22:14 / 06.01.2022
80955

KXShT va uning tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonda qanday vakolatlarga ega?

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

5 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatdagi tartibsizliklarga sababchi bo‘lgan namoyishchilarni «terrorchilar»ga tenglashtirdi va ularning hujumini tajovuzkorlik harakati sifatida ko‘rish kerakligini aytib, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so‘radi.

Maslahatlashuvlardan so‘ng KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi «mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish maqsadi»da tinchlikparvar kuchlarni Qozog‘istonga cheklangan muddatga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

KXShT haqida

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT, rus tilida «Organizatsiya Dogovora o kollektivnoy bezopasnosti» - ODKB) dastlab xalqaro tashkilot shaklida emas, balki bir qancha davlat o‘zaro imzolagan shartnoma asosida faoliyat yuritgan.

1992 yil 15 mayda Toshkentda Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida kollektiv xavfsizlik shartnomasi imzolangan. 1993 yilda tashkilotga Ozarboyjon, Gruziya va Belarus ham qo‘shilgan.

1999 yilga kelib shartnoma yana uzaytirilgan, lekin uning keyingi muddatlariga O‘zbekiston, Gruziya va Ozarboyjon qo‘shilmagan.

2002 yil may oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan sessiyada Kollektiv xavfsizlik shartnomasini to‘laqonli xalqaro tashkilotga aylantirish borasida qaror qabul qilingan. 2003 yil sentabr oyidan boshlab KXShT to‘laqonli xalqaro tashkilot sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. KXShT 2004 yil 2 dekabrdan BMTda kuzatuvchi maqomiga ega. 2021 yil ma’lumotlarga ko‘ra, tashkilotga a’zo davlatlarning umumiy aholisi 193 million kishidan oshadi.

KXShT harbiy kuchlari

KXShTning asosiy harbiy potensiali 2009 yilda tuzilgan Tezkor harakatlanish kollektiv kuchlari (Kollektivnyye sily operativnogo reagirovaniya) hisoblanadi. Bunda tashqari, mintaqaviy qo‘shinlar, kollektiv havo tinchlikparvar kuchlar hamda Birlashgan harbiy tizimi ham bor.

KXShT kuchlari Kollektiv xavfsizlik kengashi qarori asosida 2009 yil 4 fevraldagi tashkil qilingan. Tarkibiga 20 ming nafar atrofida harbiylar kiradi.

Asosiy vazifasi a’zo davlatlarga nisbatan harbiy agressiyani qaytarish, xalqaro terrorizm va ekstremizm, davlatlararo uyushgan jinoyatchilik va narkotik savdosiga qarshi kurash bo‘yicha maxsus operatsiyalarni o‘tkazish hamda favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qilish hisoblanadi.

KXShT tinchlikparvar kuchlari

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, KXShTning tinchlikparvar kuchlari soni 3,6 ming kishini tashkil qiladi. Maxsus tayyorlangan harbiylar, militsiya (politsiya) va fuqarolar, shuningdek davlatlar tomonidan taqdim qilingan kuch va vositalar – KXShTga a’zo davlatlarning tinchlikparvar kuchlari hisoblanadi.

Aniq biror operatsiyada (masalan Qozog‘istondagi voqeada) qatnashish uchun Tinchlikparvar kuchlar kollektivi tuziladi. Tinchlikparvar kuchlarning tarkibi, soni va tuzilishi KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi qarori bilan, har bir operatsiya uchun mojaro hududidagi holatdan kelib chiqib belgilanadi.

Tinchlikparvar kuchlarga quyidagi vazifalar topshirilishi mumkin:

  • sulh va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv shartlari bajarilishini nazorat qilish;
  • inqirozli hududlarda xavfsiz hududni yaratish;
  • nizolashayotgan tomonlarni ajratish va gumanitar yo‘laklar yaratish;
  • qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash, davlat va jamoat institutlari va tashkilotlarining normal faoliyat yuritishi uchun muzokaralar o‘tkazish;
  • sulh va sulh bitimlarining buzilishini aniqlash va tekshirish;
  • ommaviy tartibsizliklarga qarshi turish, inson huquqlarini ta’minlash;
  • yer va obektlarni tozalashda ishtirok etish;
  • hayotiy muhim obektlarni muhofaza qilish;
  • harbiy texnika, qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni tashishni nazorat qilish, noqonuniy olib kirish va olib chiqishga chek qo‘yish;
  • transportning barcha turlarining xavfsiz tranzitini va kommunikatsiyalarning ishlashini ta’minlash;
  • nizolashayotgan tomonlar aholisi o‘rtasida normal aloqalarni o‘rnatishga ko‘maklashish;
  • qochqinlarning qaytishi uchun xavfsiz muhitni ta’minlash;
  • mojaro zonasida tinch aholiga, shu jumladan ekologik ofatlar yoki tabiiy ofatlar sodir bo‘lganda, o‘z imkoniyatlari doirasida tibbiy yordam ko‘rsatish;
  • gumanitar yordamning to‘siqsiz yetkazib berilishini ta’minlash.

Bundan tashqari, KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi qarori yoki tegishli mandat bilan tinchlikparvar kuchlarga mojaroni hal qilish bo‘yicha boshqa vazifalar ham yuklanishi mumkin.

