12:36 / 21.02.2022
18570

O‘zMU kutubxonasidagi o‘nlab nodir qo‘lyozmalar yo‘qolgani tasdiqlandi. Mansabdorlarga nisbatan jinoiy ish ochilgan

O‘zbekiston Milliy universiteti fondida saqlanayotgan 56 dona qo‘lyozma va 6 dona toshbosma asarlar talon-toroj qilingani tasdiqlandi. Bosh prokuraturaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, universitet mansabdorlari va Axborot resurs markazi direktoriga nisbatan 3 ta modda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Fotokollaj: Kun.uz

Bosh prokuratura O‘zbekiston Milliy universitetida yo‘qolgan bo‘lishi taxmin qilinayotgan o‘nlab nodir qo‘lyozmalar bilan bog‘liq holat yuzasidan o‘rganish ishlarini yakunladi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, tekshirish davomida O‘zMU Axborot resurs markazi fondida saqlangan XIII-XIX asrlarga oid qiymati 2,6 mlrd so‘mlik tarixiy va badiiy ahamiyatga ega 56 dona qo‘lyozma va 6 dona toshbosma asarlar talon-toroj qilingani va boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

«2022 yil 19 fevral kuni universitet mansabdor va moddiy javobgar shaxslari, xususan Axborot resurs markazi direktori (I.K.) va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi, 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi va 227-moddasi (Hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish hujjatlari tergov harakatlari olib borish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yuborildi», deyiladi Bosh prokuratura taqdim etgan ma’lumotda.

Kun.uz saytida 2021 yil 23 dekabr kuni 2019 yildagi ta’mirlash ishlaridan so‘ng O‘zbekiston Milliy universitetining nodir qo‘lyozmalar saqlanadigan muzeyi faoliyati tiklanmagani va u yerdagi qimmatbaho va o‘ta nodir hisoblangan 100dan ortiq kitoblar sotib yuborilgan bo‘lishi mumkinligi xabar berilgan edi.

2021 yil 24 dekabr kuni kutubxonadagi holatni Bosh prokuratura o‘rganishni boshladi.

Dastlab vaziyatga izoh berishdan qochib yurgan O‘zMU rektorati ishni prokuratura o‘rganishni boshlagach, surishtiruv o‘tkazib, muammoni ko‘tarib chiqqan nashr – Kun.uz qolib, televideniye va boshqa internet nashrlar vakillari chaqirildi va ularga bir necha kitoblarni olib chiqib, bular o‘sha «yo‘qolgan yoki sotib yuborilgan» deb aytilayotgan nodir kitoblar ekanini aytib, ular yo‘qolmaganiga ishontirmoqchi ham bo‘ldi.

Shuningdek, 24 dekabr kuni O‘zMU rektori Inomjon Majidov OAV vakillari bilan uchrashib kitoblar yo‘qolmagani haqida gapirgan, lekin birorta ham ishonarli dalil keltira olmagan edi.

«Bu kitoblar bor, borligi aniq. Biz bugun hattoki kitoblarni olib chiqib ham qo‘ydik, keyin o‘zimiz ham qo‘rqib ketib bir kabinetga olib kirib qo‘ydik. Kechroqqa yaqin prokuratura xodimlari ham kelgan, mutaxassislarga ham o‘qitdi. [Prokuratura xodimlari] borib uni yopib qo‘ydi.

Men aytmoqchimanki, o‘sha kitoblarni menga ham o‘sha deyishdi. Men arab tilidayam, forsiydayam o‘qiy olmayman. Lekin u aniq bor, bizga mutaxassislar «ha, bu o‘sha kitoblar», deb aytyapti», - degan edi Inomjon Majidov.

Universitet rektori Inomjon Majidovning OAV vakillari bilan uchrashuvi. 2021 yil 24 dekabr / Foto: Kun.uz

Kun.uz tomonidan e’lon qilingan maqoladagi yo‘qolgani taxmin qilinayotgan XIII asrga oid Abu Bakr Sobuniyning qo‘lyozma asari, Sharafiddin Ali Yazdiyning XV asrda yozilgan «Muqaddimai Zafarnoma» qo‘lyozma kitobi, Alisher Navoiyning tilla suvi yuritilgan «Xamsa» dostoni va boshqa o‘nlab nodir, jahon bozorida million dollar turadigan qo‘lyozmalar qayerdaligi noma’lumligicha qolmoqda.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib, jinoiy ish oqibatlaridan jamoatchilikni xabardor qilib boradi. 

Top