxtiyor Hasanov shundan keyin Bosh prokuraturaga murojaat qilgan. Lekin deyarli 40 kundan buyon murojaati yuzasidan tayinli javob ololmagan. Shuningdek, u bir necha hafta oldin holat yuzasidan prezident portaliga ham murojaat qilgan. Bu tashkilotdan hozircha murojaatga javob kelmagan.

“Qo‘limda ishlagan yigitlar dastidan uyimga borolmay qoldim. Oxiri ikkitasiga uyimdagi eng oxirgi hayvonimni sotib pulini bervordim. Ba’zilari ustimdan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi, Nurafshon shahar prokuraturasiga yozishgan. Ham pulimni ololmayapman, ham tashkilotlar orasida sarson bo‘lib yuribman”, – deydi murojaatchi.

Pudratchi “Toshkent viloyat maxsus-montaj qurilish” MChJ Kun.uz'ga bergan izohida quruvchilar ishni oxiriga yetkazib topshirmagani, shuning uchun kelishilgan pul to‘liq berilmaganini bildirish bilan kifoyalandi. Korxona boshqa izoh berilmasligini ma’lum qildi.

Ochiq ma’lumotlar portaliga ko‘ra, turar joy binolarini qurish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “TOSHKENT VILOYAT MAXSUS MONTAJ QURILISH” MChJ 2014 yilda tashkil qilingan. Ustav kapitali 2,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan korxonaning asosiy ta’sischilari ikki nafar fuqaro. Shuningdek, “O'ZMAXSUSMONTAJQURILISH” AK ham 1 foizdan kichik ulush bilan ta’sischilar qatorida bor.

Foto: KUN.UZ

Holatga izoh bergan viloyat prokuraturasi matbuot kotibi Arslonbek Toshpo‘latov Bosh prokuratura bu obektning buyurtmachisi emasligini ma’lum qildi.

“Buyurtmachi Toshkent viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi hisoblanadi. Bosh prokuratura u tashkilotdan obektni qabul qilib oladi. Fuqaroning murojaati esa tegishli tartibda o‘rganilib, natijasi yuzasidan javob beriladi”, – dedi Kun.uz bilan suhbatlashgan Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmati boshlig‘i.

Ayni paytda favvora qurilishida ishlagan quruvchilarning haqidan tashqari favvora qurilishi xarajatlari kimning hisobidan bo‘lgani ochiq qolmoqda. Quruvchiga ko‘ra, o‘lchamlari 9,5x9,5x1,8 metr bo‘lgan 8 qirrali favvoraning taxminiy qiymati 500 mln so‘m atrofida bo‘lgan.

Kun.uz bilan suhbatlashgan Toshkent viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi rahbari Abror Rahmonov qurilishda ishlagan ishchilar bilan bo‘lgan hodisani rad qilmadi, lekin ishchilar tashkilotga murojaat qilmaganini bildirdi.

U Kun.uz so‘rovidan keyin pudratchi qurilishda ishlatgan ishchilar boshlig‘i bilan hisob-kitob qilmoqchi ekanini aytdi.

Shuningdek, Rahmonov qurilish smetasida favvora qurilishi nazarda tutilmagani, favvorani “TOSHKENT VILOYAT MAXSUS MONTAJ QURILISH” MChJ o‘z hisobidan qurib bergan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Agar “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbarining so‘zlariga ishoniladigan bo‘lsa, smetada bo‘lmagan bunday katta xarajatli qo‘shimcha dabdabaning qurilib, qayta buzib yuborilishi yana savollarni ko‘paytirmoqda.

Top