15:30 / 25.01.2022
85851

Gripp va “omikron”ni qanday farqlaymiz? - virusolog Dildora Sekler bilan suhbat

“Omikron” qanday davolanadi, u o‘zidan asorat qoldirmaydimi, vaksinalar yangi shtammdan himoya qiladimi? JSST xodimi, fan doktori Dildora Sekler Kun.uz'ga bergan intervyusida ko‘pchilikni qiziqtirayotgan shu kabi savollarga javob berdi.

Koronavirusning “omikron” shtammi dunyoni shiddat bilan egallab bormoqda. Garchi yengil kechsa-da, uning yuquvchanligi oldingi shtammlarga nisbatan ancha yuqori va u aynan ko‘pchilikni zararlashi bilan xavfli.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xodimi, tibbiyot fanlari doktori, virusolog Dildora Sekler bilan suhbatimiz koronavirus mana shu shtammining o‘ziga xos jihatlari haqida bo‘ldi.

— Omikron bilan kasallanishning o‘ziga xos xususiyatlari qanday?

— Omikron koronavirusning bir shtammi bo‘lib, u o‘tkir respirator kasalliklarning belgilariga juda ham o‘xshashdir. Bunda bemorlarda burun bitishi, yo‘tal, isitma, tomoq og‘rig‘i, et uvishishi kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Bu belgilar boshqa kasalliklarda ham kuzatiladi. Hatto koronavirus kasalligida kuzatiladigan hid bilmaslik ham boshqa kasalliklarda ham uchrashi mumkin.

— Gripp va “omikron” bir-biridan qanday farqlanadi?

— Bu ikki kasallikni bir-biridan faqatgina laborator test yordamida farqlash mumkin. Sababi bu ikki kasallik belgilari juda o‘xshash va hatto aynan bir xil. Qachonki ana shu ikki kasallik bir vaqtning o‘zida bemorni zararlasa, uning klinik kechishi og‘irroq va davolanish muddati cho‘zilishi mumkin. Bunday holatlar tibbiyot tarixida kuzatilgan

— “Omikron” yengil o‘tsa, asoratlar kuzatilmaydimi?

— Koronavirus – yangi kasallik. Shu sababli uning ustida olib borilayotgan tadqiqotlar hamon davom etmoqda. Kasallikning yengil kechishi, bemorda asoratlar qoldirmasligi mumkin. Ammo bu barcha bemorlarda bir xilda kechmaydi. Bu bemorning holatiga bog‘liq. Agar uning yondosh kasalliklari bor bo‘lsa, asoratlar kuzatilishi mumkin?

— Omikron bolalarda qanday kechadi?

— Koronavirusning dastlabki turlari ham, odatda, keksa va surunkali kasalliklari bor insonlarda og‘irroq kechgan bo‘lsa, bolalarda nisbatan yengil o‘tgan edi. “Omikron” ham xuddi shunday va hatto undan ham yengilroq o‘tmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Lekin bu ham barcha bolalarda bir xil kechmaydi.

— “Omikron” qanday davolanadi?

— Kasallikni davolash bemor holati va kasallik darajasiga qarab belgilanadi. Agar yengil daraja kechayotgan bo‘lsa, umuman dori vositalari qabul qilish shart emas. Yoki qanday belgi kuzatilsa, shu simptomni bartaraf etuvchi dori vositasi qo‘llaniladi. Isitma chiqsa, isitma tushiruvchi, yo‘tal kuzatilsa, yo‘talga qarshi dorilar shifokor tavsiyasiga ko‘ra buyuriladi.

Agar kasallik og‘ir darajada bo‘lsa, muayyan belgilangan yo‘riqnomalar va standartlar orqali davolanadi. Bemor mustaqil davolanishi mumkin emas.

— Bemor taomlanishda nimalarga e’tibor berishi kerak?

— Bemorlarda taomlanishda biror bir cheklov qo‘yilmagan. Inson ta’bi nimani xohlasa, shuni tanovul qilishi mumkin. Eng muhimi, suyuqlik yetarli darajada iste’mol qilinishiga ahamiyat berish lozim. Taomlardan ham suyuq ovqatlarni ichish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

— Amaldagi vaksinalar omikronga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi?

— Emlash – kasallikni yengish va himoyalanish uchun eng samarali vosita. Bu bevosita “omikron”ga ta’sir qilmaydi, deb aytib bo‘lmaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shifoxonalarga og‘ir ahvolda kelayotgan bemorlarning aksariyati emlanmaganlar orasida uchramoqda.

Vaksina olganlarda ham bu holat kuzatilmoqda, lekin ularning ko‘pchiligini surunkali kasalligi mavjud va immuniteti past bo‘lgan bemorlar tashkil etadi.

— Profilaktik choralar qanday bo‘lishi kerak?

— Hozir ko‘pchilik niqob taqish, masofa saqlash qoidalariga amal qilmay qo‘ydi. Bu esa o‘z navbatida “omikron”ning tez tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Tabiatan tez tarqalishga moyil bo‘lgan ushbu shtamm uchun bu ayni muddaodir.

To‘g‘ri, “omikron” boshqa shtammlarga qaraganda yengil darajada o‘tishi mumkin, lekin u qisqa vaqtda ko‘pchilikni zararlashi mumkin. Ular orasida esa biz uchun qadrli bo‘lgan insonlar bo‘lishi mumkin.

— “Omikron”dan tuzalgandan keyin immunitet hosil bo‘ladimi yoki emlanish shartmi?

— Har qanday virus va bakteriyalardan so‘ng organizmda immunitet hosil bo‘ladi. Ba’zi bir respirator kasalliklar juda tez paydo bo‘ladi va ulardan hosil bo‘lgan immunitet ham tezda g‘oyib bo‘ladi. Ammo vaksina olganlarda tanadagi antitanalar uzoqroq muddat himoya vazifasini o‘tashi aniqlangan.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top