17:32 / 07.01.2022
14752

Yaponiya O‘zbekistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini bekor qildi

O‘zbekiston milliy jamoasining 2022 yildagi dastlabki o‘yini – Yaponiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi bekor bo‘ldi. 

Foto: KUN.UZ

O‘FA xabariga ko‘ra, Yaponiya futbol assotsiatsiyasi mamlakatdagi koronavirus bo‘yicha vaziyat sababli Tokiodagi o‘yin bekor qilingani haqida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga ma’lum qilgan.

«Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida koronavirusning «omikron» shtammiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Xususan, ayni kunlarda Yaponiyada ham karantin choralari kuchaytirilmoqda. Shu sababli hukumat tavsiyasiga ko‘ra, Yaponiya futbol federatsiyasi 21 yanvar kuni O‘zbekiston milliy jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvini bekor qilishga majbur bo‘ldi», - deyiladi O‘FA xabarida. 

Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda O‘FA mutaxassislari va O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiylar shtabi yanvar oyida boshqa raqib bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish borasida ish olib bormoqda.

Yaponiyaga qarshi o‘yin qoldirilgan bo‘lsa-da, Srechko Katanets shogirdlarining 2022 yilgi reja bo‘yicha ikkinchi uchrashuvi – Yangi Zelandiyaga qarshi bahs 1 fevral kuni Dubayda o‘tkaziladi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi Katanets qo‘l ostida 4ta o‘rtoqlik o‘yinida 3 mag‘lubiyat (Shvetsiya 1:2, Iordaniya 0:3, Gruziya 0:1) va bir g‘alaba (Malayziya 5:1) qayd etilishiga qaramay, O‘zbekiston FIFA reytingida o‘z o‘rnini (84) saqlab qoldi.

Top