14:09 / 22.02.2022
48556

Nazarboyev milliardlab dollarlarni qanday o‘zlashtirgan?

Qiymati 7,8 mlrd dollarga teng bo‘lgan biznes imperiyasi va aktivlar, 100 million dollarlik «uchar penthaus», 189 million dollarlik mehmonxona. Ulkan boyliklarni o‘zlashtirishda Nazarboyev qanday mexanizmlardan foydalangan?

100 million dollarlik shaxsiy samolyot, banklar va telekanallar, milliard dollarlik naqd pullar, Qozog‘istondagi eng hashamatli mehmonxonalar, ko‘plab savdo markazlari va golf maydonchasi. Shuningdek, omborlar, makaron zavodi va hatto obodonlashtirish kompaniyasi. Eng kamida umumiy qiymati 8 milliard dollarga teng bo‘lgan ushbu biznes va aktivlar o‘rtasida hech qanday aniq bog‘liqlik yo‘qdek tuyulishi mumkin, ammo ularning barchasi Qozog‘istonning uzoq yillik rahbari Nursulton Nazarboyevga bevosita aloqador. Bu haqda OCCRP tadqiqotchi jurnalistlar uyushmasi o‘tkazgan surishtiruv ma’lumotlarida keltirib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, bu ulkan boyliklarni o‘zlashtirishda Nazarboyev to‘rtta xususiy xayriya jamg‘armasidan tarkib topgan g‘ayrioddiy mexanizmdan foydalangan. Jamg‘armalar «millat otasi»ning uzoq yillik hukmronligi davrida, go‘yoki Qozog‘iston xalqiga yordam berish uchun ochilgan. Ammo bu tashkilotlar bolalarga sovg‘alar tarqatish yoki qozoq tilini ommalashtirish chog‘ida ham o‘nlab tadbirkorlik sub’yektlaridagi ulushlarni yashirincha tarzda qo‘lga kiritgan.

Jamg‘armalar notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgani bois, Nazarboyevning o‘zi ulardagi katta mablag‘larga rasman egalik qilmaydi. Biroq OCCRP bilan bog‘langan bir qancha yuridik ekspertlarga ko‘ra, Qozog‘iston qonunchiligi xususiy jamg‘arma asoschisi tashkilotdagi barcha aktivlari ustidan yakuniy nazoratga egaligini inkor etmaydi. Jamg‘armalar tomonidan xarid qilingan aktivlar uchun qancha miqdorda pul to‘langani ham noma’lum, sababi oddiy korxonalardan farqli o‘laroq, jamg‘armalar o‘zlarining yillik hisobotlarini e’lon qilmaydi.

Milliardlab dollarlik aktivlarga ega jamg‘armalar

Nazarboyev prezidentlik davrining so‘nggi o‘n yilligida milliardlab dollarlik aktivlarga ega bo‘lgan fondlar yaratishni boshlagan.

Ulardan biri, «Foundation of the First President of the Republic of Kazakhstan – Elbasy» jamg‘armasi bo‘lib, bir necha yil avval jamoat fondi sifatida tashkil etiladi, biroq 2011 yilda u «xususiy» deb qayta tasniflandi va Nazarboyev uning asoschisi sifatida qayd etildi (Fond 2021 yilda tugatilgan).

2009 va 2010 yillarda yana ikkita xususiy jamg‘arma – «Nazarbayev Foundation» va «Nursultan Nazarbayev Foundation»ga asos solingan. 2013 va 2021 yillarda yana ikkita «Demeu» («Yordam») va «Elbasy» («Millat yetakchisi») jamg‘armalari tuziladi.

Jamg‘armalarning o‘xshash nomlari va faoliyati haqida hisobot berish usuli ularni bir-biridan farqlashni yanada qiyinlashtiradi.

Xayriyami yoki Biznes imperiyasi?

2010 yilda Qozog‘iston oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish maqsadida Nazarboyev universiteti va «Nazarboyev intellektual maktablari» deb nomlangan boshlang‘ich va o‘rta maktablar tarmog‘i tashkil etiladi.

