07:33 / 26.02.2022
9109

2021 yilda oliy va professional ta’lim muassasalarida 16,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato aniqlandi 

2021 yilda oliy va professional ta’lim muassasalarida 16,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan 46 nafar xodim lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Salohiddin Toshmatov ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

2021 yilda tizimdagi 479 ta ta’lim muassasasida, jumladan 56 ta oliy ta’lim muassasasi hamda 423 ta kasb-hunar va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida moliyaviy faoliyatga doir monitoring va profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.

O‘tkazilgan profilaktika tadbirlari natijasida, 49 ta oliy ta’lim muassasasida 9,4 mlrd so‘mlik hamda 253 ta professional ta’lim muassasasida 7,0 mlrd so‘mlik, jami 302 ta ta’lim muassasasida 16,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. 

Bundan, 3,3 mlrd so‘m vazirlikning ichki audit boshqarmasi tomonidan, 7 mlrd so‘m hududiy ichki audit xizmatlari hamda 6,1 mlrd so‘m oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan bosh auditorlar tomonidan o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari natijasida qayd etilgan. 

2 ta oliy ta’lim hamda 10 ta kasbiy ta’lim muassasasida o‘tkazilgan profilaktika tadbirlarida aniqlangan 2,7 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarda jinoyat alomatlari mavjudligi sababli, o‘rganish materiallari rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza etuvchi organlarga yuborilgan.

Xato va kamchiliklarga, moliyaviy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan rahbar va mas’ul xodimlarning 161 nafariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan, 46 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Mavzuga oid
Top