15:36 / 03.02.2022
9706

Vazirlik rasmiysi oflayn ta’limga qaytish va 2-semestr boshlanishi bo‘yicha izoh berdi

Nechanchi kursda o‘qiyotganidan qat’i nazar, barcha talabalar 7 fevraldan OTMlarda boshlanadigan an’anaviy ta’lim jarayonida ishtirok etadi; 2-semestrni 14 yo 21 fevraldan boshlashi avvaldan belgilab qo‘yilgan talabalar bundan mustasno.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov oliygohlarda  oflayn ta’limga qaytish kurslar bo‘yicha bosqichma-bosqich bo‘lishi haqidagi tushunmovchiliklarga izoh berdi.

“7 fevraldan boshlanadigan oflayn darslarga borishni xohlamagan talaba 14 fevralda ham darsda qatnashishni istamaydi. Shuni alohida e’tiborga olish kerak. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan berilgan rasmiy xabarda ta’kidlanganidek, nechanchi kursda o‘qiyotganidan qat’i nazar, barcha talabalar 7 fevraldan oliy ta’lim muassasalarida boshlanadigan an’anaviy ta’lim jarayonida ishtirok etishadi.

1- va 2-kurslar uchun alohida o‘qish grafigini tasdiqlagan oliy ta’lim muassasalari ham bor. Bu yerda bitta narsani alohida e’tiborga olish kerakki, 60dan ortiq OTMlarda 1- va 2-kurslarda o‘qiyotgan talabalar kredit-modul tizimida tahsil olishadi. O‘zbekistondagi barcha universitet va institutlarning talabalari ushbu tizim bo‘yicha o‘qiydi.

Bu tizim joriy etilgandan keyin 1-semestrning o‘quv haftalari 15 haftaga qisqardi. Natijada dekabrning oxirigacha ushbu semestr yakunlangan. Aksariyat talabalar baholarini ham olib bo‘lishgan. Qarzdor talabalarga semestrlar oralig‘ida 4 haftalik muhlat berilgan. Bu vaqtda qarzdor talabalar OTMga kelib, qarzlarini topshirishadi. Qarzdor bo‘lmagan talabalar shundoq ham ta’tilda bo‘ladi bu davrda.

Mana shular inobatga olinib grafik qilinganki, birinchi va ikkinchi kurs talabalarining o‘qish muddati aslida avvaldan o‘quv rejalarida belgilab qo‘yilgan. Shu narsa bugungi kunda ayrim tushunmovchiliklarga sabab bo‘lyapti.

Barcha talabalar kursidan qat’i nazar 7 fevral, dushanba kunidan o‘quv jarayonida ishtirok etadi. Amaliyotdagi talabalar amaliyotini davom ettiradi. Faqatgina 2-semestrni 14 yo 21 fevraldan boshlashi avvaldan belgilab qo‘yilgan talabalar o‘qishni o‘quv rejasida ko‘rsatilgan vaqtdan boshlashadi”, dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov Xalqaro press-klubning bugungi sessiyasida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent davlat texnika universitetida va TATUning Qarshi filialida oflayn ta’limga bosqichma-bosqich qaytilishi ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top