17:55 / 04.01.2022
69895

“Daholar ichra daho, KXDR porloq quyoshi” - Kim Chen Inni nega taxtdan ag‘darishmaydi?

Gugl yoki Yandeks qidiruvida “Kim” deb yozsangiz bas – Kim Chen In birinchilar qatorida ko‘rinish beradi. Xo‘sh, uning bu qadar mashhurligi siri nimada? Davlati qashshoq, aholi och, tashqi dunyo bilan aloqalarni deyarli uzgan, unvonlari ham o‘zi singari kulgili bu hukmdor qanday qilib dunyo diqqat markazida tura oladi?

Foto: Yuriy Smityuk/TASS

Jahonda diktatorlar ko‘p, qashshoq mamlakatlar ham istagancha topiladi, g‘alati qiliqlari bilan tilga tushgan hukmdorlar ham talaygina. Ammo bularning hech biri “Millatning porloq quyoshi” – Kim Chen Inga teng kela olmaydi. Umuman, Kim Chen Inning unvonlari juda ko‘p:

  • KXDRning oliy rahnamosi;
  • KXDR marshali;
  • Daholar ichra daho;
  • Beqiyos do‘st;
  • Hukmron va yagona partiya – KXDR mehnat partiyasining bosh kotibi;
  • Yangi yulduz va hokazolar uni ulug‘lashda qo‘llaniladi.

Dunyoning eng mashhur ommaviy axborot vositalari Kim Chen In bilan intervyu uyushtirishni orzu qiladilar. Nainki intervyu, balki biror mavzuda ikki og‘iz izohiga mahtal bo‘ladilar. Uning asosan Shimoliy Koreya markaziy nashrlarida chop etiluvchi maqolalari yoki fikrlari ham dunyo hamjamiyati tomonidan diqqat bilan o‘rganiladi, har bir iqtibosi sarlavhalarga sabab bo‘ladi.

Yana bir qiziq jihat – demokratiya va xalq irodasidan asar ham bo‘lmagani holda uning davlati Koreya Xalq Demokratik Respublikasi deb ataladi.

Umuman, Koreya yarimorolidagi vaziyatning o‘zi alohida fenomen. Yaqin o‘tmishda bir millat, bir davlat bo‘lgan bu hudud ham g‘oyaviy, ham iqtisodiy, ham harbiy jihatdan shunchalar yovlashib qolishganki, shart ikkiga bo‘linganlari yetmaganday ikki xil tuzumni qo‘llab, biri beqiyos taraqqiyotga erishdi, ikkinchisi iniga berkinib olish bilan birga tanazzul sari odimlamoqda.

Ko‘pchilikni bir savol qiziqtiradi – nima uchun Shimoliy Koreyadagi o‘ta shafqatsiz tuzumga qaramay, dunyo hamjamiyati uni kuch bilan bo‘lsa-da o‘zgartirishga, Kim Chen Inni taxtdan ag‘darishga harakat qilmaydi? Axir quyushqondan chiqqan deya hisoblangan Saddam Husayn, Muammar Qazzofiy kabi ne-ne hukmdorlar taxtdan ag‘darib tashlandi-ku.

Buning ikki asosiy sababi bor:

  • birinchisi, Shimoliy Koreyada yadro quroli bor va uni muntazam takomillashtirib bormoqda;
  • ikkinchi sabab yirik davlatlar KXDRdagi tuzumni qoralashsa-da, uning o‘zgarishidan ko‘p ham manfaatdor emaslar.
Foto: Dong-A Ilbo via Getty Images

Ikkinchi sababga to‘xtalsak, AQShga g‘oyaviy dushman ortidan hududda o‘z mavqeini oshirib borish, harbiy bazalarini joylashi muhim. Xitoy o‘z navbatida chegarasida o‘ziga tobe qo‘shnisi saqlanib qolishini istagani holda, Janubiy Koreya bilan birlashish ortidan AQSh yetib kelishini xohlamaydi. Yaponiya azaliy raqibi, ikki Koreya birlashuvi va qudratli Koreya davlati tuzilishini ko‘p ham xushlamaydi. Rossiya shu hududda AQSh va umuman g‘arbning “ko‘ziga qum bo‘lib tushgan” davlat borligidan zavqlanadi. Va nihoyat Janubiy Koreyaning o‘zi ham har qancha ezgu niyatda bo‘lmasin, Shimol tuzumining ag‘darilishi yoki ikki davlat birlashuvi o‘z iqtisodiga aql bovar qilmas yuk bo‘lib tushishini anglab yetadi.

Kim Chen In shaxsiga qaytamiz. Rasmiy manbalarda 1982 yilning 8 yanvarida tug‘ilgani aytiladi. Shu kunlarda qirchillama yoshga kirgan Kim janoblari o‘ziga oid ma’lumotlarni oshkor etmaslikni xush ko‘radi. Uning qachondir Shveytsariyada tahsil olib kelgani, g‘arb madaniyati va oshkoraligini ko‘rgani ham otalarining an’analariga sodiq qolishi, yopiqlik siyosatini qo‘llashiga ta’sir qilmagan.

