13:10 / 03.03.2022
18398

BMW’dan Apple’gacha: Bir qator gigant kompaniyalar Rossiya bozorini tark etayotganini e’lon qildi

Amerika va Yevropaning bir qator kompaniyalari o‘z mahsulotlarini Rossiyada sotishni to‘xtatdi.

Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududiga bostirib kirishi boshlanganidan keyin ko‘plab G‘arb kompaniyalari ruslar bilan ishlashni to‘xtata boshladi. Ba’zi kompaniyalar buni sanksiyalar yoki biznes yuritishdagi qiyinchiliklar tufayli amalga oshirgan bo‘lsa, boshqalari ochiqchasiga urishayotgan mamlakat bilan ishlashga tayyor emasliklarini bildirishdi. BBC so‘nggi bir necha kun ichida Rossiya bozorini tark etgan yirik kompaniyalar ro‘yxatini tuzdi.

Aviatsiya

G‘arb mamlakatlaridagi aviatsiya gigantlari Boeing va Airbus Yevropa Ittifoqining 26 fevral kuni Rossiya aviatsiya sanoatiga qarshi joriy etgan sanksiyalari doirasida Rossiya aviakompaniyalariga texnik yordam ko‘rsatish to‘xtatilganini e’lon qildi.

Boeing Rossiyadagi asosiy havo qatnovlarini to‘xtatdi va Kiyevdagi vakolatxonasi vaqtincha yopilishini e’lon qildi.

«Shuningdek, biz Rossiya aviakompaniyalariga qarashli havo kemalariga butlovchi qismlar yetkazib berish, texnik yordam va texnik xizmat ko‘rsatishni ham to‘xtatdik», — deyiladi kompaniya bayonotida.

Ko‘p o‘tmay, Airbus ham Rossiyaga ehtiyot qismlari jo‘natilishi va rus aviakompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash xizmati to‘xtatilganini e’lon qildi.

Jahon tijorat aviatsiyasining eng yirik lizing kompaniyalaridan biri bo‘lgan AerCap ham Rossiya aviakompaniyalari bilan hamkorlik qilishdan voz kechdi. Uning mijozlari orasida S7 aviakompaniyalari, Aeroflot va Ural havo yo‘llari bor edi.

Elektronika

Apple korporatsiyasi Rossiya hududi bo‘ylab cheklovlar joriy qilayotganini e’lon qildi.

«Biz Rossiyada o‘z mahsulotlarimizni sotishni to‘xtatdik. O‘tgan haftadan mamlakatdagi distribyutorlarimizga barcha eksport to‘xtatildi. Apple Pay va boshqa xizmatlardan foydalanish cheklangan. Rossiya hududidan tashqarida App Store’dan RT News va Sputnik News ilovalarini yuklab olish mumkin bo‘lmaydi», deyiladi kompaniya xabarida.

Chorshanba kuni Apple’ning Rossiyadagi re:Store riteyleri Moskvadagi do‘konlarini yopgan. Keyinroq distribyutorning rasmiy vakili Podem nashriga savdo nuqtalarini yopish qarori vaqtinchalik ekani va «bozordagi mavjud vaziyatni baholash zarurati bilan bog‘liqligini» aytgan. Shuningdek, rus tilidagi mobil bank ilovalari ham Apple iOS operatsion tizimiga ega qurilmalarda ishlamay qolishi mumkin.

Finlandiyada Nokia kompaniyasi ham sanksiyalar sabab Rossiyaga uskunalar yetkazib berishni to‘xtatishga qaror qildi. Ta’kidlanishicha, kompaniya «MTS», «Tele2», «VimpelKom» va «MegaFon» uchun uskunalar yetkazib bergan.

Xuddi shunday qaror Siemens tomonidan ham qabul qilindi. Kompaniya Rossiyada reja qilingan barcha yangi loyihalarini noma’lum muddatga to‘xtatgan.

