21:51 / 16.01.2022
59786

Shimoldagi qo‘shhokimlik yakuni, janubdan esgan shamol va mahalliy «qovun»lar. Haftaning asosiy mavzulari

So‘nggi hafta davomida muhokamalar markazida turgan asosiy mavzular Kun.uz haftaligida.

Foto: Dela tonkiye / Telegram.

Qozog‘istondagi notinchliklar ortidan bu hafta Aleksandr Lukashenkoning bayonoti eng shov-shuvli mavzu bo‘ldi. Belarus prezidenti Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Qozog‘iston bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida O‘zbekistonga ochiqchasiga tahdid qildi.

Foto: Pul Pervogo / Telegram

«Qozog‘istondagi voqealar saboq bo‘lishi kerak deganimiz hammadan ham avval O‘zbekistonga taalluqli. Agar saboq olinmas ekan, bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, ularning nigohi O‘zbekistonga ham qaratilgan»,dedi Lukashenko.

Bu bayonot KXShTga qaytarish uchun O‘zbekistonga qilingan bosim sifatida qabul qilindi. Lukashenkoning o‘zi ham yaxshi tushunadi: O‘zbekistondagi siyosiy vaziyatni Qozog‘istondagiga taqqoslab bo‘lmaydi. Qozog‘istondagi tinch va demokratik namoyishlar qon to‘kilishi va xunrezlikka aylanib ketganiga sabab – u yerdagi qo‘shhokimiyat.

Ko‘plab ekspertlarning fikricha, suyultirilgan gaz narxi oshishi sabab boshlangan namoyishlar Qozog‘istondagi pishib turgan siyosiy bo‘linishni, ya’ni elboshi Nazarboyev va prezident To‘qayev klanlari o‘rtasidagi ziddiyatni chuqurlashtirib yuborgan.

Namoyishchilarning gaz narxini pasaytirish talabi 4 yanvar kuniyoq bajarildi, lekin endi ular boshqa narsani – hokimiyatga kelganiga 30 yildan oshgan Nazarboyevning ketishini talab qilayotgandi. Turgan gapki, bu talab To‘qayevning foydasiga ishlardi. Boshqacha aytganda, prezidentda namoyishlar bahona Nazarboyevning kadrlaridan qutulish imkoniyati tug‘ildi.

Foto: Pavel Aleksandrov / TASS

To‘qayev bu imkoniyatdan foydalandi, u 5 yanvar kunining o‘zida ketma-ket uchta muhim qarorni qabul qildi: hukumat iste’foga chiqarildi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi, Nazarboyevning uzoq yillik safdoshi Karim Masiyev ishdan bo‘shatildi, va asosiysi elboshiga tegishli mansab – Xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimiga o‘zini tayinladi.

Taxminlarga ko‘ra, Nazarboyevning klani bu mag‘lubiyatli pozitsiyasini, ya’ni hokimiyatni qo‘ldan chiqarayotganini juda og‘riqli qabul qilgan va bunga namoyishlarga keskinlik kiritish bilan javob qaytargan: namoyishchilar orasiga agressiv odamlar kiritilgan, qurol-yarog‘ tarqatilgan va boshqa xunrezliklar sodir etilgan. Bundan tashqari, kuchishlatar tuzilmalarda To‘qayev jamoasining buyruqlariga atayin bo‘ysunmaslik kuzatilgan, natijada prezident keskin vaziyatda harbiy rahbarlarga ishonolmay qolgan. To‘qayev aynan shu sababli Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so‘rashga majbur bo‘lgani taxmin qilindi.

Nima bo‘lganda ham, bu shoshilinch qaror, ya’ni KXShT qo‘shinlarini chaqirgani Qozog‘iston prezidentining xalq orasidagi obro‘si va siyosiy karerasiga dog‘ bo‘lib tushgani aniq. Ana shu dog‘ni yuvish uchundir balki, Qosim-Jo‘mart To‘qayev qozoq xalqiga juda katta islohotlarni va’da qildi. U vaziyat iziga tusha boshlagan paytda Qozog‘iston parlamentida qilgan chiqishini ayrimlar inauguratsiya marosimlari uchun maxsus tayyorlanadigan nutqlarga qiyosladi.

To‘qayev mazkur birinchi katta nutqidayoq shaxsan Nazarboyevni ochiqchasiga tanqid qilib, jamiyatda yuzaga kelgan tengsizlikda uni aybladi:

«Birinchi prezident tufayli mamlakatda juda ham daromadli kompaniyalar guruhi va hatto xalqaro standartlar bo‘yicha ham boy odamlar qatlami paydo bo‘ldi. Qozog‘iston xalqiga ehtirom ko‘rsatish, ularga tizimli va muntazam yordam berish vaqti keldi, deb hisoblayman. Hukumat bu kompaniyalarni aniq belgilab, ular bilan maxsus fondga yillik badallar miqdorini kelishib olishi kerak».

