15:30 / 10.02.2022
6788

OKMK: Ratsionalizatorlik g‘oyalari – taraqqiyot omili

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ochiq kon va yerosti koni ma’danlarini qazib oladigan, boyitish va oltin saralash fabrikalari, metallurgiya zavodlari, yirik energiya va transport tizimlari, rivojlangan infratuzilma va ijtimoiy soha obektlarini birlashtirgan noyob sanoat majmuasidir.

Foto: Sherzod Tilovberdiyev

Kombinat tarkibidagi Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi bu majmuaning korxonalarini o‘zaro bog‘lovchi rishta bo‘lib, rudalarni o‘z vaqtida boyitish fabrikalariga yetkazishdek mas’uliyatli vazifani bajarib keladi. Bundan tashqari, kombinatga keladigan texnologik yuklar va jo‘natiladigan mahsulotlar ham aynan sanoatning qon tomirlari bo‘lgan temiryo‘l orqali o‘z manzillariga yetkaziladi.

STTB tarkibida ayni paytda 13ta temiryo‘l stansiyalari bo‘lib, temiryo‘llar umumiy uzunligi – 249,05 kilometrni tashkil etadi. Kombinatda amalga oshirib kelinayotgan investitsiyaviy loyihalar doirasida temiryo‘l transporti sohasida ham salmoqli ishlar bajarilmoqda. Jumladan, “Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi markaziy yo‘l uchastkasini modernizatsiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Yuk tashish jarayoni eng maqbul logistika va transport yo‘nalishlarini doimiy ravishda takomillashtirishni talab qiladi. Fevral oyining boshida “Olmaliq KMK” AJ logistika va temiryo‘l transporti bo‘limi tashabbusi bilan kombinatga “Ozodlik” stansiyasi orqali kiruvchi va chiquvchi yuklarning marshrutini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun texnik qaror qabul qilindi. Ushbu taklif OKMK rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uni amaliyotga joriy etish vazifasi belgilandi. Mazkur taklif amaliyotga joriy etilishi natijasida kombinat tarkibiy bo‘linmalarida ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan texnologik yuklarning barqaror qabul qilinishi ta’minlanib, 2040 yilgacha uch baravargacha o‘sishi kutilayotgan yuk tashish hajmini qabul qilish hamda yiliga 6,7 mlrd so‘m mablag‘ni iqtisod qilish imkoniyati tug‘iladi.

Bundan tashqari, OKMK logistika va temiryo‘l transporti bo‘limi boshlig‘i Umar Mavlyanqulovning ma’lum qilishicha, mahsulotlar tannarxini kamaytirish, olib kelinadigan rudalar va texnologik yuklarni yetkazib berishda avtotashuvlar masofasini qisqartirish maqsadida “Chodak kon boshqarmasining tovar-moddiy boyliklarini “Pop” temiryo‘l bekatidan “Temiryo‘lobod” bekatiga tashish marshruti sxemasini o‘zgartirish” nomli ratsionalizatorlik taklifi ham berilgan. Mazkur taklifga ko‘ra, Chodak kon boshqarmasidan 12 km uzoqlikda joylashgan “Temiryo‘lobod” temiryo‘l bekatining ombor xo‘jaligi ko‘chirilishi ko‘zda tutilgan.

Chodak koni boshqarmasidan yuk tashish temiryo‘l orqali jo‘nash bekatidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJning “Pop” bekatigacha, keyin “Pop” bekatidan Chodak koni boshqarmasi omborlarigacha tashish masofa oralig‘i 70 km bo‘lgan yo‘l orqali avtotransport yordamida amalga oshirib kelinar edi.

Shuningdek, Chodak kon boshqarmasining mavjud dovon bazasi yuklarni, shu jumladan yarim usti ochiq vagonlarni (poluvagon) ommaviy qabul qilish uchun mo‘ljallanmagan. Chunki ikki tomonlama tushirish uchun mo‘ljallangan bunkerlar bo‘lmagan. Ushbu temiryo‘ldan tashqari, temiryo‘lning R-43 markali relslar yordamida yig‘ilgan shpal panjaralari ma’naviy va texnik jihatdan eskirgan.

Ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlar o‘z vaqtida tashkil etildi. Zarur miqdordagi yo‘l qurilishi texnikalari ajratildi. Temiryo‘l infratuzilmasi qurilishini o‘z vaqtida yakunlash uchun zarur ish qobiliyatiga ega shtat birliklari, temiryo‘l montajchilari, markaziy signalizatsiya, bloklash va aloqa mutaxassislari hamda kombinatning boshqa mutaxassislari ham jalb qilindi.

Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida tashish masofasi 58 kmga qisqaradi va yonilg‘i-moylash materiallarini (dizel yonilg‘isi, shinalar va boshqalar) iqtisod qilinishiga erishiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga taxminan o‘rtacha 500,0 mln so‘m mablag‘ tejaladi. Shuningdek, kombinat ehtiyojlari uchun quyidagi texnologik yuklarni temiryo‘l transportida tashish rejalarini o‘z vaqtida ta’minlash imkoniyati yaratiladi.

Jumladan, Kovuldi konidan yiliga 24 000 tonna ruda tashish imkonini beradi. Bundan tashqari, yiliga 1920 tonna ohak, 480 tonna suyuq xlor, 960 m3 yog‘och materiallari, 480 tonna po‘lat sharlar, 120 tonna sement, 200 tonna qum, sheben va boshqa tovar-moddiy boyliklarni o‘z manziliga yetkazish imkonini beradi.

Bugungi kunga kelib mazkur obekt qurilishi yakunlanib, o‘rnatilgan tartibda ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan ruxsat beruvchi hujjatlar tayyorlanmoqda.

Shu bilan birga, mavjud temiryo‘l uchastkalarini modernizatsiya qilish ishlari yana davom ettiriladi.

Sherzod Tilovberdiyev,
OKMK matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top