09:21 / 13.02.2022
22091

Toshkentdagi Yangiobod bozori hududida yong‘in ro‘y berdi (video)

Foto: FVV matbuot xizmati

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan ma’lumot berdi.

«Joriy yil 13 fevral kuni soat 07:48 da Toshkent shahar Yashnobod tumani Yangiobod ko‘chasida joylashgan «Yangiobod» bozor hududida yong‘in bo‘layotgani to‘g‘risida tuman FV bo‘limiga xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 07:52 da yetib borib, yong‘in soat 08:11 da o‘rab olingan va soat 08:17 da bartaraf etilgan», deyiladi xabarda.

Yong‘in natijasida bozor hududida joylashgan oshxona, somsaxona va rastalarining taxminan 120 kv.m. maydonda tomi, shifti va jihozlari yonib zararlangan. 

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. 

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Top