12:24 / 15.12.2021
7363

“Qurilishlarda qo‘shib yozishlar sabab 92 mlrd so‘m davlat mablag‘i o‘zlashtirib yuborilgan” – Senat

O‘tgan 9 oyda respublikadagi qurilishlarda davlat budjetining 92 mlrd so‘m mablag‘lari qo‘shib yozishlar natijasida o‘zlashtirilgan.

Foto: Oliy Majlis Senatining axborot xizmati

2021 yilning 9 oyi davomida O‘zbekistondagi qurilish-ta’mirlash ishlarida davlat budjeti mablag‘larini qo‘shib yozishlar orqali o‘zlashtirish o‘tgan yilga nisbatan 16 barobarga ortgan. Bu haqda Senatning 15 dekabrdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, yanvar-sentyabr oylarida ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish-ta’mirlash jarayonlarida budjet mablag‘idan 92 mlrd so‘m qo‘shib yozishlar aniqlangan.

Yig‘ilishda senatorlardan biri moliya vaziri Timur Ishmetovga nega bunday holat davom etayotgani va mazkur muammoni hal qilish uchun vazirlik nima ishlar qilayotgani bo‘yicha savol berdi. 

“Bu haqiqatan dolzarb muammo. 92 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ Moliya vazirligi davlat moliyaviy nazorati tomonidan aniqlangan raqamlar. G‘aznachilik qayerga qarayapti deyishadi. Ammo g‘aznachilik birinchi navbatda ko‘proq unga taqdim qilinayotgan hujjatlar to‘g‘riligini ko‘rishi kerak. Ko‘p hollarda noto‘g‘ri taqdim qilingan hujjatlarni rad etadi. Lekin ichidagi raqamlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini xodimlar ko‘ra olmaydi. Shuning uchun ham Davlat moliyaviy nazorat departamenti buni tekshirib boradi. Raqamlashtirish jarayoni o‘sgani sari bu ish osonlashmoqda. Kamchiliklarni aniqlash ko‘lami kengayib bormoqda. Davlat rahbari huzurida ham bu masala ko‘tarilgan. Buni uzil-kesil hal qilish uchun Moliya vazirligi jarayonni raqamlashtirish bilan birga, investitsiya dasturlaridagi budjet mablag‘larini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha prezident qarori chiqqan. Bu orqali budjetdan chiqqan har bir so‘m mablag‘ni nazorat qilish bo‘yicha qaror qilingan. Bu mablag‘lar maqsadsiz ishlatilishining oldini olishda qat’iy qadam bo‘ladi deb hisoblaymiz”, deya javob berdi Ishmetov.

Mavzuga oid
Top