Qozog‘iston va KXShT

Ayni vaqtda KXShT kollektiv xavfsizlik kengashini boshqaruvchisi hisoblangan Armaniston bosh vaziri Nikolay Pashinyan Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlarning kiritilishi - 1992 yil 15 mayda imzolangan Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnomaning 4-moddasiga asosan amalga oshirilganini aytib o‘tdi. Shartnomaning 4-moddasida, jumladan shunday deyiladi

«Agar ishtirokchi davlatlardan biri tajovuzga duchor bo‘lsa, bu bitim ishtirokchisi bo‘lgan barcha davlatlarga tajovuz deb baholanadi.

Ishtirokchi davlatlardan birortasiga tajovuz (xavfsizlik, barqarorlik, hududiy yaxlitlik va suverenitetga tahdid soluvchi qurolli hujum) sodir bo‘lgan taqdirda, barcha boshqa ishtirokchi davlatlar ushbu ishtirokchi davlatning iltimosiga binoan unga darhol zarur yordamni, shu jumladan harbiy yordamni ko‘rsatadi. Shuningdek, BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq, jamoaviy mudofaa huquqini amalga oshirish uchun o‘z ixtiyorida bo‘lgan vositalar bilan ham qo‘llab-quvvatlaydi. 

Ishtirokchi davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga ushbu moddaga muvofiq ko‘rilgan choralar to‘g‘risida darhol xabar beradi. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirokchi davlatlar BMT Nizomining tegishli qoidalariga amal qiladilar», - deyiladi xalqaro shartnomada.

KXShT kotibiyati Qozog‘istonga yuboriladigan tinchlikparvar kuchlari tarkibiga Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston qurolli kuchlari bo‘linmalari kiritilganini bildirdi. Lekin yuboriladigan harbiy texnikalar soni, xalqaro kuchlarning mamlakatda bo‘lish muddati hozircha ochiqlanmadi.

Qozog‘istonga kelgan rossiyalik desantchilar. Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Shuningdek, KXShT kollektiv kuchlarining asosiy vazifasi davlat va harbiy obektlarni qo‘riqlash, Qozog‘iston Respublikasi huquq-tartibot kuchlariga vaziyatni barqarorlashtirishda ko‘maklashishdan iborat bo‘lishi aytildi. Lekin, yuqorida qayd etganimizdek, KXShT tarkibidagi tinchlikparvar kuchlarga har bir holat yuzasidan boshqa ko‘plab vazifalar ham yuklanishi mumkin. Bu endi Qozog‘istondagi vaziyat qaysi tomonga qarab o‘zgarishiga bog‘liq. 

Bugun, Qozog‘istonga yetib kelgan KXShT tinchlikparvar kuchlari Rossiya havo-desant qo‘shinlari harbiylaridan tashkil topgan. Shuningdek, Tojikiston ham Qozog‘istonga KXShT kuchlari tarkibida 200 nafar harbiy xizmatchisini jo‘natishini ma’lum qildi. Xorijiy OAV dastlabki 100 kishi 6 yanvardayoq Qozog‘istonga yuborilishi mumkinligini yozmoqda.

Qirg‘iziston ham Qozog‘istonga 150 nafar tinchlikparvar kuchlarini yuborishi aytilmoqda. Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, qirg‘iz harbiylar namoyishchilar bilan to‘qnashuvlarda qatnashmaydi, faqat strategik va muhim obektlarni qo‘riqlashda yordam beradi.

Bundan tashqari, MDH Aksilterror tuzilmasi va Turkiy davlatlar tashkiloti Qozog‘istonni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston va KXShT

O‘zbekiston tashkilotning asoschilaridan biri bo‘lsa-da, keyinchalik o‘zining tashqi siyosiy faoliyat prinsiplaridan kelib chiqib harbiylashgan bu tashkilotdan ikki marta chiqib ketgan. Dastlab 1992-1999 yillarda O‘zbekiston kollektiv xavfsizlik shartnomasi ishtirokchilari qatorida bo‘lgan.

Keyinroq, 2006 yilda Sochida (Rossiya) imzolangan shartnoma asosida O‘zbekistonning KXShTga a’zoligi to‘liq tiklandi. Lekin, 2012 yil dekabr oyidan rasmiy Toshkent KXShTga a’zolikni to‘xtatdi va shu kunga qadar bu tashkilotga boshqa qo‘shilmadi. O‘zbekiston 2006-2012 yillarda KXShTga qayta bosh suqib chiqishi sabablari bo‘yicha rasman izoh berilmagan. Ba’zi siyosatchilar O‘zbekiston KXShTga kirishini 2005 yildagi Andijon voqealari tufayli mamlakatga G‘arbdan bosimning ortishi bilan, ushbu tashkilotdan chiqishini esa 2010 yilda Qirg‘iziston janubida yuz bergan millatlararo nizo oqibatlari bilan bog‘laydi.

So‘nggi vaqtlarda Afg‘onistondagi vaziyat ortidan O‘zbekiston KXShTga qayta qo‘shilishi borasida fikrlar yangradi. Lekin O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston KXShTdagi ishtirokini tiklashga zarurat ko‘rmayotganini aytdi.

2021 yil avgust oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlab videoanjuman shaklida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etdi.

Bundan tashqari, KXShT bosh kotibi Stanislav Zas O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini, ammo uning bu tuzilmaga qaytishi mamlakat xalqi va rahbariyatiga bog‘liqligini ta’kidladi.

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top