18:20 / 20.01.2022
6651

Jizzaxlik fermerlar o‘zlarini asossiz qarz qilgan suv ta’minoti korxonasini sudda yutib chiqishdi

Foto: Kun.uz

2022 yil 19 yanvar kuni Kun.uz’da Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh fermerlar suv ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz qarz qilinib sudga berilgani haqida tanqidiy maqola e’lon qilingandi. Holat yuzasidan Suv xo‘jaligi matbuot kotibi munosabat bildirdi.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, Jizzax viloyati suv xo‘jaligi boshqarmasi rahbari boshchiligidagi Ishchi guruh bugun, 20 yanvar kuni ertalabdan G‘allaorol tumaniga borib, fermerlar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida ularning muammolariga yechim topilgan.

Munosabat bilan birga taqdim etilgan videolavhada Kun.uz’ga murojaat qilgan fermerlar Furqat Joniqulov va Rahmon Hojiyev sudda ular suv ta’minoti korxonasini yutib chiqishganini aytishgan.

Shuningdek, fermerlarga nohaqdan qarz yozib sudga bergan suv ta’minoti korxonasi mutasaddilaridan bir necha nafari ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilishgan.

Ma’lumot uchun, Kun.uz’ga murojaat qilgan bir guruh fermerlar «G‘allaorol tuman» suv iste’molchilari uyushmasi korxonasi ulardan dala maydonlarini sug‘orish uchun gektariga 100 ming so‘mdan hisoblab noqonuniy haq undirayotganini bildirishgan.

Ularning aytishicha, tashkilot suvni o‘z vaqtida yetkazib berish, ariq, kanal va zovurlarni tozalash borasida biror ish qilmagan. Barcha ishlarni fermerlarning o‘zlari mablag‘ sarflab bajarib kelishgan.

Top