21:31 / 26.12.2021
6229

Video: Qamchiq dovoni yo‘llari qordan tozalanmoqda

Qamchiq dovonida 26 dekabr kuni kuchli qor yog‘ishi kuzatilmoqda. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, M-39 Guliston—Bo‘ka—Angren—Andijon avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida qor yog‘gan. Hozirda yo‘lni qordan tozalash va muzlamalar hosil bo‘lishining oldini olish ishlari davom etmoqda. Bu uchun 135 ta texnika va 340 nafarga yaqin ishchi jalb etilgan.

Yo‘llarda ko‘rinish 300 metrni, havo harorati -7 daraja, namlik 89 foizni tashkil etmoqda. Shamol tezligi — 3-8 metr/sekund.

O‘zbekistonning aksariyat hududlarida 26 dekabr kuni qor yog‘ishi kuzatildi. Avvalroq «O‘zgidromet» yakshanba kuni O‘zbekistonda havo harorati -2 daraja sovuqdan +3 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi, Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Farg‘ona vodiysidan boshqa barcha hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi, Toshkentda yomg‘ir qorga aylanishi haqida axborot bergandi. 

Mavzuga oid
Top