16:48 / 11.01.2022
38921

Elboshi davrida boyiganlar xalqqa yordam ko‘rsatishi kerak. To‘qayevning so‘nggi chiqishidan asosiy iqtiboslar

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev parlamentda chiqish qilib, mamlakatda suyultirilgan gaz narxi oshishi ortidan boshlangan namoyishlardan keyin islohotlar dasturini taklif etdi. Quyida qo‘shni davlat rahbarining bayonotidan asosiy qismlar keltiriladi.

KXShT tinchlikparvar kuchlari ketadi

  • Muhim infratuzilma obektlari muhofazasi uchun chaqirilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar kuchlarini olib chiqish jarayoni 13 yanvar kuni boshlanadi. «Aksilterror amaliyotning muhim fazasi ortda qoldi, mamlakatning barcha regionlarida vaziyat barqaror <...>. KXShT tinchlikparvar kuchlarining asosiy missiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Ikki kundan keyin mamlakatdan KXShT birlashgan tinchlikparvar kontingentini bosqichma-bosqich olib chiqish boshlanadi. Kontingentning olib chiqilishi jarayoni o‘n kundan ko‘p vaqt olmaydi», — dedi To‘qayev.
  • Qozog‘istonga namoyishlar tufayli yuzaga kelgan vaziyatdan foydalangan terrorchilar hujumi amalga oshirilgan, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi esa bu jiddiy tahdidni «seza olmadi va buni xohlamadi ham». «Hamma ham o‘z burchiga sodiq bo‘la olmadi. Qator shaharlarda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi departamentlari rahbarlari, yetarlicha harbiy arsenal borligiga qaramay, jangga kirishmasdan, qurollar va maxfiy hujjatlarni qoldirgan holda xizmat binolarini tark etdi», — degan prezident.
  • Olmaota va tartibsizliklardan jabrlangan boshqa viloyatlar markazlari qisqa muddatda tiklanadi. «Bu mening shaxsiy mas’uliyatim va hukumat majburiyati», — degan To‘qayev. Maxsus ishchi guruh tartibsizliklar oqibatlari bilan shug‘ullanadi.