Ikkala muassasa ham davlat tomonidan saxiylik bilan moliyalashtirilib, 2010–2021 yillar oralig‘ida taxminan 5 milliard dollar pul yo‘naltirilgan. Bu Qozog‘iston ta’lim tizimiga ajratilayotgan mablag‘larning nomutanosib taqsimlanishi edi. Sababi, bu universitet va maktablarda mamlakatdagi talabalarning juda kam sonli qismi tahsil oladi.

Nazarboyevga tegishli aksariyat jamg‘armalarning veb-sayti yo‘q, hech qanday hisobot ham e’lon qilmaydi, tashqi donorlardan yoki Nazarboyevning o‘zidan qancha pul olingani haqida malumotlar mavjud emas.

Jurnalistlar so‘roviga javoban, jamg‘armalar boshqaruv raisi Aslan Sarinjipov, 2019 yil holatiga ko‘ra, noma’lum donorlardan 1 milliard dollar jalb qilingani, shuningdek, 200 million dollar sarmoyaviy daromad olgani haqida rasmiy hujjat taqdim etgan.

Eng ko‘p shubhalarga sabab bo‘luvchi jamg‘arma – «Nazarbayev Foundation» hisoblanadi. Ushbu tashkilot 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lsa-da, korporativ ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilgacha, ya’ni Nazarboyev nafaqaga chiqqunga qadar hech qanday investitsiya faoliyatiga ega bo‘lmagan.

Dastlab, maktablar va universitetlarga yordam berish maqsadida ikkita korporativ jamg‘arma «Pioneer Capital Invest» investitsiya fondi tashkil etilib, undan Qozog‘istonning ExpoCredit nomli bankini 30 million dollarga xarid qilish uchun foydalaniladi. Biroz vaqtdan so‘ng, «Nazarbayev Foundation» «Pioneer Capital Invest»ning 75 foiz ulushini (to‘langan summa noma’lum) sotib oladi. Dastlabki ta’sischilarda esa investitsiya holdingining to‘rtdan bir qismigina qoladi.

«Nazarbayev Foundation» ixtiyoriga o‘tganidan so‘ng, «Pioneer Capital Invest» Qozog‘istonning eng yirik kreditori Tsesnabank aksiyalarini xarid qilishga faol sarmoya kirita boshlaydi. Bu bank sobiq prezident administratsiyasi rahbari Adilbek Jaqsibekov oilasiga tegishli bo‘lgan. Tashkilot yomon boshqarilgani sabab, hukumat uni qutqarishga majbur bo‘lgani asos sifatida keltirib o‘tiladi.

Shundan so‘ng, «Pioneer Capital Invest» yana bir necha banklarni, uyali aloqa operatorlarini, onlayn savdo maydonchasi, omborlarni, savdo markazlari va hatto makaron fabrikasini ham sotib oladi.

Bugungi kunga kelib, «Pioneer Capital Invest»ning aktivlari 7,8 milliard dollarga baholangan. Ular orasida AQSh g‘aznachilik veksellari, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlat obligatsiyalari hamda 3,4 milliard dollar naqd pul bor. 2020 yilda fondning umumiy foydasi 500 million dollardan oshgan.

Jurnalistlarning savollariga javoban Sarinjipov «Nazarbayev Foundation» eng yaxshi xalqaro modellar (Harvard, Stenford va Dyuk universitetlarining ta’lim fondlari) asosida yaratilgan klassik jamg‘arma fondi ekanini ma’lum qilgan. Uning qayd etishicha, Nazarboyev bu aktivlarning «egasi» emas va «hech qanday sharoitda tashkilot hisobraqamlaridan pul yechib ololmaydi».

Jurnalistlarga taqdim etilgan jamg‘arma nizomida yagona maqsad ta’lim missiyalarini moliyalashtirish ekanligi ko‘rsatilgan. Ammo jamg‘armaning ijro etuvchi organi — Oliy Vasiylik kengashi bo‘lib, uning raisi Nursulton Nazarboyevligi va u fondni, jumladan, uning nizomini ham nazorat qilishi shart qilib qo‘yilgani qayd etilgan.

