14:33 / 15.12.2021
8167

“Toshkent viloyat maxsus-montaj qurilish”: Favvora qurilishida prokuraturaning aloqasi yo‘q va ishchilarning haqi to‘liq berilgan

Toshkent viloyati prokuraturasi hovlisida favvora qurgan ishchilar ish haqlarini olgan. Bu haqda “Toshkent viloyat maxsus-montaj qurilish” MChJ Kun.uz'ga taqdim qilgan raddiyasida aytiladi.

Foto: Kun.uz

“Toshkent viloyat maxsus-montaj qurilish” MChJ Toshkent viloyat prokuraturasi hovlisida qurilib, keyinroq buzib tashlangan favvora tashkilot mutasaddi xodimlarining qarori asosida amalga oshirilganini, bunga Bosh prokuratura va viloyat prokuraturasining umuman aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, pudratchi tashkilotning ma’lum qilishicha, favvora qurilishida ishlagan ishchilarning avans to‘lovidan tashqari qolgan haqini quruvchilar boshlig‘i Baxtiyor Hasanovning sherigi Azamat To‘raqulov olgan. “Toshkent viloyat maxsus-montaj qurilish” MChJ Kun.uz'ga quruvchilar Baxtiyor Hasanov va Azamat To‘raqulov tomonidan ish haqlarini to‘liq olgani haqida yozib berilgan tushuntirish xatlarini taqdim qildi.

Baxtiyor Hasanov o‘z tushuntirish xatida tashkilot rahbari uni urib-so‘kib haydamagani, ish haqini qolgan qismini sherigi olgani uchun tushunmovchilik bo‘lganini bildirgan.

Shuningdek, Kun.uz bilan qayta bog‘langan murojaatchi Baxtiyor Hasanov haqiqatdan ham qolgan ish haqini uning sherigi hech kimga aytmasdan olganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, oqibatda sheriklari va pudratchi tashkilot bilan tushunmovchiliklar kelib chiqqan.

Top