07:59 / 15.02.2022
32908

Litseylarga maktab o‘quvchilarini tanlab olish tartibi e’lon qilindi

“Akademik litseylarga umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini tanlab olish, o‘qishga qabul qilish, o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom loyihasi e’lon qilindi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylarga o‘quvchilarni tanlab olish, mazkur nizomga muvofiq, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Davlat test markazi bilan birgalikda quyidagi bosqichlarda:

o‘quvchilarni tanlab olishda tanlovlar, musobaqalar va ichki olimpiadalar o‘tkazish orqali seleksiya ishlarini amalga oshirish;

o‘quvchilarni akademik litseylarga qabul qilish bo‘yicha saralash imtihonlari test sinovlari bilan birgalikda dastlabki yozma imtihon asosida iqtidorli yoshlarni saralab olishning ikki bosqichli tizimida amalga oshiriladi.

Bunda:

  • akademik litseylarga hujjat topshiruvchi abituriyentlar uchun 3 tagacha akademik litseyning tillar kesimida, mos ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyatini berish;
  • akademik litseylarning belgilangan qabul kvotasiga nisbatan abituriyentlarning soni 2:1 nisbatdan kam bo‘lganda dastlabki saralash imtihonini o‘tkazmaslik, teng yoki ushbu nisbatdan ko‘p bo‘lgan hollarda dastlabki yozma imtihonni o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik masalasini oliy ta’lim muassasasi vakolatiga berish;
  • dastlabki yozma imtihonni oliy ta’lim muassasasi rahbariyati bilan kelishib, zaruriyat va imkoniyatdan kelib chiqqan holda onlayn tarzda o‘tkazish nazarda tutiladi.

Oliy ta’lim muassasalari tomonidan har yili 1 iyunga qadar umumta’lim muassasalarining iqtidorli o‘quvchilarini jalb qilish maqsadida o‘tkazilgan tanlovlar, musobaqalar va ichki olimpiadalarda 1 – 3-o‘rinni egallagan 8-9-sinf o‘quvchilari ushbu oliy ta’lim muassasasi tasarrufidagi akademik litseyga o‘qishga kirishda dastlabki yozma imtihondan ozod etiladi.

Ushbu tanlovlar, musobaqalar va ichki olimpiadalarda 1 – 3-o‘rinni egallay olmaganlar hamda unda ishtirok etmaganlar ham akademik litseylarga hujjat topshirishiga ruxsat etiladi.

Akademik litseylarga o‘quvchilarni qabul qilish parametrlari har bir akademik litseyning imkoniyatlarini hisobga olgan holda tizimida akademik litseylar mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralarning takliflari asosida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan shakllantiriladi hamda har yili 1 iyunga qadar ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Xorijiy fuqarolar akademik litseylarga o‘quvchilarni qabul qilish parametrlaridan tashqari, to‘lov-shartnoma asosida (bundan davlat granti ajratilgan hollar mustasno), saralash imtihonlari va suhbatsiz qabul qilinadi.

Akademik litseylarga abituriyentlarni (xorijiy fuqarolar bundan mustasno) ro‘yxatdan o‘tkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy elektron platformasi orqali har yili 1 iyundan 30 iyunga qadar amalga oshiriladi.

O‘quvchilarni akademik litseylarga qabul qilish bo‘yicha ikki bosqichli saralash imtihonlari (test sinovlari bilan birgalikda dastlabki yozma imtihon) amalga oshiriladi.

Ixtisoslik xususiyatidan kelib chiqib ayrim ta’lim yo‘nalishlarida kirish test sinovlari o‘rniga 1 tadan ortiq bo‘lmagan umumta’lim fanidan ijodiy imtihon o‘tkaziladi.

Akademik litseylarga o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar ro‘yxati saralash imtihonlari natijalariga asosan ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilangan qabul kvotasiga muvofiq shakllantiriladi.

Top