Sarinjipov jurnalistlarning Nazarboyevga o‘z manfaati yo‘lida fonddan aktivlarini olib chiqishga nima to‘sqinlik qilishi mumkinligi haqidagi savollariga javob bermagan. Hozirgacha bu sodir bo‘lgani haqida hech qanday dalil yo‘q bo‘lsa-da, fond tuzilmalari tomonidan amalga oshirilgan bir nechta manyovrlar turli savollarni yuzaga keltiradi.

2020 yilda Nazarboyev tuzilmalarida Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan «Jusan Technologies» nomli yangi holding kompaniyasi paydo bo‘ldi. «Pioneer Capital Invest» o‘z banklari, omborlari, savdo markazlari va boshqa barcha aktivlarini ushbu tashkilot hisobiga o‘tkazadi.

Keyingi yili «QAZ42 Investment» nomli sirli kompaniya «Jusan Technologies» va uning milliardlab aktivlarining 3 foiz ulushini sotib oladi. Qiymati 200 million dollardan ko‘proqqa baholangan ushbu ulush uchun 20 million dollar to‘langan!

Kompaniya va uning juda daromadli bitimi ortida kim turganini aniqlashning imkoni yo‘q, chunki u ro‘yxatdan o‘tgan davlat ham ma’lum emas. Jurnalistlar bu haqda faqat Buyuk Britaniyaning korporativ hujjatlaridagi qaydlar tufayli bilib olishga muvaffaq bo‘lishadi.

«Nazarbayev Foundation» Lyuksemburgdagi shaffof bo‘lmagan, yashirin korporativ tuzilmalardan ham foydalanadi, bu esa unga Qozog‘istonning yirik uyali aloqa operatorining 24 foiz ulushini yashirin ravishda qo‘lga kiritish imkonini bergan.

Mehmonxonalar, telekanallar va obodonlashtirish kompaniyasi

Nazarboyevning qolgan uchta jamg‘armasi ham prezidentlikdan iste’foga chiqqanidan so‘ng faol «investitsiya» ishlari bilan shug‘ullangan.

2020 yil avgustida Business Insider tomonidan «uchar penthaus» sifatida tavsiflangan samolyot Indianapolisdagi jihozlash inshootidan jo‘nab ketadi. U Tsyurix va Maltada to‘xtab, keyin o‘zining yangi uyi – Nur-Sultonga qo‘nadi.

Qiymati 100 million dollardan ortiq bo‘lgan, eng so‘nggi rusumdagi Airbus ACJ320neo samolyotining sotib olinishi haqidagi voqea Nazarboyevning shaxsiy hayoti mamlakatdagi davlat arbobi sifatidagi mavqeyi bilan bog‘liqligining yaxshi namunasidir. Samolyotga Nazarboyev jamg‘armasi rasman egalik qilishi noma’lum bo‘lsa-da, undan elboshi foydalanayotganiga oid ko‘plab dalillar mavjud. Samolyot harakati ko‘pgina parvozlarni kuzatish xizmatlarida ko‘rsatilmaydi, biroq Open Sky Network notijorat tashkiloti ma’lumotlari bo‘yicha 2021 yil 30 iyun kuni elboshi Moskvaga ushbu samolyotda uchib borgan va Vladimir Putin bilan «ishchi uchrashuv» o‘tkazgan. Shuningdek, Qozog‘iston bo‘ylab ham bir necha parvozlar amalga oshirilgan. Jurnalistlar ulardan ikkitasi Nazarboyevning turizm markazi va arxeologik obidaga qilgan tashrifi bilan mos tushganini aniqlashgan.

Nazarboyev jamg‘armalarining boshqa xaridlari ham hashamat bobida samolyot sotib olinishidan qolishmaydi. Ularni qo‘lga kiritish uchun sarflangan mablag‘lar katta qismining ham manbasi noma’lum. Ammo ko‘p hollarda Nazarboyev fondlari tomonidan sotib olingan kompaniyalar dastlab Qozog‘iston hukumatidan katta miqdorda mablag‘ olgan, ya’ni davlat mablag‘lari xususiy jamg‘armalarga o‘tib ketgan.

