16:41 / 25.01.2022
36601

O‘zbekistonning chetga gaz va elektr sotish tendensiyasi 4 yilda qanday o‘zgardi?

Raqamlar O‘zbekiston oxirgi 4 yilda elektr energiyasi va gaz eksportini sezilarli kamaytirgani, neft sotish salmog‘ini esa oshirganini ko‘rsatmoqda.

Foto: Getty Images/RIA Novosti

Bir necha kun oldin Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonning 2021 yildagi tashqi savdo aylanmasi statistikasini e’lon qilgandi. Kun.uz mazkur yo‘nalishdagi bir necha yillik statistikalarni o‘zaro taqqosladi.

Tabiiy gaz

2018 yildan beri O‘zbekiston chetga 5,9 mlrd dollarlik (joriy narxlarda) tabiiy va sun’iy gaz sotgan. Statqo‘m 2018-2019 yillarda eksport tarkibidagi ayrim tovarlar statistikasida faqat tabiiy gazni ko‘rsatgan bo‘lsa, 2020-2021-yillarda “tabiiy va sun’iy gaz” deb bergan. Quyidagi diagramma shu statistika asosida shakllantirildi (eksport qilingan resurslarning fizik hajmlari haqida ma’lumotlar ochiq manbalarda kam).

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari / Diagramma: Kun.uz

2018 yildan keyin chetga gaz sotish 2019 yilda 7 foizga kamaygan, pandemiya davrida esa keskin qisqargan. Biroq 2021 yilda yana gaz eksporti shiddat bilan o‘sgan bo‘lsa-da, hali 2019 yilgi eskport tiklanmagan. Bu O‘zbekiston pandemiyadan keyin gaz eksportini kamaytirganini ko‘rsatadi.

2021 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Xitoyga qiymati 601,3 mln dollarga teng 2,6 mln tonna gaz sotgani ma’lum qilingandi. Bu 2021 yildagi gaz eksportining qariyb 90 foizini tashkil qiladi. Ko‘rinadiki, o‘tgan yilda O‘zbekiston asosiy gazini Xitoyga sotgan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Xitoyga sotayotgan bir tonna gazi uchun 233,95 dollar oladi.

Joriy yil boshida O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportini 60 foizga qisqartirgani ma’lum qilingandi.

Elektr energiyasi

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari / Diagramma: Kun.uz

2018–2021-yillarda O‘zbekiston xorijga 496,5 million dollarlik elektr toki sotgan.

Elektr toki eksporti borasidagi 4 yillik statistikadagi eng qiziq jihat – tabiiy gaz eksportidan farqli ravishda, elektr toki eksporti pandemiya davrida kamaymagan, aksincha, 2019 yilga nisbatan 31 foizga o‘sgan. Hatto iqtisodiyot ancha tiklangan 2021 yilda ham pandemiya davriga nisbatan kamroq gaz chetga sotilgan. Elektr toki borasida ham (tabiiy gaz singari) 4 yil ichida eng ko‘p eksport 2018 yilga to‘g‘ri keladi – 165,8 mln dollar. Eng kam eksport esa 2021 yilga to‘g‘ri keladi.

Neft

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari / Diagramma: Kun.uz

O‘zbekistonning neft eksporti 4 yil ichida o‘sish tendensiyasini namoyon qilgan. 2019 yilda O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan neft eksportini 17,4 foizga oshirgan. Hatto pandemiya davrida ham neft eksportida sezilarli pasayish kuzatilmagan – o‘tgan (2019) yil bilan deyarli bir xil neft sotilgan.

2021 yilda 78,7 mln dollarga teng o‘zbek nefti chetga sotilgan va bu o‘tgan 4 yildagi eng yuqori eksport ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Madina Ochilova tayyorladi.

Top