08:23 / 20.01.2022
4264

Hukumat «Ulug‘bek» jamg‘armasi faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Foto: Kun.uz

“Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

2022 yildan boshlab har yili “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovi o‘tkaziladi.

Tanlovning:

1-bosqichi fevral–mart oylarida tuman (shahar)larda o‘tkazilib, unda eng yuqori natijaga erishgan har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan nomzod keyingi bosqichga o‘tadi;

2-bosqichi aprel oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilib, ularning har biridan eng yuqori natijaga erishgan 20 nafar yosh navbatdagi bosqichga yo‘llanma oladi;

3-bosqichi may oyida bo‘lib o‘tadi hamda 100 nafar yosh tanlov g‘olibi deb topiladi.

1-, 2- va 3-bosqichlar g‘oliblari tegishli BHMning 5, 10 va 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti va diplom bilan taqdirlanadi.

Respublika bosqichi g‘oliblari jamg‘arma tomonidan tashkil etiladigan maqsadli o‘quv kurslarida bepul tahsil oladi.

Qaror bilan “Iste’dodli yoshlar axborotnomasi” ilmiy-amaliy elektron jurnali hamda “Mirzo Ulug‘bek vorislari” elektron portali tashkil etiladi.

Bunda elektron portalda iste’dodli yoshlarning elektron bazasi shakllantiriladi, o‘quv kurslari bitiruvchilarining reytingi joriy etilib, innovatsion g‘oyalari va ilmiy-texnik ishlanmalari baholab boriladi.

Mavzuga oid
Top