Yangi ijtimoiy shartnoma va siyosiy islohotlar

  • Askilterror amaliyotlar yakunlangach, Qozog‘iston huquq-tartibot organlarini jiddiy islohotlar kutmoqda. To‘qayev buni birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Mamlakat kuchishlatar tuzilmalarning jangovar samaradorligini oshirish, yangi texnikalar bilan jihozlash, muassasalar o‘rtasida muvofiqlashtirishni yo‘lga qo‘yish, ularning qaror qabul qilishdagi mustaqilligini oshirish zarur. Shuningdek, xavfsizlik kuchlari vakillariga hujum uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali huquqiy himoyani ta’minlash kerak. Bundan tashqari, xodimlarning maoshlari oshiriladi. To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa qamoqxonalarda diniy ekstremizmning kriminal olami bilan qo‘shilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. «Oldimizda jamiyatni, shu jumladan tashqi, ichki va xalqaro razvedkani qayta qurish vazifasi turibdi», — degan u.
  • Prezident nutqidagi asosiy tezislardan biri — mavjud siyosiy tizimdan manfaat ko‘ruvchilar haqida bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bular moliyaviy-oligarxik guruhlardir. «Birinchi prezident — elboshi sharofati bilan mamlakatda juda daromadli kompaniyalar guruhi va hatto xalqaro standartlar bo‘yicha ham boy odamlar qatlami paydo bo‘ldi», — dedi To‘qayev. Endi «Qozog‘iston xalqiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularga tizimli va muntazam yordam berish vaqti kelgani» ta’kidlandi.
  • «Shuning uchun hukumat bu kompaniyalarni aniq belgilab olishi va ular bilan maxsus fondga yillik badallar miqdorini kelishib olishi kerak bo‘ladi. Qolaversa, ulkan mablag‘larga ega bo‘lib, soyada qolayotgan shaxslardan ham faollik kutib qolaman. Birgalikda Yangi Qozog‘istonni barpo etamiz!», — degan prezident.
  • Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi va Qozog‘iston Taraqqiyot banki faoliyatini qayta ko‘rib chiqish zarur - u bu bank «mohiyatan, moliyaviy-sanoat va qurilish guruhlarini ifodalovchi ma’lum doira uchun shaxsiy bank» bo‘lib qolgan. Bunga aloqadorlarning barchasi «familiya bo‘yicha» ma’lum.
  • To‘qayev vazifasi Qozog‘iston milliy farovonligini oshirish bo‘lgan «Samruk-Kazina» infestfondida hamda uning barcha bo‘limlarida tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan. «Agar fondni isloh qilishning imkoni bo‘lmasa, Qozog‘iston iqtisodiyotiga usiz ham yaxshi bo‘ladi», deb hisoblaydi prezident.
  • Xorijga kapital asossiz olib chiqilishi mumkinligini inobatga olgan holda ayrim moliyaviy-sanoat guruhlarining mablag‘lari chetga chiqarilishini tekshirish kerak.
  • To‘qayev hukumatga «Operator ROP» kompaniyasini utilizatsiya yig‘imlarini yig‘ish ishidan chetlatish bo‘yicha topshiriq berib, bu ish bilan davlat shug‘ullanishi kerakligini aytdi. Hozirda avtomobil ishlab chiqaruvchilar, rasmiy importerlar va Qozog‘istonga avtomobil olib kirish istagida bo‘lgan xususiy shaxslar shunday yig‘im to‘lashi shart hisoblanadi.
  • Deputatlar, hukumat a’zolari va mahalliy ma’muriyatlar rahbarlarining (hokimlar) maoshlari miqdori hozirda «yetarli darajada», shu tufayli bu miqdorlar muzlatiladi va keyingi besh yillikda ularning maoshlarini oshirishga moratoriy qo‘llanadi. Budjet sohasining boshqa ishchilarining maoshlari esa ko‘tarib boriladi. Davlat xizmatiga ishga kirishda korrupsiya va rasmiyatchilik avj olgan, davlat xizmati har bir fuqaroga ochiq bo‘lishi uchun meritokratiya prinsiplariga amal qilish kerak.
  • Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida yer usti metrosi qurish bo‘yicha qimmatbaho loyiha (LRT) mamlakat obro‘siga putur yetkazuvchi katta muammoga aylangan. Bu loyiha avvalboshdan xatolik edi va undan «korrupsiya hidi» kelardi. Muammo mahalliy va xorijlik arxitektorlar ishtirokida hal qilinadi.

Ijtimoiy muammolar yechimi va kambag‘allikni yengib o‘tish

  • Hukumat aholi daromadlarini oshirish tizimini va qashshoqlikning oldini olish choralarini ishlab chiqishi kerak.
  • Mamlakatga ta’lim sohasidagi islohotlar ham o‘ta zarur. To‘qayevning hisoblashicha, Qozog‘istonda 2025 yilga qadar xorijiy oliy ta’lim muassasalarining kamida beshta filiali ochilishi darkor. Shundan ikkitasi texnika yo‘nalishida bo‘lib, mamlakat g‘arbida ochilishi kerak (suyultirilgan gaz narxi oshishiga qarshi namoyishlar dastlab shu hududda boshlangandi).
  • Shuningdek, To‘qayev maxsus fond ochishga topshiriq berdi - bu jamg‘arma ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasiga yordam berib, boshqa ijtimoiy tashabbuslar bilan shug‘ullanadi, jumladan kam uchraydigan og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatadi. U haqidagi ma’lumotlar jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishi kerak, fond xususiy shaxslar va davlat manbalari hisobidan moliyalashtiriladi.
  • Prezident mamlakatdagi siyosiy o‘zgarishlar bo‘yicha batafsil dasturini sentabr oyida taqdim etishni va’da qildi.
Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Top