13:01 / 15.02.2022
14475

Davlat departamenti amerikaliklarni Belarus va Dnestrbo‘yidan ketishga chaqirdi

AQSh Davlat departamenti mamlakat fuqarolariga Belarus va tan olinmagan Dnestrbo‘yi respublikasini zudlik bilan tijoriy reyslar yoki xususiy samolyot orqali tark etishni tavsiya qildi.

Idora «mahalliy qonunlarni bajarishdagi o‘zboshimchalik, hibsga olinish xavfi, Rossiyaning Belarus-Ukraina chegarasidagi noodatiy va xavotirli tarzda kuch to‘plashi, shuningdek COVID-19 va u bilan bog‘liq kirish cheklovlari» tufayli Belarusga bormaslikni tavsiya etgan. Xabarda 31 yanvar kuni Davlat departamenti Minskdagi elchixona xodimlarining oila a’zolarini olib ketish bo‘yicha ko‘rsatma bergani eslatib o‘tilgan.

Davlat departamenti «COVID-19, Rossiyaning Ukraina atrofidagi noodatiy va xavotirli harbiy faolligi, Dnestrbo‘yidagi alohida hudud va markaziy hukumat o‘rtasidagi hal qilinmagan mojaro» tufayli Moldovaga bormaslikni tavsiya etgan. Davlat departamenti Dnestrbo‘yidagi amerikaliklarni zudlik bilan u yerni tark etishga chaqirgan.

11 fevral kuni AQSh hukumati Rossiya «istalgan vaqtda» jumladan, 20 fevral kuni yakunlanadigan qishki Olimpiya o‘yinlari vaqtida ham Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligidan ogohlantirgandi. OAV xabariga ko‘ra, AQSh ittifoqchi davlatlarni, hujum 16 fevral kuniga kutilayotganini xabardor qilgan, ammo Oq uy rasmiysi hujum sanasini oldindan aytib bo‘lmasligini bildirgan. Rossiya esa Ukrainaga bostirib kirish niyati yo‘qligini ma’lum qilgan.

AQSh bir necha bor amerikaliklarni Ukrainadan ketishga chaqirdi. 11 fevral kunidan keyin yana 30dan ortiq davlatlar o‘z fuqarolariga bu davlatni tark etish yoki bu davlatga safar qilishdan tiyilishni tavsiya qilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top