20:41 / 31.12.2021
11704

Janubiy Koreya sobiq prezidenti qariyb besh yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqdi

Pak Kin Xe hozirda Seuldagi shifoxonalardan birida davolanmoqda va fevralgacha o‘sha yerda bo‘lishi kutilmoqda. 

Foto: Reuters

Korrupsiya ayblovi bo‘yicha ozodlikdan mahrum etilgan Janubiy Koreya sobiq prezidenti Pak Kin Xe muddatidan avval ozodlikka chiqarildi. Amaldagi prezident Mun Chje In 69 yoshli Pakni salomatligi yomonlashgani tufayli va prezident saylovi oldidan milliy birdamlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida afv etdi, deb xabar berdi Yonhap agentligi.

Pak Kin Xe qamoqda to‘rt yil-u to‘qqiz oy bo‘ldi.

U hozirda Seuldagi shifoxonalardan birida davolanmoqda va fevralgacha o‘sha yerda bo‘lishi kutilmoqda. 

Sudlangani oqibatida Pak prezidentlik imtiyozlaridan, xususan, maxsus pensiyadan mahrum bo‘ldi. Uning uyi musodara qilinib, sotib yuborilgan.

Janubiy Koreya prezidenti lavozimini 2013 yil fevralda egallagan Pak Kin Xe hokimiyatni suiiste’mol qilish va poraxo‘rlikdagi ayblovlar uchun 2017 yil martida o‘z lavozimidan chetlatilgandi. Unga nisbatan chiqarilgan hukmga ko‘ra, siyosatchi Janubiy Koreyaning Samsung va Lotte kabi yirik kompaniyalarini o‘z dugonasiga qarashli jamg‘armalarga 77,4 mlrd von xayriya qilishga majburlagan. Sobiq prezident va uning yordamchilari, shuningdek, milliy razvedka xizmatining 3 nafar sobiq rahbaridan 3,5 mlrd von pora olganlikda ayblangan.

Pak Kin Xe dastlab 30 yillik qamoq jazosi va 17 mlrd dollarga yaqin jarimaga tortilgan. Biroq keyinroq sud hukmni yumshatib, qamoq jazosini 20 yilgacha qisqartirgan va siyosatchining 180 mlrd von jarima hamda 35 mlrd von tovon puli to‘lashi kerakligini belgilagan.

Mavzuga oid
Top