14:09 / 03.03.2022
13017

Surxondaryoda fuqaroning videolarini internetda tarqatish bilan qo‘rqitib, 1000 dollar talab qilgan shaxs ushlandi

IIB xodimlari o‘tkazgan tadbirda u jabrlanuvchidan o‘zi talab qilgan puldan 500 dollarini olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: Tergov departamenti

Viloyat IIV tergov departamentining xabar berishicha, Sho‘rchi tumani Kakan mahallasida yashovchi 40 yoshli X.A. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida 2022 yil 27 fevral kuni Sho‘rchi tumanida yashovchi, 33 yoshli X.M. unga tegishli sir saqlanishi lozim bo‘lgan videotasvir borligini aytib, ularni internetda tarqatib yubormaslik evaziga X.A.dan 1 000 dollar talab qilib kelganini ma’lum qilib, X.M.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur ariza yuzasidan 2022 yil 27 fevral kuni soat 22:00 larda IIB xodimlari tomonidan Sho‘rchi tumani Bobur mahallasida o‘tkazilgan tezkor-tadbir davomida, X.M. arizachidan sir saqlanishi lozim bo‘lgan videotasvirni internetda tarqatmaslik evaziga talab qilib kelayotgan 1000 dollardan 500 dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Sho‘rchi tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan X.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top