13:57 / 14.02.2022
41762

Namangan viloyati IIBga yangi boshliq tayinlandi

Samarqand viloyati IIBning sobiq boshlig‘i Namangan viloyati IIB rahbarligiga o‘tkazildi. Namangan IIBning avvalgi rahbari prezident videoselektorida ishdan olingandi.

Bugun, 14 fevral kuni Namangan viloyati hokimligi majlislar zalida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov va viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Unda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, yig‘ilishda ichki ishlar vaziri buyrug‘i bilan Odil Ergashevich Otaxo‘jayev viloyat IIB boshlig‘i lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi va Shavkat Navro‘zovich Rahmonov Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasining yangi boshlig‘i sifatida tanishtirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil noyabridan buyon Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan Odil Otaxo‘jayev 2022 yil 11 fevral kungi videoselektorda ishdan olingandi.

Bu so‘nggi kunlarda uchinchi viloyatda IIB boshlig‘i o‘zgarishidir.

12 fevral kuni 2020 yil yanvaridan buyon Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimini egallagan Doniyor Toshxo‘jayev lavozimidan olinib, uning o‘rnini Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilib kelgan Muhiddin Jo‘rayev (u muqaddam Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, 2020 yil fevralidan sentyabrigacha Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri IIBda ishlagan) egalladi.

Shu kuni 2019 yilning iyunidan buyon Samarqand viloyati IIBni boshqarib kelgan Shavkat Rahmonov boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan lavozimdan ozod etilib, uning o‘rniga Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov tayinlandi.

2019-2020 yillarda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Doniyor Toshxo‘jayevning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot berilmadi.

Top