Ular orasida 2017 yil sentyabrda ochilgan, Marriott International kompaniyasiga tegishli hashamatli brend ostida faoliyat yurituvchi, o‘zini «poytaxtdagi eng nufuzli manzil» sifatida e’tirof etadigan Nur-Sulton markazidagi The St. Regis Astana mehmonxonasi ham bor.

The St. Regis Qozog‘istonning «Turion Investment Group» kompaniyasiga tegishli hisoblanadi. Bozor qiymati 189 million dollarlik mehmonxonani qurish uchun Qozog‘iston taraqqiyot bankidan 85 million dollar kredit olingan. Aslida bu bank iqtisodiyotning noresurs tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lsa-da, hukmron elitaning buyrug‘i bilan boshqa tarmoqlarga ham qayta-qayta kreditlar ajratgan. 2022 yil 11 yanvardagi bayonotida prezident To‘qayev ham bu muammoni tan olib, moliya instituti «moliya-sanoat va qurilish guruhlari vakillaridan iborat tanlangan shaxslar doirasi uchun shaxsiy bankka aylangani»ni ta’kidlagan. 

«Turion Investment Group»ning asosiy aksiyadori Qozog‘istondagi eng badavlat tadbirkorlardan biri, elboshining kuyovi Timur Kuliboyev edi. Mehmonxona ochilganidan bir yil o‘tmay, Kuliboyevning ulushi (hajmi noma’lum) Nazarboyevning «Demeu» fondiga o‘tkaziladi. Ammo yana noma’lum sabablarga ko‘ra 2021 yil dekabr oyida kompaniya aksiyalari Kuliboyev va uning rafiqasi, Nazarboyevning qizi Dinaraga qaytariladi.

Nazarboyev fondiga qarashli bo‘lgan Turkiyadagi besh yulduzli mehmonxona qurilishida ham davlat tomonidan katta miqdorda mablag‘ ajratilgan. 2004 yilda Turkiya hukumati tomonidan Qozog‘istonda turizmni rivojlantirish uchun ajratilgan hududda Rixos Beldibi mehmonxonasi ochiladi. Uning qurilishida Nazarboyevning universitet fondiga xayriya qilgan xususiy tadbirkor ishtirok etadi. 2010 yilda mehmonxonadagi 55 foizlik asosiy ulush Qozog‘iston hukumatiga tegishli bo‘lgan bo‘lsa, 2013 yilga kelib, aksiyalarning atigi 30 foizi davlatda qoldi va 69 foiz nazorat paketi birinchi prezident jamg‘armasiga o‘tkazildi.

Sobiq prezident fondining boshqa yirik aktivlari qatoriga yana bir mehmonxona, golf klubi, balet teatri va bir qancha ommaviy axborot vositalari ham kiradi. Ulardan biri – «Karvon» nomli internet nashri bo‘lib, fondlarning xayriya ishlarini tez-tez yoritib boradi.

Bundan tashqari, jurnalistlar Nazarboyevning ikkita jamg‘armasiga tegishli bo‘lgan obodonlashtirish kompaniyasi 2012-2018-yillardagi tenderlarda 6,5 ​​million dollar yutib olganini aniqlashgan.

Bu hali hammasi emas…

 

Ichneumon / Wikimedia Commons

Ma’lumot uchun, Nazarboyevaning uch nafar qizi bor – Darig‘a, Dinara va Aliya.

To‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyeva ko‘pchilik tomonidan «qozoq malikasi» sifatida ham e’tirof etib kelingan. 2019 yilda elboshi hokimiyatdan ketishga qaror qilganidan so‘ng, uning o‘rniga aynan Darig‘a prezidentlikka kelishi haqida mish-mishlar urchib ketgandi. Amalda hokimiyat Qosim-Jo‘mart To‘qayevga o‘tgan bo‘lsa-da, «qozoq malikasi» mamlakat parlamenti oliy palatasi – Senatning raisi etib saylanadi. Biroq 2020 yilning 2 may kuni To‘qayev Darig‘a Nazarboyevaning vakolatlarini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzolaydi va u mamlakatning ikkinchi raqamli insoni maqomidan mahrum qilinadi.