Kiyim-kechak

Amerikaning eng yirik sport tovarlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan Nike Rossiya bozoriga o‘z mahsulotlarini yetkazib berishni cheklab qo‘ydi. Seshanba kuni e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, bu yetkazib berish muammolari bilan bog‘liq. «Nike hozirda Rossiyadagi mijozlariga tovarlarni yetkazib berishga kafolat bera olmaydi», — deyilgan rasmiy munosabatda.

Buyuk Britaniyaning ASOS onlayn-do‘koni (kiyim-kechak, poyabzal, aksessuarlar va kosmetika mahsulotlari bilan savdo qiladi) ham Rossiyaga o‘z tovarlarini yetkazib bermayapti.

Kompaniyaning rus tilidagi veb-saytida shunday e’lon joylashtirilgan: «Hozirda Rossiyaga mahsulotlarni yetkazib berish imkoniyati mavjud emas».

Avtomobillar

Rossiya bozoridan chiqib ketish qarori bir qancha yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi gigant kompaniyalar tomonidan ham e’lon qilindi.

Ford Rossiyadagi barcha ishlarini to‘xtatdi, shu jumladan Sollers Auto guruhi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan qo‘shma korxona ishi ham qisqartiriladi.

«Ford Ukrainaga bostirib kirilishi va buning natijasida tinchlik va barqarorlikka tahdid solinayotganidan qattiq xavotirda. Vaziyat bizni Rossiyadagi faoliyatimizni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi», — deyiladi kompaniya bayonotida.

BMW Kaliningraddagi zavodida avtomobillarni yig‘ish va ularni Rossiya bozoriga yetkazib berish to‘xtatilganini e’lon qildi. Shu bilan birga, kompaniya o‘z mijozlari avtomobillariga xizmat ko‘rsatishni davom ettiradi.

Boshqa bir qator yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar: Daimler, Volvo, Jaguar va Land Rover ham Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi.

Neft kompaniyalari

G‘arbning neft gigantlari ham Rossiyani tark etmoqda. Chorshanba kuni Amerikaning ExxonMobil kompaniyasi «Saxalin-1» neft-gaz loyihasidan chiqishini e’lon qildi.

«ExxonMobil Ukraina xalqining o‘z erkinligini himoya qilish va millat sifatida kelajagini belgilashga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Rossiyaning Ukraina hududiy yaxlitligini buzuvchi va uning xalqiga xavf soladigan harbiy harakatlarini qoralaymiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.

Kompaniya Rossiyaning Uzoq Sharqdagi Saxalin orolida uchta yirik dengiz neft va gaz konini boshqarib kelayotgan edi.

Bundan avval, yana bir neft giganti Shell «Gazprom» bilan tuzilgan barcha qo‘shma korxonalardan, jumladan «Saxalin-2» loyihasidan ham chiqishini ma’lum qilgan.

27 fevral kuni Britaniyaning BP kompaniyasi «Rosneft»dagi o‘z ulushini sotib, aksiyadorlar tarkibidan chiqmoqchi ekanini bildirgandi.

Avstriyaning OMV neft-gaz kompaniyasi «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri loyihasidagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan. Loyiha operatori va «Gazprom»ning shu’ba korxonasi «Nord Stream 2 AG» esa bankrotlik to‘g‘risida ariza bergan.

Kino

Ukraina bilan urush tufayli Rossiya kinoteatrlari Hollivud filmlarisiz qoladi: eng yirik kinostudiyalar Rossiya kinoteatrlaridagi yangi filmlar premeralarini bekor qilishdi.

Warner Bros birinchi bo‘lib o‘zining relizlari bekor qilingani haqida e’lon qildi: «Betmen» blokbasterining rejalashtirilgan premerasi to‘xtatildi.

Keyinroq Paramount, Sony va Walt Disney kompaniyalari ham o‘zlarining relizlarini muzlatish haqida e’lon qilishdi.

Netflix ruscha original loyihalar ustida ishlashni to‘xtatgan. Kann kinofestivali tashkilotchilari 2022 yilda Rossiya rasmiy delegatsiyasini qabul qilishdan bosh tortmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top