12:18 / 12.02.2022
41919

Muhiddin Jo‘rayev Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi

Foto: IIV axborot xizmati

Ichki ishlar vazirining shaxsiy tarkib bo‘yicha buyrug‘i bilan lavozim tayinlovi amalga oshirildi. Bu haqda IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti xabar berdi.

Polkovnik Muhiddin Jo‘rayev Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Tayinlovga qadar M.Jo‘rayev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan.

Polkovnik Muhiddin Jo‘rayev 2014-2016 yillarda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIB boshlig‘i, 2016-2018 yillarda Sirdaryo viloyat IIB boshlig‘i, 2018-2019 yillarda ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, 2019 yil iyulida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimini egallagan.

U 2019 yilning noyabr oyi oxirlarida prezident qarori bilan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod qilingandi. 2020 yilning fevralida esa Qo‘qon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan, 2020 yil sentyabr oyida Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Ma’lumot uchun, 2019-2020 yillarda Tergov departamenti boshlig‘i bo‘lgan Doniyor Toshxo‘jayev 2020 yil yanvarida Farg‘ona viloyati IIBga boshliq bo‘lib ketgandi.

Muqaddam Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Toshxo‘jayev 2019 yil yanvaridan 2019 yil yoziga qadar Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagandi.

Doniyor Toshxo‘jayev 2019 yilning iyunida Akrom Boboxonov o‘rniga Ichki ishlar vazir o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. 2020 yil yanvar oyida esa Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i sifatida ish boshlagandi.

Kecha, 11 fevral kuni prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida Namangan viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Odil Otaxo‘jayev lavozimidan ozod etilgandi

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i Shuhratjon Sotvoldiyevga qat’iy ogohlantirish berilgan, Andijon va Samarqand viloyatlari YHXB boshliqlari ishdan olingan.

Top