«Amaldagi tizim: «Do‘stlarga hamma narsa, qolganlarga – qonun» prinsipi doirasida asosan yirik strukturalarga xizmat qilishga xoslangan. Bu tizim iqtisodiyotda oligopoliyani borgan sari kuchaytirmoqda. Yirik kompaniyalar alohida imtiyozlardan foydalanib, raqobatni o‘ldiryapti va islohotlarga to‘siq bo‘lyapti».

«Ular oliy darajadagi kabinetlarga kirish imkoniyatidan foydalanib, o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun imtiyozli sharoitlarni qo‘lga kiritib kelishdi. Bu loyihalarga davlat resurslari yo‘naltirilyapti, vaholanki bu resurslar kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun sarflanishi mumkin edi».

To‘qayevning bu bayonotlari yo‘qotilgan obro‘ni tiklash uchun xalqqa yoqadigan gaplarni aytishmi yoki avvalroq bu ishlarni qilishiga elboshining klani to‘siq bo‘lib kelganmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Har holda, bu bayonotlardan ko‘rinib turibdiki, Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyevning davri tugadi.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev salkam 1 soat davom etgan nutqini: «Yangi Qozog‘istonni birga quramiz» degan so‘zlar bilan yakunladi.

***

O‘zbekiston shimolidagi vaziyat endi tinchigan paytda janubdan biroz salqinroq shamol esib o‘tdi. Afg‘onistonni egallaganiga yarim yil bo‘lib qolgan «Tolibon» tarafidan tahdidli murojaat yo‘llandi.

Mavlaviy Muhammad Yoqub
Foto: TOLOnews

Seshanba kuni Afg‘oniston Islom Amirligi mudofaa vaziri o‘rinbosari mavlaviy Muhammad Yoqub O‘zbekiston va Tojikistondan afg‘onlarga tegishli samolyotlarni qaytarib berishni talab qildi.

Bu yerda gap toliblar hokimiyatga kelgan paytda Afg‘oniston Islom Respublikasi harbiylari qo‘shni davlatlarga qochib o‘tgan samolyotlar va vertolyotlar haqida ketyapti.

Muhammad Yoqub O‘zbekiston va Tojikiston bu aviatsion texnikalarni qaytarib berishi shartligini aytib, aks holda bu «oqibatsiz qolib ketmasligi»dan ogohlantirdi. «Bu samolyotlar xorijda qolib ketishiga va bu davlatlar tomonidan foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaymiz», degan vazir o‘rinbosari.

U harbiy-havo kuchlarining Kobulda bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotlari vaqtida shunday bayonot bergan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Afg‘onistonda respublika hukumati qulashidan oldin mamlakatda 164ta harbiy samolyot bo‘lgan, hozir esa ulardan 81tasi qolgan.

Avgust oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Afg‘onistonning 22ta harbiy samolyoti va 24ta harbiy vertolyoti O‘zbekiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgani, ularda jami 585 nafar afg‘on harbiysi bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Afg‘oniston tarafdan kelgan ogohlantirish toliblarni do‘st deb ko‘rishimizga hali erta ekanini ko‘rsatadigandek. Chunki do‘st do‘stiga tahdid qilmaydi.

***

Oxirgi yillarda sarkazmlarga sabab bo‘lgan izohlar anchagina ko‘p aytildi, endi esa uncha-muncha kulgili bayonot ham odamlar e’tiborini torta olmayapti. Masalan, “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi mana bu holat.

Foto: Dela tonkiye / Telegram.

Bog‘ ma’muriyati bergan izohga ko‘ra, bayram kunlari bog‘ga juda ko‘p odam kelgani sababli yo‘lak mana shu ahvolga kelib qolibdi. «[Bayram kunlarida] trotuarlar odamlar bilan to‘ldi, ayrimlar hatto maysa ustidan ham yurishdi», dedi bog‘ direksiyasi vakili Mirjalol Qosimov.

Bog‘ni o‘tgan yili Mustaqillik bayramiga mo‘ljallab bitkazishgan edi. Ochilganiga hali yarim yil bo‘lmagan xiyobonda boshqa kamchiliklar ham bor. Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlab qurilgan «Istiqlol» monumentining gipsdan ishlangan bezaklari ko‘cha boshlagan.

Bog‘ vakilining aytishicha, ayrim bezaklar vaqtinchalikka gipsdan qilingan va ular 2 oy ichida bronzaga almashtiriladi.

Davlat xaridlari portalidagi hujjatlarga qaraganda, 104 gektarlik «Yangi O‘zbekiston» bog‘i va «Istiqlol» monumentini qurishga 194 mlrd so‘m ajratilgan. Xo‘sh, bu yirik loyiha kimga topshirilgandi?