The Times nashri ma’lumotiga ko‘ra, Sherlok Holmsning Londonda joylashgan  uyi, shuningdek, Beyker-stritdagi 215- va 237-uylar orasidagi bino va yerlar aynan Darig‘a Nazarboyevaga tegishli. Ko‘chmas mulklarning umumiy qiymati 140 million funt sterlingga baholangan.

2015 yilda Beyker-stritdagi mulklarining 90 foizi Darig‘a Nazarboyevaga, 10 foizi esa uning o‘g‘li Nurali Aliyevga tegishli bo‘lgan. Ammo ularning rasmiy egasi sifatida Farmont Baker Street Limited firmasi ko‘rsatilgan. Firmani keyinchalik BAA kompaniyasi sotib olgan.

Nazarboyevning o‘rtancha qizi – Dinara Nazarboyeva esa Qozog‘istonning eng boy ayoli ekani aytiladi.

Deutsche Welle nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Dinara va uning eri Timur Kuliboyev umumiy qiymati 100 mln yevrodan ortiqroqqa baholangan Germaniyadagi to‘rtta hashamatli obektga egalik qilishadi.

Baden-Baden kurortida joylashgan Zeyelax qo‘rg‘oni ularga tegishli hisoblanadi. Bu yer 19-asrda rus diplomati Mixail Xreptovichning qarorgohi bo‘lgan. Shuningdek, ikkita tarixiy yodgorlik: arxitektor Gustav Shtroning villasi va Byulerxeye qal’a-mehmonxonasi ham Kulibayevlar oilasiga tegishli.

Qayd etilishicha, saroy hududida landshaft parki, fontanlar, ming kvadrat metrli spa-zona mavjud. 

Navbat elboshining kenja qizi – Aliya Nazarboyevaga.

The Telegraph nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Aliya Qozog‘istondan 300 mln dollardan ortiq pulni olib chiqib ketgan. Yuridik hujjatlarga tayanib yozilishicha, elboshining qizi quyidagilarni sotib olgan:

  • Shveytsariyaning CBH banki 51 foiz aksiyalari (108 mln dollar);
  • Challenger Bombardier rusumli shaxsiy samolyot (25 mln dollar);
  • Dubayda villa (14 mln dollar);
  • Londonda dala hovli (11,8 mln dollar).

Nazarboyev «klani»ning qulashi

Dastlab, 2016 yil 8 sentyabrdan Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Karim Masimov davlatga xiyonat ayblovi bilan qo‘lga olindi. Shundan so‘ng, uning o‘rinbosarlari –  Marat Osipov, Daulet Yergojin va Anuar Sadikulov ham lavozimidan ozod etildi.

Keyinroq, yuqori lavozimlarda ishlab kelayotgan Qozog‘iston birinchi prezidentining uch kuyovi ham ishdan olindi. «QazaqGaz» Milliy kompaniyasi» AJ boshqaruvi raisi, Darig‘a Nazarboyevaning ikkinchi eri Qayrat Sharipboyev, «KazTransOyl» AJ boshqaruvi raisi, sobiq prezidentning kenja qizi Aliyaning eri Dimash Do‘sanov va «Atameken» milliy tadbirkorlar palatasi rahbari, elboshining o‘rtancha kuyovi – Timur Kuliboyev o‘z postlarini topshirishdi.

Qozog‘iston ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Ahmadjon Primqulov va ta’sischisi Aliya Nazarboyeva bo‘lgan «Operator ROP» boshqaruvi raisi Medet Qumargaliyev ham hibsga olindi.

Elboshining Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi va Xalq assambleyasiga umrbod raislik qilishi haqidagi normalar bekor qilindi. «Nur Otan» partiyasi yetakchiligidan ketdi. Nazarboyev bilan tashqi va ichki siyosat asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yangi tashabbuslarni muvofiqlashtirish zarurati bekor qilindi.

Shu bilan bir qatorda, birinchi prezident respublika parlamenti va uning palatalari oldida, hukumat majlislarida mamlakat uchun muhim masalalarni muhokama qilishda so‘zga chiqish, shuningdek, respublika Konstitutsiyaviy kengashi a’zosi bo‘lish huquqini saqlab qolgan. 

Top