20:56 / 17.12.2021
11095

Infratuzilma uchun 274 milliard, yana ikkita tunnel, paxtani 100 foiz qayta ishlash rejasi – Turdimov samarqandliklarga murojaat qildi

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashining 50-sessiyasida samarqandliklarga murojaat qildi. Turdimov nutqi davomida 2021 yil viloyatda amalga oshirilgan ishlar va kelasi yilda qanday rejalar ko‘zlanayotgani haqida ma’lumot berdi.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi

YaHM 50 trilliondan oshdi

Viloyat hokimining aytishicha, Samarqand viloyatining yalpi hududiy mahsulot hajmi o‘tgan yilgiga qaraganda 8,4 foizga oshgan. 2021 yil yakunlariga ko‘ra viloyat YaHM hajmi 50,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu esa hozirgi kurs bilan hisoblaganda 4,7 milliard dollar degani. Yil yakunlariga ko‘ra YaHM aholi jon boshiga 12,8 million so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Viloyat hokimligi murojaat vaqtida taqdim etgan ko‘rgazmada yozilishicha, YaHM hajmini keyingi yili 58,6 trillion so‘mgacha ko‘tarish rejalashtirilgan. Viloyat yalpi hududiy mahsulotining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi (45,8 foiz) va xizmatlar sohasiga (33,5 foiz) to‘g‘ri kelgan. Keyingi yil Samarqandda xizmatlar sohasi eng yuqori o‘sishga erishishi kutilmoqda (25,6 foiz).

Eksport uchun 6 ta yangi bozor

Turdimov 2021 yilda samarqandlik tadbirkorlar uchun 6 ta yangi bozor ochilganini aytdi. Samarqandliklar joriy yildan boshlab o‘z mahsulotlarini Yamayka, Kolumbiya, Qatar, Makedoniya, Bangladesh va Livanga eksport qila boshlagan. Shu tariqa Samarqand mahsulotlarining eksport geografiyasi 56 ta davlatgacha kengaygan.

2021 yil samarqandlik tadbirkorlar 402 million dollarlik mahsulot eksport qilgan. Bu reja 16 foizga oshirib (55 million dollarga) bajarilgan degani. Turdimovning aytishicha, eksport hajmi bir yil oldingiga qaraganda 60 foizga oshgan. Samarqanddan 2021 yil 144 million dollarlik tekstil, 125 million dollarlik oziq-ovqat, 30 million dollarlik ozuqa-yem hamda 23 million dollarlik metall va undan tayyorlangan mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan.

Quruq mevalar ham faol eksport qilingan. Xususan, 25 million dollarlik mayiz, 11,6 million dollarlik mosh, 9 million dollarlik uzum, 5,5 million dollarlik yeryong‘oq kabi mahsulotlar eksport qilingan. 700 ming dollarlik 7 turdagi yangi salat bargi, yangi navli gilos, yangi uzilgan selderey ko‘katlari va yangi navli bodring Mongoliya, Iroq, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga eksport qilingan.

Foto: Samarqand viloyat hokimligi

Infratuzilma uchun 274,4 milliard so‘m

2022 yil Samarqand viloyatida infratuzilmani yaxshilash uchun 274,4 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi. Xususan, 59,9 milliard so‘m sarflab, 86 km avtomobil yo‘llari ta’mirlanadi. Shuningdek, 148 km yangi elektr tarmoqlari tortish uchun 49,7 milliard so‘m, 24,6 km tabiiy gaz tarmoqlari tortish uchun 8,4 milliard so‘m, 284 km suv va oqova suv tarmoqlari tortish uchun 157,3 milliard so‘m ajratiladi.

Ikkita markaziy ko‘cha Abu Dhabi fondi mablag‘lari hisobidan ta’mirlanadi

Viloyat hokimining aytishicha, Samarqand shahridagi Amir Temur ko‘chasini ta’mirlash shundog‘am tirbandlik ko‘pligi sabab kechiktirilgan. Keyingi yil Amir Temur hamda Gagarin ko‘chasi Abu Dhabi fondi mablag‘lari hisobidan devordan devorgacha usulida ta’mirlanadi. Gagarin ko‘chasi esa davom ettirilib, Motriddagi yangi Qorasuv massivigacha olib boriladi. Natijada yangi shaharchaga aylangan Qorasuvga borishdagi tirbandlik bartaraf etilishi ko‘zlanmoqda. Turdimovning aytishicha, kelasi yil Samarqandda yana ikkita tunnel va ikkita yo‘l o‘tkazgich ko‘prik quriladi.