Ochiq manbalarga ko‘ra, salkam 18 mln dollarlik qurilishni MIMAR Group kompaniyasi amalga oshirgan. Firma direktori Dilmurod G‘oyipov haqida ma’lumot izlansa, u Speedway Line nomli boshqa bir kompaniyaning egalaridan biri (ulushi 50 foiz) ekani kelib chiqadi. Speedway Line'ning yuridik manzili va telefon raqami Artel kompaniyasiniki bilan bir xil, elektron pochtasi esa Artel kompaniyasining rasmiy sayti – artelgroup.org domenida joylashgan.

2019 yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev egalik qilgan Dream Production kompaniyasini MIMAR Group'ning hozirgi rahbari Dilmurod G‘oyipov boshqargan.

Xullas, ortiqcha izohga hojat yo‘q.

***

O‘zbekistonda koronavirusning yangi to‘lqini ko‘tarilmoqda. Rasmiy statistika kuniga yana yuzlab odamlar koronavirus yuqtirayotganini ko‘rsatyapti, “tez yordam”ga chaqiriqlar ham ko‘paygan.

Kasallik tarqalishi tezlashganini ko‘pchilik yon-atrofidagilar shamollashga chalinayotganidan sezib turibdi. Katta ehtimol bilan yangi to‘lqin omikron O‘zbekistonga kirib kelgani bilan bog‘liq.

Bu shtamm avvalgilariga qaraganda super-yuquvchanligi bilan ajralib turibdi. 2021 yil dekabr oyigacha, ya’ni pandemiya boshlanganidan keyin o‘tgan salkam 2 yil davomida kunlik yangi holatlar soni biror marta 1 millionga yetmagandi. Hozir esa dunyo miqyosida kuniga 3 milliondan ortiq odamda koronavirus aniqlanyapti.

Shunday bo‘lsa-da, yaxshi yangiliklar ham bor. Kasallik avvalgiga qaraganda ancha yengil o‘tyapti, o‘lim darajasi ham ancha kamaygan. Olimlar bunga bir necha sabab ko‘rsatishyapti: odam organizmi bu virusga qarshi kurashishni o‘rgandi, vaksinalar haqiqatan ham yordam beryapti, bundan tashqari, virusning o‘zi har bir mutatsiyadan keyin kuchsizlanib boryapti.

Mutaxassislarga ko‘ra, omikron shtammi pandemiya nihoyat tugashidan darak beryapti. Chunki har safar yangi to‘lqin ro‘y berganida koronavirusning o‘lim darajasi borgan sari pasayyapti. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham pandemiyaning oxiri ko‘rinib qolgani, lekin ungacha hali yana bir nechta to‘lqin bo‘lishini ma’lum qildi.

Omikron sababli O‘zbekistonda ham karantinga e’tibor yana kuchaydi. O‘quvchilar va talabalar uchun ta’til salkam 1 oy davom etadigan bo‘ldi. Vaziyatga qarab, ta’tildan keyin darslar onlayn boshlanishi mumkinligini inkor qilib bo‘lmaydi. 15 yanvardan boshlab Qozog‘iston bilan chegara qisman yopildi.

Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, chet eldan O‘zbekistonga kirib kelishda endi 72 soat emas, kamida 48 soat ichida olingan manfiy PZR-test natijasini ko‘rsatish kerakligi aytilgandi. Ammo Toshkent aeroportiga kelgandan keyin ham 5 dollarga ekspress-test olinmoqda.

***

Toshkentda ashaddiy daraxtkushlar paydo bo‘lgan. Yunusobod tumanida, «Shahriston» metro bekati yaqinidagi archalar kechasi qora niqobdagi shaxslar tomonidan kesib ketildi.

Hammo balo 18 dona qarag‘ay ekilgan joy auksionga chiqib ketganidan boshlangan. Yerni auksion orqali sotib olgan odam bu daraxtlarni boshqa joyga ko‘chirishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilgan, lekin ekologlar bunga rozi bo‘lmagan. Shundan keyin yerning egasi «Daraxtlarni ko‘chirishga ruxsat bermay, mening huquqimni buzishyapti» degan da’vo bilan ekologlar ustidan arz qilgan. Sud bu da’voni rad etgan.

Bir oy oldin noma’lum kimsalar tunda 10 tup daraxtni yarmigacha arralab ketgan edi. O‘shanda ekologlar arralangan daraxtlarni quritmasdan saqlab qolish maqsadida Botanika instituti mutaxassislarini jalb qilib, agrotexnik tadbirlar qilgandi.

Lekin 10 yanvarga o‘tar kechasi daraxtkushlar yana kechasi, qora niqobda paydo bo‘lgan. Odamlar arra ovozini eshitib chiqqan paytda ular 4 tup daraxtni kesib ulgurgan va voqea joyidan qochib ketgan.

Holat bilan ichki ishlar va prokuratura shug‘ullanyapti.

Andijondagi holat esa alohida mavzu.

Top