08:31 / 05.02.2022
8928

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri nimalarga shaxsan mas’ul ekani ma’lum bo‘ldi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Prezidentning “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi 23 ta qonunchilik hujjatlari tizimlashtirilgan.

Quyidagilar: Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risidagi nizom; Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi tashkiliy tuzilmasi; Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati tuzilmasi; Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari namunaviy tuzilmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmasi tasdiqlanadi.

Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati boshqaruv xodimlari cheklangan soni 143 nafar, sog‘liqni saqlash hududiy boshqaruv organlari xodimlari cheklangan soni — 377 nafar etib belgilanadi.

Sog‘liqni saqlashda davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlarini muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirishni ta’minlash maqsadida belgilanishicha, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri quyidagilarga shaxsan mas’ul:

  • fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash sohasida rivojlanish davlat dasturlarini amalga oshirish, kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni, standartlarni va normativlarni, shuningdek, boshqa tadbirlarni ishlab chiqish va tatbiq etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va aholining tibbiy madaniyatini oshirish;
  • tibbiy tashkilotlar menejmenti ko‘nikmasiga va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, har tomonlama rivojlangan mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan boshqaruv kadrlarini tayyorlash, tanlab olish va joy-joyiga qo‘yishning mutlaqo yangi tizimini yaratish;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi va hududiy sog‘liqni saqlash boshqaruv organlarining ishini samarali tashkil etish, tibbiyot tashkilotlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning ta’sirchan tizimini yaratish, ularning faoliyati ochiqligini va aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri manzilli muloqot o‘rnatishini ta’minlash, fuqarolarning tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatidan qanoatlanganligini monitoring qilish va baholash tizimini tatbiq etish;
  • tibbiy ta’lim va tibbiyot fanini rivojlantirish, innovatsiya va “elektron sog‘liqni saqlash” tizimini tatbiq etish, majburiy tibbiy sug‘urta dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, tibbiy turizm va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
  • aholi va tibbiyot tashkilotlari ehtiyojlarini to‘liq qoplash maqsadida ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini shakllantirish va o‘z vaqtida yangilash;

b) hududiy sog‘liqni saqlash boshqaruv organlari rahbarlari quyidagilarga shaxsan mas’uldir:

  • tibbiyot tashkilotlarining hududiy tarmoqlari faoliyatini samarali tashkil etish, birlamchi tibbiy-sanitariya, ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordamning sifati va ommabopligi, idoraviy bo‘ysunuvidagi hududda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash;
  • sog‘liqni saqlash sohasida rivojlanish hududiy dasturlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, tibbiyot tashkilotlarini va aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta’minlash, tibbiy va maxsus texnikaning samarali ishlashi va o‘z vaqtida yangilanishi;
  • tibbiy yordamni bosqichma-bosqich va izchillik prinsipi asosida ularning oqimlarini oqilona va asosli marshrutlash yo‘li bilan bemorlarni turli darajadagi (turdagi) tibbiyot tashkilotlariga yo‘naltirishning xolis tizimini tashkil etish;
  • sog‘liqni saqlash sohasida fuqarolar huquqiga rioya qilish nazoratini ta’minlash, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlariga sifat menejmenti tizimini tatbiq etish;
  • sog‘liqni saqlash muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha zarur tadbirlarni amalga oshirish;

v) tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari quyidagilarga shaxsan mas’uldir:

  • oila salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, kasalliklar profilaktikasi, dispanserizatsiya, patronaj va uyma-uy yurish bo‘yicha tadbirlarni samarali amalga oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va fuqarolarning o‘z sog‘lig‘iga mas’ulligini oshirish;
  • tibbiy xizmat izchilligini va birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining tuman (shahar) ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari bilan yaqindan o‘zaro aloqasini ta’minlash;
  • davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, pullik tibbiy xizmatni amalga oshirish, sog‘liqni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun o‘z manbalarini shakllantirish;
  • sog‘liqni saqlash va fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish sohasida tadbirlarning manzilliligi va natijadorligini oshirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilish;
  • tasarrufidagi tashkilotlardagi bino va inshootlar, uskunalar, tibbiy texnika va boshqa moddiy qiymatliklarni saqlash va ulardan samarali foydalanish.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining roziligisiz davlat sog‘liqni saqlash muassasalari yer uchastkalari va ko‘chmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlanadi.

Mavzuga oid
Top