10:33 / 13.01.2022
1226

Jizzaxda 205 million so‘mlik tabiiy gazni noqonuniy ishlatgan yashirin korxona aniqlandi

Foto: Jizzax viloyat hokimligi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida 205 million so‘mlik tabiiy gazni noqonuniy ishlatgan yashirin korxona aniqlangan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Sharof Rashidov tumanidagi “Xayrobod” MFY hududida yashovchi fuqaro Q.B.ga tegishli xonadonda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan holda ohak ishlab chiqarilayotgani aniqlangan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, fuqaro 22 ming 809 metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan. Mazkur hajmdagi tabiiy gaz o‘rtacha 1 500 xonadonning bir kunlik iste’molini tashkil qiladi. 

Shu hududda yashovchi yana bir fuqaro Q.M. ham o‘ziga tegishli xonadonda 57 ming metr kub tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalangan. Mazkur hajmdagi tabiiy gaz o‘rtacha 3 ming xonadonning bir kunlik iste’moli hisoblanadi.

Bundan tashqari, Jizzax shahridagi “Suloqli” MFY Toshkent ko‘chasida faoliyat yuritayotgan “MAFTUNA SHARAFJON” MChJga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida ham tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, korxona 2 dona aylanma ohak pechi o‘rnatib 205 ming metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan va gaz ta’minoti korxonasiga 205 million so‘m zarar yetkazilgan. Bu hajmdagi tabiiy gaz o‘rtacha 12 ming xonadonning bir kunlik iste’moli hisoblanadi.

Qayd etilishicha, ayni chog‘da ushbu noqonuniy holatlar bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, har uch holat 2021 yilning dekabr va joriy yilning 3 va 5 yanvar kunlari Energetika vazirligi shtabi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda aniqlandi.

Top