15:50 / 21.12.2021
35112

YHXB ustidan shikoyat qilib borgan fuqaro qidiruvdagi shaxs bo‘lib chiqdi

Fuqaro E.S. qoidabuzarlik bo‘yicha unga yozilgan jarimadan noroziligi sababli YHXBga borib e’tiroz bildirgan. Uning hujjatlari tekshirilganda, Jinoyat kodeksining uchta moddasi bilan ayblanib, qidiruvga berilgani ma’lum bo‘lgan. Buni bilgan xodimlar uni qo‘lga olishgan.

Foto: IIBB YHXB

YHXBga kelgan fuqaro muqaddam jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgani va hozirda qidiruvda ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 17 dekabr kuni fuqaro E.S. qoidabuzarligi bo‘yicha jarimasiga e’tiroz bildirib, Toshkent viloyati IIBB YHXBga murojaat qilgan.

“Shu sababli, uning ma’lumotlari maxsus dastur orqali tekshirilganda, mazkur fuqaro Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi, 112-moddasi 1-qismi, 166-moddasi 3-qismi “a” bandida ko‘rsatilib o‘tilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, qidiruvdaligi ma’lum bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu fuqaro viloyat IIBB YHXB xodimlari Sh.Shomirzayev va A.Hamroqulovlar tomonidan ushlanib, holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

“Fuqaro E.S. Chirchiq shahar IIBga topshirilgan”, deya yakunlanadi IIV xabari.

Rasmiy axborotda fuqaro qachon qidiruvga berilganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, JKning 109-moddasi qasddan badanga yengil shikast yetkazish, 112-moddasi o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, 166-moddasi esa talonchilik jinoyati haqida.

Top