11:04 / 21.12.2021
14325

Sirdaryoda suv ta’minoti uchun ajratilgan 7 mln dollardan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingan

Osiyo taraqqiyot bankining Xovos tumanining 126 ming aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ajratilgan 7 mln dollardan ortiq kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Sirdaryo viloyati Xovos tumanida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasini amalga oshirish jarayonida 7 mln dollardan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingan. Bu haqda viloyat hokimi G‘ofur Mirzayev 20 dekabr kuni viloyat aholisiga murojaatida ma’lum qildi.

Joriy yilda Sirdaryo viloyatining ichimlik suv bilan ta’minlanganlik va sifat darajasi past bo‘lgan hududlariga prezident Shavkat Mirziyoyev taklifi va tashabbusi bilan Jizzax viloyatining Zomin tumanidan ichimlik suv keltirilishi yo‘lga qo‘yilgan.

«Sirdaryo viloyatining Xovos tumanini ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 7 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingan. Bunda viloyatning iqlimiga mos bo‘lmagan, sifatsiz truba va suv quvurlari olib kelib o‘rnatilgan. Ushbu mablag‘lar evaziga 126 000 nafar aholi ichimlik suv bilan ta’minlanishi zarur edi», — dedi viloyat hokimi.

Shuningdek, G‘ofur Mirzayev Sardoba suv omborida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatlari haligacha bartaraf etilayotgan Sardoba tumanida quvurlarni almashtirish ishlari bo‘yicha misol keltirdi.

«Sardoba tumanida steklopaket [stekloplastika bo‘lishi kerak — tahririyat] quvurlarini yotqizish ishlari natija bermadi. Yaqindagina 7 kilometrlik suv quvurlarini boshqa quvurlarga almashtirdik», — deya ta’kidladi u.

Mavzuga oid
Top