22:08 / 01.03.2022
25555

Jonson NATO Ukrainani qay tarzda qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi

Estoniyada Britaniya harbiylari sonining ko‘paytirilishi haqida gapirarkan, Jonson bu Londonning Moskva bilan ochiq to‘qnashuvga tayyorligini bildirmasligini ta’kidladi.

Foto: EPA-EFE/Leszek Szymanski

NATOning hech bir a’zosi Rossiya bilan to‘qnashuv ehtimolini ko‘rib chiqmayapti. Bu haqda Britaniya hukumati rahbari Boris Jonson NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg va Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

"NATOning har qanday a’zosi uchun Rossiya bilan harbiy to‘qnashuvda ishtirok etish hech bir a’zo davlat tomonidan ko‘rib chiqilmayotgan ulkan qadam hisoblanadi. Bunday narsaga rozilik olish uchun parlament yoki mamlakat xalqining roziligini olishga to‘g‘ri kelgan bo‘lardi. Bu ko‘rib chiqilmayapti, shu bilan birga Ukrainani gumanitar va logistik qo‘llab-quvvatlash, mudofaa qurollarini yetkazib berish ko‘rib chiqilmoqda", - dedi Jonson.

Uning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya Ukrainaga ko‘ngillilarni jo‘natishni qo‘llab-quvvatlayotgani yoki rag‘batlantirayotgani to‘g‘risida gapirish noto‘g‘ri.

"Birlashgan Qirollik bunday ish bilan shug‘ullanmayapti", - dedi u.

Estoniyada Britaniya harbiylari sonining ko‘paytirilishi haqida gapirarkan, Jonson bu Londonning Moskva bilan ochiq to‘qnashuvga tayyorligini bildirmasligini ta’kidladi.

"Gap faqat mudofaa tusidagi choralar to‘g‘risida bormoqda. Bu aniq-tiniq yangrashini istayman: biz Ukrainadagi Rossiya kuchlari bilan jang qilish niyatida emasmiz va bizning mamlakatlarimiz jo‘natayotgan kuchlar qat’iyan NATOga a’zo davlatlar chegarasida joylashtiriladi. Bu biz qilishimiz mumkin bo‘lgan eng to‘g‘ri ish", - dedi u.

Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashidan chiqarish ehtimoli to‘g‘risidagi savolga javob berarkan, Jonson buning uchun Rossiyaning o‘zining roziligi kerak bo‘lishini aytdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top