Kim Chen In shimol alohida davlat maqomini olganidan keyin tug‘ilgan dastlabki rahbardir. Otasi Kim Chen Irning uchinchi xotini – balerina Ko Yon Xidan tug‘ilgan kenja farzand bo‘lishiga qaramay, aynan u valiahdlikka tanlangani ham ochilmagan sirlardan biri. Bu jarayon ancha ziddiyatlarga to‘la kechgani bir holat bilan isbotini topadi – 2017 yilda Kim Chen Inning katta akasi, bu davlatdan chiqib ketgan va amalda hech bir siyosiy o‘yinlarda qatnashmaydigan Kim Chen Namning Malayziyadagi aeroportda, ko‘pchilik ko‘z o‘ngida ochiqdan ochiq zaharlanishi va keyinchalik azoblarda o‘lim topishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Deyarli hamma bunda KXDR maxsus xizmatlarini aybladi, ammo amalda shimolliklardan hech kim bu ish uchun sud kursisiga o‘tirmadi.

2011 yilning 17 dekabrida otasi Kim Chen Irning o‘limidan so‘ng boshqaruvni qo‘lga olgan Kim Chen In nafaqat ajdodlari g‘oyalariga sodiq qoldi, balki ularni yangi bosqichga ko‘tardi. Yakkahokimlik yo‘lida u dastlab o‘ziga suyanchiq bo‘lgan amakisi Chan Son Txekni davlatga xiyonatda ayblab qatl ettirib yubordi. G‘arb, xususan AQSh bilan keskin siyosat olib bordi, yadro dasturini faollashtirdi.

Shu bilan birga, mamlakat battar izolyatsiyaga tusha boshladi. Dastlab sanksiyalar, keyin qurg‘oqchilik, vanihoyat koronavirus pandemiyasi sabab chegaralarini taqataq berkitib olish shundoq ham haminqadar yashab turgan aholini butkul qashshoqlik va ochlik jariga itardi.

Lekin shunga qaramay Kim Chen In timsoli bu davlat ichra muqaddasligicha qolmoqda va hech kim uning g‘oyasiga qarshi borish uyoqda tursin, ko‘ziga tik qarashga hayiqadi.

“Beqiyos do‘st” haqida qiziqarli faktlar

1. “Yangi yulduz”ning avtomobilini tashriflar chog‘ida hamisha 12 nafar norg‘ul yigit piyoda chopganicha qo‘riqlab boradi. Ular shu qadar o‘z kasbiga sodiqki, har onda hukmdorlari uchun jon berishga tayyor turishadi. Shuningdek, uning maxsus zirhli poyezdi to‘xtashi bilan tashqi tomoni artib tozalab chiqiladi, shundan keyingina bosh kotib ko‘rinish beradi.

Foto: Reuters

2. Shimoliy Koreyada “Kim Chen In hojatga chiqmaydi” degan tushuncha chindan ham bor. Bu xislat uning otasida ham bo‘lganiga ishonilgan. Rostdan ham “Millat rahnamosi” umuman jamoat hojatxonalaridan foydalanmaydi. Samolyoti va poyezdi tushunarli, manbalarda hatto yengil avtomobili ichida ham maxsus hojatxona joylashtirilgani aytiladi.

3. 40 yoshini rasman nishonlayotgan “Porloq quyosh”ning tug‘ilgan sanasi ham bahsli. Qator OAV uning aslida 1983 yoki 1984 yilda tug‘ilganini ta’kidlaydi. “Beqiyos yetakchi” bunday qilishidan maqsad yoshini ulug‘roq qilib ko‘rsatish deb taxmin qilinadi.

4. Shveytsariyada yashagan paytida fransuz pishloqlarini suyib tanovul qilgan “Buyuk marshal” keyinchalik bu yegulikka qattiq ruju qo‘yadi va kilolab iste’mol qila boshlaydi. Vaqt kelib uning vazni 140 kilogrammgacha chiqib ketadi, sog‘ligida muammolar tug‘iladi va hatto hushdan ketadi. Shundan keyingina u parhezga e’tibor bera boshladi, hozir ancha ozib ixchamlashib qolgan.

Foto: KCNA / Reuters

5. “Oliy rahnamo” basketbolni xush ko‘radi va o‘zi ham yoshligida durustgina o‘ynagan. Bu sport turiga bo‘lgan hurmati tufayli mashhur basketbolchi Dennis Rodman boshliq AQShlik sportchilarni KXDRga taklif qilgan va maxsus o‘yin uyushtirgan.

6. Rahnamoning oilasi haqida ham ma’lumotlar kam. Xotini Li Sol Chju 1985-1989 yillar oralig‘ida tug‘ilgani ma’lum. Ammo Kim janoblari xotini haqida ko‘p gapirishni istamaydi, uch nafar farzandi haqida ham faqat uzuq-yuluq taxminlar bor xolos.

Foto: IMAGO / TASS

Ko‘pchilik balki bilmas – KXDR bir vaqtlar O‘zbekistonda elchixona funksiyalarini bajaruvchi o‘z vakolatxonasini ham ochgan. Garchi ishlamasa-da, mamlakatimiz hududida o‘z rasmiy diplomatiyasiga ega bo‘lgan. O‘zbekiston delegatsiyasi bu davlatga rasman borib qaytgan. Yozuvchi Erkin A’zam o‘ziga xos bu davlat haqida “Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati” deb nomlanuvchi qissa ham yozgan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid
Top