14:08 / 01.02.2022
14130

O‘zbekiston milliy jamoasining Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yini bekor qilindi

Birlashgan Arab Amirliklarida yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston milliy jamoasining navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi. 

Foto: O‘FA

FIFA kunlari doirasida bugun, 1 fevral kuni o‘tkazilishi belgilangan Yangi Zelandiyaga qarshi bahs raqib jamoa tarkibidagi 12 nafar futbolchida koronavirus aniqlangani sababli o‘tkazilmaydigan bo‘lgan. 

«O‘zbekiston milliy jamoasi Yangi Zelandiyaga qarshi uchrashuvga faol tayyorgarlik olib bordi. O‘yin oldidan topshirilgan PTSR testlar jamoamizning barcha a’zolarida manfiy chiqdi va hammasi reja bo‘yicha ketayotgandi.

Biroq bugun tongda Yangi Zelandiya milliy jamoasining 12 futbolchisida o‘yinoldi tekshiruvda koronavirus aniqlangani ma’lum bo‘ldi. Raqib jamoa vakillari bunday holatda o‘ynay olmasliklari, murabbiy esa tarkib shakllantirish uchun yetarlicha futbolchilarga ega emasligini bildirdi. O‘z navbatida O‘zbekiston milliy jamoasi uchun ham futbolchilar salomatligi ustuvor hisoblanadi. Natijada tomonlar bugungi o‘yinni qoldirishga qaror qilishdi», - deyiladi O‘FA xabarida.

Avvalroq, Yaponiya milliy jamoasi ham 21 yanvar kuni O‘zbekistonga qarshi bahsni Tokiodagi koronavirus bo‘yicha vaziyat sababli bekor qilgan edi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi Dubaydagi uch haftalik yig‘inni yakunlab, Toshkentga qaytadi. Srechko Katanets shogirdlari BAAda «Al-Vahda» klubi (1:0) va Janubiy Sudan milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi (3:0) o‘tkazishgandi.

Top