Ijtimoiy soha: talabalar turar joylari quriladi, 2 million dollarlik onkologik uskuna olib kelinadi

Samarqandda 2022 yilda qator ijtimoiy loyihalar amalga oshirilishi ham kutilmoqda. Bugungi kunda viloyatdagi OTMlarda 63 mingdan ortiq talaba o‘qimoqda. Bu o‘tgan 5 yillikka qaraganda 5 baravar ko‘pdir. Viloyat hokimi ayni damda Samarqandda boshqa viloyatlar va uzoq tumanlardan qatnab o‘qiydiganlar ko‘pligi uchun 17,1 ming o‘rinli talabalar turar joylariga ehtiyoj mavjud. Shu sabab, xalq tilida «Makaronka» deb ataladigan Birlik mahallasida hamda Ro‘dakiy ko‘chasidagi sobiq g‘isht zavodi o‘rnida talabalar turar joyi quriladi.

Murojaatda tibbiyot sohasidagi yangiliklar ham sanab o‘tildi. Viloyatdagi onkologiya, kardiologiya kasalxonalarida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi. 2 million yevroga onkologiya markazi uchun ichki va tashqi nur terapiya apparatlari o‘rnatiladi. Kardiologiya markaziga esa 30 milliard so‘mga 48 turdagi zamonaviy uskunalar olib kelinadi. Urgut va Paxtachida kardiologiya markazi tashkil etiladi.

«Bersang yeyman, bermasang ochlikdan o‘laman, deb yashamaslik kerak»

Murojaat davomida Turdimov aholi bilan uchrashuvlarda ko‘pchilik moddiy yordam so‘rashi haqida gapirib, bunday qarashni o‘zgartirish kerakligini aytdi: «Joylarga borganda ko‘pchilik moddiy yordam so‘raydi. Fuqarolar yordam olish uchun emas, yaxshi yashayotganlarga intilib yashashi kerak. Odamlarni shunga o‘rgatishimiz shart. Maosh olmayotganlarga moddiy yordam berilmaydi, bandlik boshqarmalari ularga ish taklif qiladi. Bersang yeyman, bermasang ochlikdan o‘laman, deb yashamaslik kerak.

Hozir mamlakatda yashash, ishlash uchun sharoitlar yaratilmoqda, shu sabab hammamiz harakat qilishimiz kerak. Ishlamoqchi bo‘lsangiz, bog‘ qilmoqchi bo‘lsangiz, o‘qimoqchi bo‘lsangiz, marhamat, subsidiya beriladi. Hokim yordamchilari, sektor rahbarlari, adliya organlari kabinetda o‘tirmay odamlarning huquqiy bilimini oshirishi, mana shu narsalarni tushuntirishi kerak», dedi Turdimov.

O‘nlab kichik bog‘lar ochiladi

Turdimovning samarqandliklarga murojaati tugagach, hokim va OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda jurnalistlar Turdimovga savollar bilan murojaat qilishdi. Kun.uz muxbirining «Samarqandda oxirgi yillarda xiyobon va istirohat bog‘lari faqat buzilmoqda, yangilarini ochish rejasi bormi?» degan savoliga hokim kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, eshkak eshish kanali oldida barpo etilayotgan turistik markaz yaqinida katta bog‘ ham bo‘ladi. Shuningdek, Shirin mahallasida, Qorasuv massivida ham bog‘ barpo etish rejasi bor. Turdimov Samarqand shahrida kichik istirohat bog‘lari sonini ham ko‘paytirish rejalari haqida gapirdi. «Shahardagi bo‘sh joylarga faqat do‘kon yoki boshqa bino qurmay,  istirohat bog‘lar ham barpo etish kerak», dedi hokim.

4 yil ichida paxta 100 foiz qayta ishlanadi

Turdimov 2021 yil Samarqandda har bir gektardan o‘rtacha 32 sentnerdan paxta olinganini ta’kidlab, bu yaxshi ko‘rsatkich ekani va unga klasterlar tizimi ishlay boshlagani sabab erishilganini aytdi. Murojaatda aytilishicha, ayni damda Samarqandda ishlab chiqarilayotgan paxtaning 55,3 foizi qayta ishlanmoqda. Keyingi yil bu ko‘rsatkich 59,1 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. 2026 yilga borib esa viloyatda yetishtirilgan paxta 100 foiz qayta ishlanishi aytildi.

«Dinamo» uchun yangi murabbiy

Turdimovga matbuot anjumanida viloyatda yirik sport inshootlari qurish rejasi bor yoki yo‘qligi haqida savol berildi. Bu savolga javob berar ekan, viloyat hokimi shaharning bosh jamoasi «Dinamo»da kuzatiladigan o‘zgarishlar haqida ham gapirdi: «Yaqinda Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan «Dinamo»ga xorvatiyalik murabbiy olib kelinadi. «Dinamo» qolgan jamoalardan kam pul sarflab, Superligaga chiqdi. Kelasi yil imkon qadar jiddiyroq e’tibor beramiz», dedi Turdimov.

O‘tkir Jalolxonov, Kun.uz muxbiri

Top